Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ularning xalqlarining farovonligini oshirish maqsadida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash istagiga amal qilib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida 1996-yil 27-mayda Boku shahrida imzolangan doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1996-yil 27-mayda Boku shahrida imzolangan erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2001-yil 18-aprelda Toshkent shahrida imzolangan 2001 — 2010-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2004-yil 23-martda Boku shahrida imzolangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga amal qilib,
xalqaro huquqning normalari, teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga muvofiq hamda har bir davlatning amaldagi qonunchiligi doirasida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki mamlakat manfaatlarini koʻzlab savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga, mustahkamlashga va kengaytirishga intiladilar.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik Tomonlarning strategik manfaatlariga javob beradigan uzoq muddatli sheriklik, tenglik, oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanadi va davlatlarning har birida amal qilayotgan qonunlarga rioya etgan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida mulk shakli va qarashlilikdan qatʼi nazar, toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Shartnomalarni bajarish uchun ularni tuzgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar javobgardirlar. Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning shartnomalari boʻyicha majburiyatlari uchun javobgar boʻlmaydilar, agar ular bu majburiyatlarga kafolat berishgan boʻlmasa.
Tomonlar boshqa Tomonning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlardan oʻzlarini tiyadilar.
2-modda
Tomonlar oʻzaro savdoda Tomonlar oʻrtasida amal qilayotgan erkin savdo toʻgʻrisidagi ikki va koʻp tomonlama bitimlar asosida tovarlar bilan erkin savdo qilish hech qanday musodarasiz va cheklamasdan toʻla ravishda amalga oshirishni taʼminlaydilar.
3-modda
Tomonlar tovarlar erkin savdosi rejimi vazifalarining quyidagi maqsadlarini eʼlon qiladilar:
bir Tomonning hududida ishlab chiqariladigan va ikkinchi Tomonning bojxona hududiga olib chiqiladigan (olib kiriladigan) hamda Tomonlarning bojxona hududida erkin muomala uchun moʻljallangan tovarlarga nisbatan tarif va miqdoriy cheklanmalarni qoʻllamaslik;
umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar va qoidalarga yoki milliy qonunchilikka asosan, bir Tomonning ikkinchi Tomon tovarlarining olib kirilishiga nisbatan vaqtincha himoya choralarini qoʻllashiga hech qanday toʻsqinlik qilmaslik;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati yoki umumdavlat va hududiy organlarning aralashuvi oqibatida kelib chiquvchi raqobat cheklovlarini Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarining oʻzaro savdosiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan darajada bartaraf etish.
4-modda
Tomonlar oʻz hududlarida tovarlarning erkin savdosi rejimini normal ishlashini qiyinlashtiradigan mahalliy yoki mintaqaviy xususiyatdagi maʼmuriy, fiskal toʻsiqlarni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻradilar.
Ushbu Bitimning mazkur moddasi maqsadlari uchun Tomonlar tarafidan kirish, kelish, ishlash, firmalar, kompaniyalar tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning xizmat koʻrsatishlariga daxldor masalalarda milliy qonunchilikni qoʻllashda hech narsa toʻsqinlik qilmaydi. Shu bilan birga ular rejimni ushbu Bitim tufayli har qanday Tomonga beriladigan afzalliklarni bekor qilmaydigan yoki cheklab qoʻymaydigan yoʻl bilan qoʻllaydilar.
5-modda
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikda erishilgan darajani inobatga olgan holda, Tomonlar asosiy yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisida hamfikrdirlar:
— transport va aloqa;
— atrof-muhit;
— neft-kimyo sanoati;
— qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash;
— xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqarish;
— turizm;
— kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish.
6-modda
Tomonlar qoʻllab-quvvatlash, koʻmaklashish va ragʻbatlantirish yoʻli bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mustahkamlash va kengaytirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni koʻradilar:
hukumat organlari, ishbilarmon doiralar vakillari, turli professional va ilmiy-madaniy tashkilotlar, agentliklar va assotsiatsiyalar, savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli axborot almashinuvini, shuningdek ularning vakillari hamda boshqa savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohadagi delegatsiyalar tashriflarini ragʻbatlantirishda hamkorlik qilish;
yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish, ishbilarmonlar uchrashuvlari, seminarlar, simpoziumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va Tomonlar davlatlari hududlarida oʻtkaziladigan shu kabi boshqa tadbirlarni tashkil etish;
oʻzaro manfaatli sohalarda marketing va konsalting xizmatlari boʻyicha hamkorlik qilish;
Tomonlar davlatlarining moliya va bank tashkilotlari oʻrtasida aloqa qilish va hamkorlikni mustahkamlash;
investitsion faoliyatni, shu jumladan qoʻshma korxonalar tashkil qilish, kompaniyalar vakolatxonalari va filiallarini, shuningdek savdo uylarini taʼsis etishni yoʻlga qoʻyish;
kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida, shu jumladan uchinchi mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar doirasida hamkorlik qilish;
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra hamkorlikning boshqa shakllarini amalga oshirish.
7-modda
Ikki tomonlama tovarlar va xizmatlar almashinuvini yengillashtirish maqsadida, Tomonlar oʻz davlatlarining amaldagi milliy qonunchiligiga muvofiq, ilmiy ishlar natijalari va sertifikatlarning tan olinishi uchun tegishli chora-tadbirlar koʻradilar.
Tomonlar, milliy qonunchiliklariga asosan, ilm-fan va texnika, standartizatsiya, metrologiya va sertifikatsiya sohalarida idoralararo hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
8-modda
Tomonlar bir-biriga ushbu Bitimda koʻzda tutilgan munosabatlarni tartibga solish boʻyicha qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari toʻgʻrisida va shuningdek bir-birini qiziqtiradigan boshqa maʼlumotlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlar ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan, alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan va 12-moddada koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan munozarali masalalar muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
12-modda
Ushbu Bitim diplomatik kanallar orqali Tomonlarning Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganligini tasdiqlovchi soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim noaniq muddatga tuziladi.
Tomonlardan har biri diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish yoʻli bilan mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi shunday yozma xabar olingan kundan olti oy oʻtgach toʻxtaydi.
Boku shahrida 2008-yil 11-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)