Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
GUMANITAR SOHADA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
kelgusida madaniyat va sanʼat, fan va taʼlim, yoshlar va sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish va ragʻbatlantirishni istab,
ikkala davlat xalqlarining madaniy aloqalari va doʻstona munosabatlari anʼanalarini inobatga olib,
gumanitar aloqalar ikkala mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishiga va doʻstlik, inoqlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga yordam berishiga ishongan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I. Madaniyat va sanʼat
1-modda
Tomonlar tijorat va notijorat shartlar asosida tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik, amaliy va fotosanʼat koʻrgazmalari, kinofilmlar almashuviga imkon yaratadilar.
2-modda
Tomonlar madaniyat va kinomatografiya sohasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Tomonlar hamkor mamlakatda konsertlar va badiiy gastrollar, anʼanaviy yoki zamonaviy sanʼat koʻrgazmalarini uyushtirishga intiladilar.
4-modda
Tomonlar hamkor mamlakatda boʻlib oʻtadigan badiiy festivallarda oʻz ansambllari hamda ijrochilarining ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon manfaatdor muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida arxeologiya, muzey ishi, madaniy yodgorliklarni taʼmirlash va muhofaza qilish sohalarida bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga va ikkala Tomon tarafidan imzolangan tegishli xalqaro shartnomalarga muvofiq, ularning madaniy meros boʻlmish madaniy boyliklarni yashirincha olib kirish, olib chiqish hamda boshqa tomonga berish hollarining oldini olish boʻyicha choralar koʻradilar.
7-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining huquqiy qoidalariga muvofiq ikkala mamlakat milliy kutubxonalari oʻrtasida ekspertlar va shuningdek axborot va mikrofilmlar almashuvi sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar. Tomonlar kitoblarni ommalashtirish va shuningdek kutubxonachilik va nashriyotchilik faoliyati sohalarida qoʻshma taʼlim loyihalarini amalga oshirishga intiladilar.
8-modda
Tomonlar oʻz mamlakatlarida oʻtkaziladigan simpoziumlar, koʻrgazmalar, festivallar va tanlovlar haqida bir-birlariga maʼlum qiladilar hamda bu tadbirlarda nashr qilinadigan materiallar bilan almashadilar.
II. Fan va taʼlim
9-modda
Tomonlar quyidagi masalalarga alohida eʼtibor bergan holda hamkorlik qiladilar:
1) taʼlim tizimlari, ularni rivojlantirish rejalari va islohot yoʻnalishlari toʻgʻrisida axborot almashish;
2) Tomonlar manfaatdor boʻlgan ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash;
3) barcha darajalardagi taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
4) konferensiyalar, simpoziumlar, shuningdek yoshlar uchun olimpiada va tanlovlar tashkil qilishni qoʻllab-quvvatlash;
5) Oʻzbekistonda ozarbayjon tilini, Ozarbayjonda oʻzbek tilini oʻrganish masalasi boʻyicha fikr almashish.
10-modda
Tomonlar ikkala mamlakat Fanlar akademiyalari, oliy oʻquv yurtlari hamda boshqa manfaatdor ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻrtasida quyidagi sohalarda toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish boʻyicha aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar:
1) birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni;
2) birgalikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalari va Tomonlar oʻtkazadigan kongresslar, ilmiy seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlarda ishtirok etish doiralarida olim va mutaxassislar bilan almashish;
3) Tomonlar davlatlarining huquqiy qoidalariga muvofiq ilmiy-texnikaviy va patent axboroti bilan almashish;
4) doktorantlar, aspirantlar va stajerlar bilan almashish.
III. Axborot
11-modda
Tomonlar ikkala mamlakatdagi tegishli muassasalar va tashkilotlar oʻrtasida axborot almashuvini qoʻllab-quvvatlaydilar. Tomonlar ikkala mamlakatning tarixi, geografiyasi va madaniyati bilan tanishishga imkon beruvchi nashrlar va oʻquv qoʻllanmalari almashuvini qoʻllab-quvvatlaydilar.
12-modda
Tomonlar radioeshittirish va televideniye sohasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
IV. Yoshlar va sport
13-modda
Tomonlar ikkala mamlakat yoshlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar, yoshlar delegatsiyalari bilan oʻzaro almashishga koʻmaklashadilar, Tomonlar yoshlarini ikki mamlakat hududida tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadilar.
14-modda
Tomonlar ikkala mamlakat sport federatsiyalari, jamiyatlari va klublari oʻrtasida bevosita aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Sport tashkilotlari hamkorligi quyidagilarni qamrab oladi;
1) milliy sport turlarini ommalashtirish;
2) tajriba, ilmiy va metodik materiallar almashuvi;
3) jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislar malakasini oshiruvchi seminar va kurslarni tashkil qilish;
4) ommaviy sport, dopingga qarshi kurash hamda sport tadbirlarida xavfsizlikni taʼminlash sohalarida ekspertlar almashish.
15-modda
Ushbu Bitimni qoʻllash hamda talqin qilishda bahs va kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
16-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan va 17-moddada koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan, alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
17-modda
Ushbu Bitim diplomatik kanallar orqali Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnomani olgan sanadan boshlab kuchga kiradi. Ushbu Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi. Tomonlardan hech biri uning amaldagi muddatining yakunidan kamida olti oy avval boshqa Tomonni Bitim amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmagan boʻlsa, uning amal qilish muddati keyingi besh yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Boku shahrida 2008-yilning 11-sentabrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)