Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi oʻrtasida
Bitim
ATROF-MUHIT MUHOFAZASI SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlatning suvereniteti va mustaqilligini hurmat qilgan holda,
atrof-muhit muhofazasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga muhim eʼtibor qaratgan holda,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, oʻz davlatlarining xalqaro majburiyatlari va milliy qonunchiligiga asoslangan holda,
1997-yil 18-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida har tomonlama hamkorlik va birodarlik munosabatlarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya qoidalariga asoslangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar atrof-muhit muhofazasi sohasida oʻzaro tenglik, oʻzarolik va oʻzaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qiladilar.
2-modda
Ifloslanishni oldini olish, atrof-muhit monitoringi va uni muhofazasi sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash Tomonlar oʻrtasida ishlab chiqilgan ixtisoslashtirilgan dastur va rejalarni amalga oshirish orqali taʼminlanadi.
3-modda
Tomonlar oʻrtasidagi atrof-muhit boʻyicha hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
a) muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish;
b) biologik xilma-xillikni muhofaza qilish;
v) atrof-muhitga taʼsirni baholash;
g) chiqindilarni (shu jumladan xavfli chiqindilarni) boshqarish;
d) atrof-muhit monitoringi;
e) tuproq muhofazasi;
yo) yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish;
j) energiyaning muqobil manbalaridan foydalanish;
z) normativ-huquqiy va normativ-texnikaviy hujjatlarni ishlab chiqish;
i) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishda davlat boshqaruvini takomillashtirish;
y) Tomonlarning oʻzaro manfaatlari obyekti boʻlmish boshqa yoʻnalishlar.
4-modda
Ushbu Bitimning 3-moddasida qayd etib oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik quyidagi tarzda olib boriladi:
— oʻzaro ilmiy-texnik tadqiqotlar/dasturlar;
— hamkorlik boʻyicha loyihalarni tayyorlash;
— atrof-muhit muhofazasini takomillashtirish borasidagi davlat siri boʻlmagan ilmiy-texnikaviy, huquqiy maʼlumotlar va hujjatlar almashinuvi;
— atrof-muhit muhofazasi sohasidagi eng yaxshi texnologiyalar bilan almashinish;
— mutaxassislar almashinuvi;
— ekologik oʻquv dasturlari, konferensiya va simpoziumlarni tashkillashtirish;
— Tomonlar zarur deb topgan hamkorlikning har qanday boshqa shakllari.
5-modda
Ushbu Bitimni talqin qilishda va/yoki uni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklar oʻzaro maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
6-modda
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan, alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan va mazkur Bitimning 8-moddasida koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisidagi diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnomani olgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan hech biri mazkur Bitimning amal qilish muddatining tugashidan kamida olti oy avval boshqa Tomonni Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, Bitimning amal qilish muddati keyingi 5 (besh) yillik muddatga uzaytiriladi.
Ushbu Bitimning amal qilish muddatining tugashi mazkur Bitimga muvofiq uning amal qilishi davrida boshlangan ishlarning davom ettirilishiga va tugatilishiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Boku shahrida 2008-yil 11-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)