Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
INNOVATSION LOYIHALARNI IShLAB ChIQARIShGA TATBIQ ETIShNI RAGʻBATLANTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Innovatsion loyihalar ishlab chiquvchilarini, shuningdek Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi doirasida tanlab olingan innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va Iqtisodiyot vazirligining grant sifatida 400 mln soʻm miqdorida mablagʻ, shu jumladan keyinchalik ularni innovatsion loyihalarni ishlab chiquvchilarga, shuningdek Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi yakunlariga koʻra innovatsion ishlanmalarni tatbiq etayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berish uchun Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi hisobiga — 300 mln soʻm hamda Savdo-sanoat palatasi hisobiga — 100 mln soʻm ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, innovatsion ishlanmalarni tanlab olish va ularni moliyalashtirish (qoʻshimcha moliyalashtirish) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2008-yil 15-iyuldagi PQ-916-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasini oʻtkazishni Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh deb ataladi) bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki:
innovatsion ishlanmalarni tugallashga, tajriba sanoat namunalarini yaratishga, dastlabki loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek ularni davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga tatbiq etishga grant mablagʻlari ajratish moliyalashtirish shartlarida amalga oshiriladi;
innovatsion ishlanmalarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat sifatida tatbiq etishga grant mablagʻlari ajratish tatbiq etish qiymatining 70 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha moliyalashtirish shartlarida amalga oshiriladi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda patentlar, litsenziyalar va/yoki amaliy faoliyatda innovatsion ishlanmalardan foydalanish xavfsizligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlarning mavjud boʻlishi innovatsion ishlanmalarni tanlab olishning asosiy shartlari hisoblanadi;
har bir aniq holatda grantlar ajratish shartlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi (grant beruvchi) bilan innovatsion loyihalar ishlab chiquvchilar hamda innovatsion loyihalarni tatbiq etayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tuziladigan bitimlarda belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi:
bir oy muddatda ushbu qarorda nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga ularning tatbiq etilishiga grantlar berish uchun innovatsion ishlanmalarning roʻyxatini Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh koʻrib chiqishi uchun kiritsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir hafta muddatda grantlar ajratish boʻyicha uch tomonlama namunaviy bitimlar loyihalarini ishlab chiqsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-may,
144-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 21-son, 253-modda)