Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ARAB IQTISODIY TARAQQIYOT QUVAYT JAMGʻARMASI ISHTIROKIDA “AKADEMIK V.VOHIDOV NOMIDAGI RESPUBLIKA IXTISOSLASHTIRILGAN JARROHLIK MARKAZI HUZURIDAGI KARDIOXIRURGIYA BOʻLIMINI REKONSTRUKSIYA QILISH VA JIHOZLASH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2007-yil 19-sentabrdagi PF-3923-son Farmonining amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi “Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi huzuridagi kardioxirurgiya boʻlimini rekonstruksiya qilish va jihozlash” loyihasini amalga oshirish uchun toʻrt yildan iborat boʻlgan imtiyozli davrni qoʻshgan holda 24 yil muddat bilan Oʻzbekiston Respublikasiga 3,5 mln quvayt dinori (ekvivalenti 12,97 mln AQSH dollariga teng) summasida kredit berilishini maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qarz mablagʻlaridan Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi tartibotiga muvofiq maqsadli foydalanilishi, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan loyihaning Qarz bitimi va amalga oshirish jadvaliga muvofiq samarali amalga oshirilishi uchun masʼul ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
asosiy qarzni, foizlarni, vositachilik haqini va qarzga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi huzuridagi kardioxirurgiya boʻlimini rekonstruksiya qilish va jihozlash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy hisob-kitobi koʻrsatkichlari 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi huzuridagi kardioxirurgiya boʻlimini rekonstruksiya qilish va jihozlash” loyihasi boʻyicha Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi qarzini hamda qarz boʻyicha foizlarni va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi bilan tuzilgan Qarz bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga vakil qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi oʻrtasidagi Qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
loyiha doirasida bajariladigan ishlar va xizmatlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash uchun loyihaning amal qilish davrida, vazirlik tuzilmasida xodimlarining soni uch nafardan iborat boʻlgan loyihani amalga oshirish boʻlimini tashkil etsin, boʻlimning loyihani amalga oshirish boʻlimi taʼminoti uchun texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarda belgilangan xarajatlar doirasida moliyalashtirilishini nazarda tutsin;
loyiha doirasida xarid qilinadigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari yetkazib berilishi boshlangunga qadar Baromarkaz binosidagi kardioxirurgiya boʻlimida zarur qurilish-rekonstruksiya ishlari tugallanishini taʼminlasin.
6. Quyidagilar:
loyihani amalga oshirish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan tovarlar, shu jumladan tuzilgan kontraktlar boʻyicha bepul yetkazib beriladigan tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);
Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasining ushbu loyihani amalga oshirish doirasida toʻlov manbalaridan undiriladigan daromadlari foyda soligʻidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ozod etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik yigʻimini va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtirishni belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat bojlari toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 6-may,
85-son