O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1998 - 2000-YILLAR DAVRIDA NAMANGAN VILOYATIDA BOZOR ISLOHOTLARINI ChUQURLAShTIRISh VA VILOYATNI IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRIShNI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor islohotlarini amalga oshirish va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish asosida Namangan viloyatining tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, aholini ish bilan oqilona ta’minlash va moddiy farovonligini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1998 — 2000-yillar davrida Namangan viloyatida bozor islohotlarini chuqurlashtirish va viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
1-ilova berilmaydi.
Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar, kompaniyalar, banklar va Namangan viloyati hokimligi bir oy muddatda ko‘rsatib o‘tilgan Dastur amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqsinlar.
2. Namangan viloyati, tumanlar va shaharlar hokimliklari Dastur qoidalari belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar, bunda quyidagi vazifalar hal etilishiga alohida e’tiborni qaratsinlar:
mulkiy paylar va oila (jamoa) pudratini joriy etish asosida jamoa xo‘jaliklarini qishloq xo‘jaligi shirkat xo‘jaliklariga aylantirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi mehnatida band bo‘lgan ortiqcha mehnat resurslarini bo‘shatish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini keng rivojlantirish;
qishloq xo‘jaligi korxonalarining moliyaviy ahvolini mustahkamlash, iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlovchi istiqbolsiz xo‘jaliklarni tugatish;
mehnatga yaroqli aholini, eng avvalo yoshlarni va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tarkibiy qayta tuzish natijasida bo‘shab qoladigan xodimlarni ish bilan to‘liq ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
kichik va o‘rta biznesni, xususiy tadbirkorlikni, eng avvalo ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida yanada rivojlantirish;
ijtimoiy infratuzilmani, birinchi navbatda qishloq joylarda, jadal rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ta’lim, madaniy-tarbiyaviy va sport-ommaviy ishlar tashkil etilishini yaxshilash hisobiga aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Namangan viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi bilan birgalikda shu yil 1-noyabrgacha viloyatning past rentabelli va zarar ko‘rib ishlovchi qishloq xo‘jaligi korxonalarining moliyaviy ahvolini o‘rganib chiqsinlar hamda ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish yoki tugatish yuzasidan aniq takliflar kiritsinlar;
Fermer va dehqon xo‘jaliklari uyushmasi bilan birgalikda tugatilayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalari negizida, shuningdek yangidan o‘zlashtirilayotgan va qo‘shimcha ajratilayotgan yerlar hisobiga yangi fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini va jadvalini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar;
“O‘zgeodezkadastr” bosh boshqarmasi bilan birgalikda 1998-yil oxirigacha qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish yakunlarini va yangi yerlar o‘zlashtirilishini hisobga olgan holda yangidan tashkil etilayotgan dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun ajratilayotgan yer resurslarini xatlovdan o‘tkazsinlar, ushbu xo‘jaliklarning geodeziya koordinatlarini belgilasinlar.
4. Namangan viloyatining Pop tumanida yangi yerlar o‘zlashtirilishini va ularni sug‘orishni ta’minlash maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi hamda Energetika va elektrlashtirish vazirligi bilan birgalikda, barcha ishlarni 2005-yilda tugallashni nazarda tutgan holda, kanal, nasos stansiyalari, tashqi elektr ta’minoti obyektlari qurilishini bosqichma-bosqich olib borish hamda ushbu tumanda yangi yerlar o‘zlashtirish uchun mablag‘larni maqsadli ajratish to‘g‘risida ikki oy muddatda takliflar kiritsinlar, ular keyinchalik investitsiya dasturiga kiritilsin;
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Pop tumanida yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihaning amalga oshirilishiga xorijiy investorlarni, chet el kreditlarini va loyihani mablag‘ bilan ta’minlashning boshqa qo‘shimcha manbalarini jalb qilish masalalarini ishlab chiqsinlar;
Energetika va elektrlashtirish vazirligi pudratchi sifatida nasos stansiyalari uchun elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar o‘z vaqtida qurilishini ta’minlasin;
Namangan viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda Pop tumanidagi yangidan o‘zlashtirilayotgan yerlarda asosan hokimlik, aholi mablag‘lari va kreditlar hisobiga uy-joy, ijtimoiy, madaniy va maishiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlar, kommunikatsiyalar qurilishining maxsus dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda 1999-yildan boshlab Namangan shahri tozalash inshootlari qurilishiga markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari maqsadli ajratilishini nazarda tutsin, ular 2000-yilda ishga tushirilishi ta’minlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, “Biznes-fond” hamda Fermer va dehqon xo‘jaliklari uyushmasi:
Namangan viloyatida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 2-ilovaga* muvofiq kredit resurslari, shu jumladan, mikrokreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasinlar;
2-ilova berilmaydi.
tugatilayotgan va qayta ixtisoslashtirilayotgan ishlab chiqarishlardan, qishloq xo‘jaligi korxonalaridan bo‘shatilayotgan xodimlarni qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirish chora-tadbirlarini doimiy ravishda amalga oshirsinlar.
7. “O‘zavtoyo‘l” konserni, “O‘zavtosanoat” uyushmasi va Namangan viloyati hokimligi Toshkent — O‘sh avtoyo‘lining Namangan viloyati hududidagi qismida infratuzilmaga doir obodonlashtirish bo‘yicha mo‘ljallangan chora-tadbirlari Dasturi o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. H. Jo‘rabekov va Namangan viloyati hokimi T. A. Jabborov zimmasiga yuklansin.
Namangan viloyati hokimligi har bir yilning yarim yilligi yakunlari bo‘yicha Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 29-iyul,
319-son