O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOLIMARJON GRESINING 1-ENERGIYA BLOKINI IShGA TUShIRIShNI JADALLAShTIRISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada to‘liq foydalanish va yangi korxonalar qurilishi hisobiga mahsulot ishlab chiqarish hajmlari uzluksiz o‘sib borayotgan sharoitlarda respublikaning rivojlanayotgan xalq xo‘jaligini elektr energiyasi bilan ta’minlashning ishonchliligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligining 800 ming kVt quvvatga ega bo‘lgan Tolimarjon GRESining 1-energiya blokida qurilish-montaj ishlarini 1998-yilda tugallash va ishga tushirish-sozlash ishlarini 1999-yilning II choragida bajarish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi 1-energiya blokini montaj qilish va ishga tushirish-sozlash ishlarining tugallanishini ta’minlovchi ishga tushiriladigan kompleksning 1-ilovaga* muvofiq qurilayotgan obyektlarini asbob-uskunalar, qurilish konstruksiyalari va materiallari bilan butlash tadbirlarini va yiriklashtirilgan jadvallarini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
1-ilova berilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligining vakolatli tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan kontraktlar va shartnomalarning belgilangan tartibda tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishini va ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligiga uning montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari, murakkab texnologiya asbob-uskunalarini taftish qilish va modernizatsiyalash, Tolimarjon GRES 1-energiya blokini ishga tushirish va foydalanish rejimini ishlab chiqishda qatnashish, mahalliy xodimlarni o‘qitish va tayyorlash uchun quvvati 800 ming kVt bo‘lgan bloklarda ishlash tajribasiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni yuqori malakali xodimlari bilan birgalikda MDH mamlakatlaridan kontraktlar bo‘yicha tender asosida jalb qilishga, shuningdek stansiya xodimlarini stajirovkadan o‘tkazish va o‘qitish uchun MDH mamlakatlarining xuddi shunday stansiyalariga yuborishiga ruxsat etilsin.
5. Tolimarjon GRESining 1-energiya bloki qurilishi ishlarini muvofiqlashtirish uchun 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika shtabi tashkil etilsin. Respublika shtabi Tolimarjon GRESida ishlarni bajarish uchun respublika korxonalari va tashkilotlarini, ular qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar jalb etsin.
2-ilova berilmaydi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. X. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 9-iyul,
291-son