Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXORO-XIVA MINTAQASINING SHARQIY KULTAK — SHIMOLIY NISHON — QAMASHI INVESTITSIYA BLOKI DOIRASIDA NEFT VA GAZ QIDIRISH UCHUN GEOLOGIYA-RAZVEDKA ISHLARI OLIB BORISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Zamonaviy usullarni, texnologiyalar va asbob-uskunalarni qoʻllash hisobiga geologiya-razvedka ishlari samaradorligini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida uglevodorod xom ashyoning razvedka qilingan zaxiralari hajmini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 7-iyundagi PQ-649-son qarori bilan tasdiqlangan Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomning VIII boʻlimi 84-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi timsolida ekspertiza qilish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan Sharqiy Kultak — Shimoliy Nishon — Qamashi investitsiya bloki doirasida geologiya-razvedka ishlari olib borish yuzasidan yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitob boʻyicha ijobiy xulosalar berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan “ZEROMAX GmbH” kompaniyasi (Shveysariya) bilan birgalikda ishlab chiqilgan, 2008—2012-yillar davrini nazarda tutadigan Sharqiy Kultak — Shimoliy Nishon — Qamashi investitsiya bloki doirasida:
Ayzavat uchastkasida 2D usuli bilan 800 pogon km hajmida seysmorazvedka ishlari olib borishni va Girsan, Qirqquloch-Alyadun, Gasanja-Dalikun, Nishon va Beshkent-Qamashi uchastkalarida 3D usuli bilan 2100 kv km hajmida seysmorazvedka ishlari olib borishni;
24 ta yangi istiqbolli tuzilmalarni keyinchalik qidiruv burgʻulashiga kiritgan holda tayyorlashni;
161,12 ming pogon metr, shu jumladan 80440 pogon metr qidirish va 80680 pogon metr razvedkaga oid burgʻulash ishlarini amalga oshirishni;
48 ta qidirish-razvedka quduqlari qurishni;
uglevodorod zaxiralari 102,25 mln tonna shartli yoqilgʻi hajmida oʻsishini taʼminlashni;
238,7 mln. dollar, shu jumladan dastlabki uch yilda 164,8 mln. dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etilishini nazarda tutadigan geologiya-razvedka ishlari olib borish yuzasidan yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitob maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 7-iyundagi PQ-649-son qaroriga muvofiq “ZEROMAX GmbH” kompaniyasiga Sharqiy Kultak — Shimoliy Nishon — Qamashi investitsiya blokini geologik jihatdan oʻrganish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya bersin.
4. “ZEROMAX GmbH” kompaniyasiga:
Sharqiy Kultak — Shimoliy Nishon — Qamashi investitsiya bloki burchak nuqtalarining tasdiqlangan koordinatlari doirasida litsenziyaning amal qilishi davrida oʻz tavakkalchiligi ostida geologiya-razvedka ishlari koʻrsatkichlari bajarilishini albatta taʼminlagan holda geologiya-razvedka ishlari olib borishga;
kompaniyaning shuʼba korxonasi — “Oʻzgazoyl” xorijiy shuʼba korxonasini berilayotgan yer qaʼri uchastkalarida geologiya-razvedka ishlarini olib borish boʻyicha operator sifatida jalb etishga ruxsat berilsin. Bunda investor operatorning xatti-harakatlari uchun oʻz xatti-harakatlari singari javob beradi.
5. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “ZEROMAX GmbH” kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro-Xiva mintaqasining Sharqiy Kultak — Shimoliy Nishon — Qamashi investitsiya bloki doirasida neft va gaz qidirish uchun geologiya-razvedka ishlarini olib borish boʻyicha bitimni amalga oshirish yuzasidan, uni imzolash huquqi bilan, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi etib belgilansin.
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi (N.A. Ahmedov) Bitimda nazarda tutilgan, investor tomonidan qabul qilingan majburiyatlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tizimli nazoratni va Vazirlar Mahkamasiga har oyda loyihaning amalga oshirilishi toʻgʻrisida xolisona axborot taqdim etilishini taʼminlasin.
7. Qashqadaryo viloyati hokimligi operatorga Bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasini belgilangan tartibda ajratsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-aprel,
59-son