Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KENG KOʻLAMLI “TOZA SUV SANITARIYA VA AHOLI SALOMATLIGI” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Orolboʻy aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlashni yaxshilash dasturini roʻyobga chiqarish, aholi turmush darajasini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot banki (XTTB) oʻrtasida 1997-yil 29-avgustdagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida 1997-yil 27-iyundagi qarz bitimlarini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
XTTB tomonidan 20 yilga, shu jumladan besh yil imtiyozli muddatga 75 mln AQSH dollari miqdorida kredit berilganligi, kreditning keng koʻlamli “Toza suv sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini amalga oshirishga yoʻnaltirilishi;
Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 20 yilga, shu jumladan besh yil imtiyozli muddatga 6 mln Quvayt dinori miqdorida kredit berilganligi, kreditning Orolboʻyi aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash keng koʻlamli loyihasi doirasida Nukus va Urganch shaharlari suv taʼminotini yaxshilash komponentlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
XTTB bilan Qarz bitimi doirasidagi keng koʻlamli “Toza suv sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini mablagʻ bilan taʼminlash sxemasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi bilan Qarz bitimi doirasidagi Nukus va Urganch shaharlari suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli loyiha komponentlarini mablagʻ bilan taʼminlash sxemasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Moliya vazirligi respublika budjetini shakllantirishda, suv bilan taʼminlash, foydalanish tashkilotlarining ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlarini hisobga olgan holda olingan kreditlarni, ular boʻyicha foizlar va vositachilik haqini 3 va 4-ilovalarga* muvofiq toʻlashga budjet mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda qarz mablagʻlarini berish, ulardan foydalanish va ularni qaytarish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 74-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 3-4-son, 13-modda)
qarz bitimlarida kelishib olingan muddatlarda mahalliy suv taʼminoti tashkilotlarining faoliyati mustaqil auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishini;
suv taʼminoti tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi zarur hisobot maʼlumotlarining, keyinchalik ularni XTTBga va Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasiga yuborish uchun Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga, belgilangan shakl boʻyicha oʻz vaqtida taqdim etilishini;
suv taʼminoti sohasida tegishli tarif siyosati amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan XTTB (“Toza suv sanitariya va aholi salomatligi”) oʻrtasidagi qarz bitimiga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasidagi Nukus va Urganch shaharlari suv taʼminotini takomillashtirish boʻyicha Qarz bitimiga muvofiq XTTB hamda Quvaytning arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi qarz mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida bajariladigan va koʻrsatiladigan hamda haq toʻlanadigan ishlar va xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan soliqlar va yigʻimlar toʻlovidan ozod etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I. X. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-oktabr,
444-son