O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2009—2015-YILLAR DAVRIDA RESPUBLIKADA ISSIQLIK TA’MINOTI TIZIMINI ISLOH QILISH KONSEPSIYASINI HAMDA ISSIQLIK TA’MINOTI TIZIMINI MODERNIZATSIYA QILISH VA RIVOJLANTIRISH DASTURINI ISHLAB CHIQISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Uy-joy-kommunal sohada iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish, asosiy fondlarni yangilash va modernizatsiya qilish, zamonaviy tejamli va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, moliyaviy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlarning sifati uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va issiqlik bilan ta’minlaydigan korxonalarning mas’uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tasdiqlangan Iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi doirasida mutaxassislarni jalb etgan holda respublika mintaqalarida issiqlik ta’minoti sohasidagi ishlarning ahvoli o‘rganib chiqilganligi va issiqlik ta’minoti tizimining holatini yaxshilashga doir aniq takliflar ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shu jumladan:
iste’molchilarni xatlovdan o‘tkazish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini avtomatlashtirilgan hisobga olishni joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoniga muvofiq ko‘rsatilayotgan xizmatlar tannarxini pasaytirish;
noishlab chiqarish xarajatlariga va normativdan ortiqcha yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik hisobiga issiqlik ta’minoti korxonalarining ish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
3. 2009—2015-yillar davrida respublikada issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini hamda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruh (N.Xanov):
Konsepsiyaning maqsadlari, vazifalari, muammolarini hal etish yo‘llarini va uni amalga oshirish bosqichlarini nazarda tutadigan 2009—2015-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini;
2009—2015-yillar davrida respublika mintaqalarida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturi loyihasini 2009-yil 1-avgustgacha ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, Dasturda moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda:
issiqlik bilan ta’minlaydigan korxonalarning texnik holatini (bug‘ qozoni uskunasi, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlari), ko‘p kvartirali uylarni (uy ichidagi asbob-uskuna, tik quvurlar, elevatorlar, uylar tomiga yopilgan materiallarning eskirganligi darajasi va issiqlik nobudgarchiligi darajasi), shuningdek turar joy fondi issiq suv va issiqlik energiyasini hisobga olish asboblari bilan jihozlanganligini xatlovdan o‘tkazish;
quyidagilar:
bug‘ qozonlarini modernizatsiya qilish, mukammal ta’mirlashni, issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va tiklash;
eskirgan magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirish va mukammal ta’mirlash, yoqilg‘ining muqobil turlarini qo‘llagan holda isitish va issiq suv ta’minotining mahalliy (avtonom) va yopiq tizimlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, ma’naviy eskirgan tejamsiz bug‘ qozoni agregatlarini almashtirish;
yirik issiqlik manbalarida gaz-turbina texnologiyalarini qo‘llagan holda elektr va issiqlik energiyasini kombinatsiyalangan holda ishlab chiqarish qurilmalarini joriy etish;
energiya resurslarining ishlab chiqarish va moliyaviy hisobini takomillashtirish, abonentlarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini faol joriy etish, issiqlik ta’minotining ko‘rsatilgan xizmatlari uchun haq to‘lash, iste’molchilar va energiya resurslarini yetkazib beruvchilarning debitorlik va kreditorlik qarzlarini hisobga olgan holda o‘tkazilgan xatlov natijalari asosida har bir mintaqa bo‘yicha Issiqlik ta’minotini rivojlantirishning bosh sxemasini ishlab chiqish tadbirlari nazarda tutilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M.Xanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-mart,
78-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 19-martdagi 78-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
2009—2015-yillar davrida respublikada issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini hamda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh
tarkibi
tarkibi
| Xanov N.M. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari |
| Xo‘jayev B.A. | — | Iqtisodiyot vaziri, ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari |
| Tursunov Yo.E. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Shoabdurahmonov R.M. | — | Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari |
| To‘laganov Sh.O. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari |
| Kanyazov E.S. | — | Adliya vazirining o‘rinbosari |
| Ulashov B.S. | — | Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi |
| Nazarov U.S. | — | “O‘zbekneftgaz” MXK boshqaruvining raisi |
| Teshabayev B.M. | — | “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvining raisi |
| Xolmuhamedov O‘.O. | — | “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori |
| G‘ulomov R.A. | — | Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ijrochi direktori |
| Maksumov N.E. | — | “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Vagapov I.X. | — | “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Sheraliyev R.M. | — | “O‘zdavneftgazinspeksiya” boshlig‘i |
| Nimatullayev A.D. | — | “O‘zdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i |
| Xolmatov I.M. | — | “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bosh direktori |
| Shaismatov S.E. | — | “Issiqlikenergoloyiha” institutining direktori |
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari | ||
Izoh. Ishchi guruh a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda ishchi guruh tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Ishchi guruh vazirliklar, idoralar va hokimliklarning tarkibiy bo‘linmalari mutaxassislarini jalb qilishga haqlidir.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 13-son, 143-modda)