O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999-2000-YILLARDA IRRIGATSIYA-MELIORATSIYA IShLARINI AMALGA OShIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sug‘oriladigan yerlarda dehqonchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1998—2000-yillardagi davrda qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi to‘g‘risida” 1998-yil 18-martdagi Farmonini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 1999-2000-yillarda 1 — 4-ilovalarga* muvofiq hajmlarda irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsuvqurilish” davlat konserni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 1 — 4-ilovalarga muvofiq yangi sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga topshirish va irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan topshiriqlarning qat’iy bajarilishini ta’minlasinlar.
* Ilovalar berilmaydi.
Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Vazirlar Mahkamasining “1999-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturi to‘g‘risida” 1999-yil 13-yanvardagi 16-son qaroriga muvofiq irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish uchun 10,06 mlrd so‘m kapital mablag‘lar ajratish nazarda tutilgan.
Belgilansinki, yangi sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga topshirish faqat mavjud yoki suv xo‘jaligi tadbirlari natijasida bo‘shab qolgan suv resurslari doirasida amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va Moliya vazirligi har yili investitsiya dasturlarini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga quvvatlar va obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha mazkur qaror bilan belgilangan topshiriqlarning bajarilishi uchun mablag‘lar ajratishni nazarda tutsinlar.
3.O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
ikki yil davomida har xil ekinlarni tomchi va yomg‘ir usulida sug‘orish texnologiyalarini eksperimental sinovdan o‘tkazsin, respublika sharoitlarida ularni qo‘llashning maqsadga muvofiqligining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlasin va ularning natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 1999-yil ikkinchi choragida Xo‘jaliklararo sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tuzatish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish tartibi va ularni mablag‘ bilan ta’minlash manbalari to‘g‘risida Nizom ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.M.Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-may,
259-son