O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ALOHIDA MUHIM SUV XO‘JALIGI OBYEKTLARIDA QURILISh-MONTAJ IShLARINI BAJARISh BO‘YIChA ““O‘ZMAXSUSSUVQURILISh” IXTISOSLAShTIRILGAN KOMPANIYASI” DAVLAT KORXONASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Suv xo‘jaligi qurilishini tashkil etishni yanada takomillashtirish, alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari qurilishining sifatini hamda xavfsizligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Bektemirdavsuvmaxsuspudrat” davlat unitar korxonasi negizida davlat korxonasi shaklidagi alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarida qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha “O‘zmaxsussuvqurilish” ixtisoslashtirilgan kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
2. “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi:
o‘z faoliyatini alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarida qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash asosida amalga oshiradi;
kompaniyaning asosiy xo‘jalik faoliyatidan olingan sof foydani, muassis bilan kelishgan holda, o‘zining ustav fondini to‘ldirishga hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiradi;
alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari qurilishi doirasida Davlat budjeti hisobiga xarid qilinadigan maxsus texnika, mashina va mexanizmlarni qurilish tugallangandan keyin belgilangan tartibda o‘z balansiga qabul qiladi;
alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarida qurilish-montaj ishlarining tuzilgan shartnomalarga qat’iy muvofiq ravishda o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, Davlat budjeti va boshqa manbalar hisobiga xarid qilinadigan maxsus texnika, mashina va mexanizmlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, ularning saqlanishi, ularga o‘z vaqtida texnika va profilaktika xizmati ko‘rsatilishi, ularning zarur ish holatida bo‘lishi uchun javob beradi.
4. “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi buyurtmalariga binoan uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun lizing asosida maxsus texnika, mashina va mexanizmlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlasin.
5. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “O‘zneftgazqurilishinvest” aksiyadorlik kompaniyasiga Farg‘ona viloyatida alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarini qurish bo‘yicha subpudrat asosida qurilish-montaj ishlarini bajarish yuzasidan “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
bir oy muddatda “O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasini, maxsus oliy ma’lumotga va alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari qurilishida hamda ulardan foydalanishda kamida 5 yil amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan rahbar va muhandis-texnik xodimlar mavjud bo‘lishini nazarda tutgan holda, yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlasin;
kadrlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish chora-tadbirlarini ko‘rsin;
kompaniyaning texnika parkini zarur miqdorda texnika, mashinalar, mexanizmlar va transport bilan yangilash borasida yordam ko‘rsatsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-sentabr,
259-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-sentabrdagi 259-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“O‘zmaxsussuvqurilish” kompaniyasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Kompaniya qurilish menejerlari, muhandis-texnik xodimlar, ishchilar, mashina va mexanizmlar operatorlari, avtotransport haydovchilari, laboratoriyalar mutaxassislari va boshqa ishlab chiqarish xodimlarini shartnoma asosida ishga qabul qiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 37-son, 410-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)