O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2008 YILDA MEVA-SABZAVOT, POLIZ MAHSULOTLARI VA UZUM RESURSLARIDAN OQILONA FOYDALANISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka va uzum resurslaridan oqilona foydalanish, ular bilan birinchi navbatda ichki bozorni to‘ldirish, mamlakatimizning qayta ishlash korxonalari ehtiyojlarini ta’minlash, shuningdek mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni puxta tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagi tartib belgilansin, unga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, birinchi navbatda ular bilan ichki iste’mol bozorini to‘ldirishni hisobga olgan holda:
ho‘l meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum eksporti — “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi, “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari va ularning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan bo‘linmalari tomonidan;
quritilgan va muzlatilgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum, shuningdek dukkakli mahsulotlar eksporti— mulkchilik shaklidan qat’i nazar yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilish kontrakt asosida, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada, valyutani tartibga solish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, ularning bajarilishini qat’iy nazoratga olgan holda, amalga oshiriladi.
2. Respublikaning ichki bozorida meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka, uzum va dukkakli mahsulotlardan oqilona foydalanish, shuningdek ularni eksportga yetkazib berishni tashkil etish masalalarini hal etish uchun ilovaga muvofiq tarkibda ishchi guruh tashkil etilsin.
Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka va uzum yetishtirish va ulardan foydalanishning 2008-yil uchun tasdiqlangan asosiy prognoz parametrlari bajarilishini tanqidiy ko‘rib chiqish;
ichki iste’mol bozorini meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka, uzum va dukkakli mahsulotlar bilan zarur hajmda va assortimentda barqaror ravishda va uzluksiz to‘ldirish masalalarini hal etish, shuningdek mazkur mahsulotlarga narxlar monitoringini olib borish;
eksport uchun tavsiya etilayotgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum hajmlari va assortimentini belgilash, shuningdek “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining va “Matlubotsavdo” hududiy kompaniyalarining mahsulotlarni chetga chiqarish bo‘yicha takliflarini mahsulotlar hajmlari, turlari va narx omili asoslanganligini hisobga olgan holda ko‘rib chiqish;
meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzumni eksportga yuklab jo‘natish uchun vagonlar va refrijeratorlarni o‘z vaqtida ajratish, bojxonada rasmiylashtirish va ular bo‘yicha hisobotlar taqdim etishni tashkil qilish bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish.
3. Ishchi guruh (Sh.M.Mirziyoyev):
ishlar rejasini hamda joriy yilning may — dekabr oylarida meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, uzum va dukkakli mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal qilish mexanizmini bir hafta muddatda tasdiqlasin;
paydo bo‘ladigan barcha masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish yuzasidan ishchi guruh majlislari har o‘n kunda o‘tkazilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda har haftada “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi va “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalariga, shuningdek boshqa manfaatdor korxonalarga asosiy import qilinadigan mamlakatlar va meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum nomenklaturasi bo‘yicha eksport narxlarining quyi chegaralarini belgilab bersin va ularga yetkazsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi va “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari bo‘linmalariga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkalaridan ortiq bo‘lmagan stavkalar bo‘yicha kredit resurslari, shuningdek keyinchalik eksport qilish uchun aholidan meva, sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish uchun zarur hajmda naqd mablag‘larning tezkorlik bilan berilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
6. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ishchi guruh qabul qilgan qarorlarga muvofiq “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi va “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari va boshqa eksport qiluvchilarning buyurtmanomalari bo‘yicha meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzumni tashish uchun vagonlarning o‘z vaqtida ajratilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
tuzilgan kontraktlar bo‘yicha “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi va “Matlubotsavdo” hududiy kompaniyalari bo‘linmalari tomonidan chetga chiqariladigan ho‘l meva, sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum uchun yuklab jo‘natish hujjatlarining o‘z vaqtida (bir kun muddatda) rasmiylashtirilishini;
meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzumni, shuningdek dukkakli mahsulotlarni eksportga yuklab jo‘natishga doir axborotning har o‘n kunda ishchi guruhga taqdim etilishini ta’minlasin.
Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari zimmasiga ho‘l meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzumning bojxonada rasmiylashtirish davrida yaroqsizlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan javobgarlik yuklansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi mintaqalar va mahsulot turlari bo‘yicha ichki bozorda sotiladigan ho‘l meva, sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum, shuningdek dukkakli mahsulotlar narxlari darajasi yuzasidan doimiy monitoring olib borilishini hamda har haftada ishchi guruhga axborot taqdim etilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda respublika hududidan meva-sabzavot mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarini noqonuniy olib chiqishning oldini olish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh., ,
2008-yil 8-may,
93-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-maydagi 93-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublikaning ichki bozorida meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka va uzum, shuningdek dukkakli mahsulotlardan oqilona foydalanish hamda ularni eksportga yetkazib berishni tashkil etish masalalarini hal etish bo‘yicha ishchi guruh
TARKIBI
| Mirziyoyev Sh.M. | — | O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, ishchi guruh rahbari |
| Aripov A.N. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari |
| Abidov Z.N. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentining shu’ba mudiri, ishchi guruh kotibi |
| Salimov A.H. | — | Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari |
| Tursunov Y.E. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Kamalov A.S. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari |
| Nosirov S.X. | — | Davlat bojxona qo‘mitasining raisi |
| To‘rayev B.E. | — | Davlat statistika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Hasanov Z.A. | — | O‘zbekiston Respublikasi MXXning Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Rofiyev Q.T. | — | Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari |
| Fayziyev Z.O. | — | “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi raisi |
| Ramatov O.J. | — | “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Sherqobilov Sh.Sh. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i |
| lavozimiga ko‘ra | — | Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari |
| lavozimiga ko‘ra | — | “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari raislari |