O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NASOS STANSIYALARI KASKADIGA EGA BO‘LGAN QARShI MAGISTRAL KANALIDAN FOYDALANIShNING PUXTALIGINI OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Qarshi magistral kanalidan va nasos stansiyalari kaskadidan uzoq vaqt normativdagidan ortiqcha foydalanish natijasida gidromexanik va elektr-kuch asbob-uskunalarining, 1 — 6-nasos stansiyalari bosim quvurlarining texnikaviy holati qo‘yilayotgan talablarga javob bermayapti va ulardan loyihadagi rejim bo‘yicha foydalanish imkoniyati bo‘lmayapti.
Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan yerlarini suv bilan kafolatli ta’minlash, nasos stansiyalarining loyihadagi rejim bo‘yicha ishlashini tiklash va nasos stansiyalari kaskadiga ega bo‘lgan Qarshi magistral kanalidan foydalanishning puxtaligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligining nasos stansiyalari kaskadini hamda Qarshi magistral kanalining ayrim uchastkalarini ilovaga muvofiq hajmlarda rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash bo‘yicha dolzarb ishlarni bajarish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
mazkur ilovada nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining bosqichma-bosqich tayyorlanishini;
“O‘zsuvqurilish” konserni, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda tasdiqlangan investitsiya dasturlari doirasida belgilangan topshiriqlarning qat’iy bajarilishini;
Qarshi magistral kanali obyektlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash uchun zarur asbob-uskunalar, texnika vositalarining tender asosida sotib olinishini ta’minlasin.
2. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi 2000 – 2005-yillar davri uchun har yilgi investitsiya dasturlarini shakllantirishda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga ilovada ko‘rsatilgan obyektlar bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq mablag‘lar ajratishni nazarda tutsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Energetika va elektrlashtirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Qarshi magistral kanali nasos stansiyalarining yordamchi stansiyalarini va elektr quvvati uzatish liniyalarini tekshirishdan o‘tkazsin hamda ularning ro‘yxatini tuzsin va ularni O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi balansiga bosqichma-bosqich berish muddatlarini belgilasin.
Belgilansinki, beriladigan asosiy fondlar qiymati Energetika va elektrlashtirish vazirligining ustav jamg‘armasini ko‘paytirishga yo‘naltiriladi va daromad (foyda) solig‘i undirish obyekti hisoblanmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Davsuvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Qarshi magistral kanali obyektlarini qo‘riqlashni kuchaytirish tadbirlarini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Turkmanistonning tegishli idoralari bilan, barqaror suv olinishini ta’minlash uchun, Qarshi magistral kanalining bosh uchastkasida nasos stansiyasi qurish to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi berilayotgan suv tannarxini qisqartirishga va undan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rsinlar, bunda suvdan foydalanish intizomini kuchaytirishga va suv resurslarining samarasiz isrof bo‘lishini kamaytirishga alohida e’tibor bersinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 21-iyul,
357-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 21-iyuldagi 357-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qarshi magistral kanali obyektlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash bo‘yicha
TOPShIRIQ
|
T/r |
Tadbirlar nomi va ish turlari |
O‘lchov birligi |
Umumiy hajmi |
Yillar bo‘yicha taqsimlanishi | |||||
|
2000 |
2001 |
2002 |
2003 |
2004 |
2005 | ||||
| 1. | Suv olish rayonida o‘zanni to‘g‘rilovchi va qirg‘oqni himoya qiluvchi inshootlar qurilishi | km. | 21 | 7 | 7 | 7 | — | — | — |
| 2. | Amudaryodan bosh suv olish joyida resursini ishlab tugatgan yer snaryadlarini almashtirish | dona | 10 | 2 | 2 | 2 | 2 | 2 | — |
| 3. | VDS 375/130-24 dvigatellar qo‘zg‘atgichini tiristorli qo‘zg‘atkichlarga almashtirish | dona | 34 | 18 | 16 | — | — | — | — |
| 4. |
Resursini ishlab tugatgan nasos agregatlarni (dvigatel, nasos, to‘g‘rilagich apparat, zatvor, klapan va boshqalar) almashtirish |
kompl. | 36 | 6 | 6 | 6 | 6 | 6 | 6 |
| 5. | Kommutatsiya apparatlarining zaxira komplektini olish | kompl. | 6 | 6 | — | — | — | — | — |
| 6. | Resursini ishlab tugatgan kuch elektrotexnika asbob- uskunalarini almashtirish | sensiya | 24 | 6 | 6 | 6 | 6 | — | — |
| 7. | Bosim suv quvurlari ish qobiliyatini tiklash | p. m. | 3600 | 900 | 900 | 900 | 900 | — | — |
| 8. | Kanalning buzilgan uchastkasini tiklash | km | 8 | 2 | 3 | 3 | — | — | — |
| 9. | Nasos stansiyalari va inshootlarni avtomatlashtirish va telemexanizatsiyalash | obyekt | 10 | 1 | 2 | 2 | 2 | 2 | 1 |
| 10. | Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasini zarur texnika bilan jihozlash | avto-kranlar | 6 | 1 | 2 | 2 | 1 | — | — |
| avto-tran-sport | 10 | 2 | 3 | 3 | 2 | — | — | ||
| 11. | Agregatlarni sovutish uchun suv beruvchi obyektlarni rekonstruksiya qilish | obyekt | 6 | 2 | 2 | 2 | — | — | — |