Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QOʻNGʻIROT SODA ZAVODI QURILIShI LOYIHASINING TEXNOLOGIYA QISMI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 14-maydagi 158-sonli “Qoʻngʻirot soda zavodi qurilishini tugallash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va respublikaning kalsiylangan hamda kaustik sodaga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mannesman Zifert GmbX”, “Shtork Komprimo SKL GmbX”, “Vemeks Xandel GmbX” firmalaridan iborat Germaniya firmalari konsorsiumining:
160 ming tonna kalsiylangan soda va 150 ming tonna kaustik soda ishlab chiqaruvchi loyiha quvvatlari yaratilishini koʻzda tutuvchi Qoʻngʻirot soda zavodi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishni tugatganligi;
texnologiya qurilmalarini foydalanishga tayyor, kafolatlangan koʻrsatkichlarga chiqargan holda mukammal loyihalashni, asbob-uskunalar yetkazib berishni, qurish va ishga tushirishni oʻz zimmasiga olganligi;
jalb qilinayotgan xorijiy kreditlar qisman toʻlanishini taʼminlash uchun zavod ishlab chiqaradigan mahsulotning kamida 50 foizini jahon bozorida sotish majburiyatini olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoʻngʻirot soda zavodini loyihalash va qurish jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Berliner bank” (Germaniya)ning:
zavodning texnologiya qismi bazaviy loyihasini ishlab chiqish boʻyicha xizmatlarga “Berliner bankning “Oʻzkimyosanoat” uyushmasiga qayta moliyalanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga kredit liniyasi hisobiga haq toʻlanishini;
import boʻyicha texnologiya asbob-uskunalari va materiallar yetkazib berish, obyekt qurilishi boʻyicha injiniring ishlarini olib borish xarajatlarini kreditlash uchun “Germes” sugʻurta jamiyatini va boshqa mamlakatlarning eksport-sugʻurta agentliklarini jalb qilishni nazarda tutuvchi loyihani mablagʻ bilan taʼminlashni birgalikda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti “Oʻzkimyosanoat” uyushmasini, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini, Moliya vazirligini, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankini jalb qilgan holda konsorsium tomonidan taqdim etilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini 1998-yil 10-maygacha koʻrib chiqsin va uning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi yuzasidan taklif kiritsin.
5. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi:
1998-yil 20-maygacha konsorsiumga zavodning texnologiya qismi bazaviy loyihasi ishlab chiqilishi uchun topshiriq bersin va kontraktni imzolasin;
foydalanishga tayyor holda topshirish sharti bilan zavodning texnologiya qismi qurilishi yuzasidan, keyinchalik bazaviy loyiha tasdiqlangandan soʻng kontraktning asosiy koʻrsatkichlarini, shu jumladan, uning qiymatini aniqlagan holda, chegaralangan kontraktni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zavodning bazaviy loyihasini ishlab chiqish yuzasidan kontraktni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bir oy muddatda:
loyihaning texnologiya qismini mablagʻ bilan taʼminlashni birgalikda tashkil etish yuzasidan “Berliner bank” bilan chegaralangan bitim tuzsin;
zavodning texnologiya qismi bazaviy loyihasi ishlab chiqilishini mablagʻ bilan taʼminlash uchun “Berliner bank” bilan kredit bitimi tuzsin va mablagʻlarni “Oʻzkimyosanoat” uyushmasiga qayta moliyalashtirsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, zavodning texnologiya qismi bazaviy loyihasi ishlab chiqilishi uchun olingan kredit mazkur loyiha boʻyicha investitsiya dasturida koʻzda tutiladigan budjet mablagʻlari hisobidan qaytariladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri zavodning texnologiya qismi bazaviy loyihasi ishlab chiqilishi uchun jalb qilinayotgan valyuta krediti yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatini belgilangan tartibda “Berliner bank”ka va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy bankiga berishi vakil qilinsin.
10. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatlariga oid yuridik xulosalarni amaldagi qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi buyurtmanomalariga koʻra vizalarni rasmiylashtirganlik uchun konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilgan holda konsorsiumga kiruvchi kompaniyalarning xodimlariga koʻp martalik kirish vizalari belgilangan tartibda berilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 29-aprel,
185-son