Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATINI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-avgustdagi PQ-436-sonli “Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonning ilmiy va texnologik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi islohotlarning strategik vazifalari va ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq holda mamlakat ilmiy-texnikaviy taraqqiyotini taʼminlash, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar saviyasi, sifati va samaradorligini oshirish, ulardan amaliyotda keng foydalanish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish kengashi tuzilsin.
Muvofiqlashtirish kengashi respublikada ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi muvofiqlashtiruvchi yuqori organ ekanligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan boshqarilishi belgilab qoʻyilsin.
2. Muvofiqlashtirish kengashi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Muvofiqlashtirish kengashi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalarning ustuvor yoʻnalishlarini iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar rivojlanishining strategiyasi, shuningdek mamlakat iqtisodiyotidagi qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolli tarkibiy oʻzgarishlar bilan bogʻliq holda belgilash;
mamlakat manfaatlari va davlatimizning iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyot sohasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda yirik ilmiy-tadqiqot dasturlari va texnologik loyihalar boʻyicha ekspertizalar tashkil etish va ekspertiza xulosalarini tasdiqlash;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat ustuvor yoʻnalishlariga mos keluvchi yirik ilmiy dasturlar va texnologik loyihalarni tasdiqlash;
ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar boʻyicha yillik Davlat dasturini tasdiqlash;
yangi innovatsiyaviy ilgʻor gʻoyalarni ilgari suruvchi, jahon ilm-fanidagi yangi, istiqbolli yoʻnalishlarni muntazam kuzatib boruvchi hamda mamlakat manfaatlari yoʻlida qoʻllay olishga qodir iqtidorli yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish.
4. Muvofiqlashtirish kengashi qoshida uning ijroiya organi sifatida Fan va texnologiyalar markazi tashkil etilsin.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan takliflar ishlab chiqish va ularni Muvofiqlashtirish kengashiga taqdim etish;
Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan belgilangan ilm-fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari doirasida yillik ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar dasturi loyihasini ishlab chiqish;
ilm-fan va texnologiyalarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish huquqiga ega boʻlish uchun tanlovlar uyushtirish va oʻtkazish;
intellektual salohiyatdan hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ajratiladigan moliyaviy mablagʻlardan maksimal darajada oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida respublika ilmiy muassasalari faoliyatini muntazam tahlil etib borish;
ilm-fan rivoji va innovatsiya faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish boʻyicha muntazam ish yuritish va bunda dolzarbligini yoʻqotgan mavzularni tugatish hamda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot taqozo etayotgan yangi tadqiqotlar olib borishga doir takliflar kiritishni nazarda tutish;
maqsadli grantlar ajratish, chet davlatlarda stajirovkadan oʻtishni tashkil etish va qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllaridan foydalangan holda iqtidorli, istiqbolli olimlarning kasbiy malakalarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish;
ilmiy-texnikaviy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishni tashkil qilish, iqtisodiyotning muayyan sohasi korxonalari rahbarlarining innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni moliyalash va birgalikda moliyalashdan manfaatdorligini oshiruvchi ragʻbatlantirish usullarini yaratish;
ilm-fan va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalar va innovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, homiylar mablagʻlarini va grantlarni jalb etish.
5. Muvofiqlashtirish kengashi qoshida Yirik ilmiy va investitsiya loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish kengashi tashkil etilsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
yirik ilmiy va investitsiya loyihalarining xolis, mustaqil ekspertizasini uyushtirish, texnik jihatdan taʼminlash va oʻtkazish;
yuqori malakali olimlar va mutaxassislar orasidan mustaqil ekspertlar xususidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va uni muntazam ravishda yangilab borish;
amalga oshirilayotgan yirik ilmiy tadqiqotlar va investitsiya loyihalari boʻyicha joriy va yakuniy hisobotlar monitoringini olib borish;
Muvofiqlashtirish kengashiga olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning va ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi, ularning samaradorligi va sifatini yanada oshirishga doir takliflar kiritish.
6. Investitsiya loyihalarini moliyalash maqsadida Muvofiqlashtirish kengashi qoshida Innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
ustuvor innovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xorijiy va mamlakatimizdagi homiylar badallari;
xalqaro grantlar;
korporatsiyalar, kompaniyalar, uyushmalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari, idoralar, korxonalarning maqsadli innovatsiya loyihalari uchun moʻljallangan mablagʻlari;
moliya institutlari, jumladan xorijiy institutlarning imtiyozli maqsadli kreditlari.
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlarini belgilash vazifasi Muvofiqlashtirish kengashi zimmasiga, Jamgʻarma hisob raqamlari boʻyicha tezkor xizmat koʻrsatish esa Fan va texnologiyalar markaziga yuklatilsin.
7. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Muvofiqlashtirish kengashi va Markaz Oʻzbekiston Respublikasidagi faqat ustuvor, strategik ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar va ishlanmalarning muvofiqlashtirilishi va mablagʻ bilan taʼminlanishini amalga oshiradi, idoraviy va sohaga oid ilm-fanni boshqarish bilan bogʻliq masalalar esa tegishli davlat va xoʻjalik hisobidagi tuzilmalar ixtiyoriga beriladi;
2002-yildan boshlab ilmiy muassasalarga budjet mablagʻlarini ilmiy jamoaning Markaz yoxud tegishli budjet tuzilmasi bilan muayyan ilmiy buyurtmani bajarish uchun eʼlon qilingan tanlov natijalariga koʻra grant shartnomasi asosida berish tartibi joriy etiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ilmiy-texnika axboroti fondi qoshidagi Respublika ilmiy-texnika kutubxonasini birlashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunuvchi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonani tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi tugatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 18-fevraldagi PF-345-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida mazkur Farmonni amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 20-fevral,
PF-3029-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 3-son, 48-modda)