O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MAShINA-TRAKTOR PARKLARINI PAXTA TERISh MAShINALARINI TIKLASh UChUN EHTIYOT QISMLAR, UZELLAR VA AGREGATLAR BILAN TA’MINLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mashina-traktor parklari tarkibiga berilgan paxta terish mashinalari tiklanishini ta’minlash va yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar, uzellar va agregatlar uchun hisob-kitob qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi bilan birgalikda joylarda paxta terish mashinalari parki xatlovdan o‘tkazilganligi, 9180 paxta terish agregatini mashina-traktor parklari balansiga qabul qilish va ularning ish qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi (Olimjonov), “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi (Matchonov) tuzatish-tiklash ishlarini o‘tkazish jadvalini bir hafta muddatda ishlab chiqsinlar, bunda paxta terish mashinalarini tayyorlab qo‘yishni ilovaga muvofiq shu yil 1-avgustdan kechiktirmay tugallashni nazarda tutsinlar.
Ushbu maqsadlarda:
tuzatish ishlarini markazlashtirilgan tartibda o‘tkazish uchun shu yil 15-aprelgacha paxta terish mashinalarini bazaviy mashina-traktor parklarida jamlasinlar, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasining tuzatish zavodlari va ustaxonalaridan samarali foydalansinlar;
mashina-traktor parklariga paxta terish mashinalari uchun tizimlar, agregatlar va ehtiyot qismlar tuzilgan shartnomalarga muvofiq ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishini, shu yil 1-avgustgacha esa tuzatish-tiklash ishlari tugallanishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi, tuzatib qo‘yilgan mashinalarning sifatini tekshirish va ularni qabul qilish bo‘yicha 1998-yil 10-aprelga qadar qo‘shma maxsus komissiyalar tuzsinlar. Mashinalar tuzatilgandan va tiklangandan so‘ng majburiy ravishda tekshirilishini va sinab ko‘rilishini ta’minlasinlar.
4. Respublika xalq xo‘jaligida hisob-kitoblarni takomillashtirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi tomonidan paxta terish mashinalariga sotib olinadigan ehtiyot qismlar va butlovchi uzellarni, tuzatish ishlarini o‘tkazishni qishloq xo‘jaligiga maqsadli transh bilan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga tegishli mablag‘ bilan ta’minlashni nazarda tutsin.
5. Tuzatish ishlarini tashkil etishning shunday amaliyotini qishloq xo‘jaligi texnikasining boshqa turlariga ham joriy etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
“O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “Paxta-bank” bilan birgalikda ishlab chiqarishga buyurtmalarni shakllantirish va iste’molchilarga yetkazib beriladigan texnikalarni va ularga ehtiyot qismlarni mablag‘ bilan ta’minlash tartibini 20 kun muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi bo‘linmalari va “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi korxonalari o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlar yetkazib berishga shartnoma munosabatlari tasdiqlangan tartibga ikki oy muddatda muvofiqlashtirilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 25-mart,
128-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-martdagi 128-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
1998-yil mavsumiga 9180 paxta terish mashinasini tiklash uchun zarur tizimlarning
RO‘YXATI
| T/r | Buyumlar nomi | Soni (dona) | Tayyorlash muddati | Qiymat (mln. so‘m) |
| 1. | Terish apparati tizimi | 9180 | 01.08.98 y. | 1.5000,0 |
| 2. | Gidravlik tizim | 1300 | 01.07.98 y. | 38,2 |
| 3. | Bunker tizimi | 800 | 01.05.98 y. | 44,0 |
| 4. | Pnevmatik tizim | 1000 | 01.06.98 y. | 32,8 |
| 5. | Uzatma tizim | 1200 | 01.06.98 y. | 126,2 |
| 6. | Boshqaruv tizimi | 1000 | 01.06.98 y. | 17,0 |
| 7. | Himoya tizimi | 1100 | 01.06.98 y. | 12,6 |
| | Jami | | | 1.770,8 |
Izoh: yetkazib berish shartnomalarida tizimga kiruvchi elementlarni nomenklatura bo‘yicha ko‘rsatish nazarda tutiladi.