Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
“YENGILSANOATSERVIS” UNITAR KORXONASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-yanvardagi 24-sonli “Yengilsanoatservis” unitar korxonasini qayta tashkil etish toʻgʻrisida” gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tugatilayotgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasining ijtimoiy, kommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanilishini, uning hududida tashkil etiladigan korxonalarga servis xizmatlari koʻrsatishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining:
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan “Yengilsanoatservis” unitar korxonasi tashkil etilishi toʻgʻrisidagi;
“Yengilsanoatservis” unitar korxonasining ustav fondini shakllantirish uchun “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasining kreditorlar bilan oʻzaro hisob-kitob qilingandan keyin qoladigan pul mablagʻlarini va davlatning boshqa mol-mulkini “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Tugatilayotgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi hududida joylashgan korxonalarga umumiy muhandislik kommunikatsiyalarini boshqarishni, ulardan foydalanishni va kapital taʼmirlashni, hududni qoʻriqlashni, yuklarni tashishni, yuklash-tushirish ishlarini, rekreatsiya zonalaridan, umumiy foydalaniladigan yoʻllardan, umumiy ovqatlanish punktlaridan foydalanishni muvofiqlashtirishga oid servis xizmatlari koʻrsatish “Yengilsanoatservis” unitar korxonasining asosiy vazifasi etib belgilansin.
3. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bir oy muddatda belgilangan tartibda:
“Yengilsanoatservis” unitar korxonasining ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga beriladigan pul mablagʻlari va davlat mulki miqdorida aksiyalarning qoʻshimcha emissiyasi roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. “Yengilsanoatservis” unitar korxonasi Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir koʻchasi, 53b-uy, 6-korpusga joylashtirilsin.
5. Toshkent shahar hokimligi (Toʻxtayev) “Yengilsanoatservis” unitar korxonasi bilan birgalikda tugatilayotgan “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi hududida tashkil etilayotgan toʻqimachilik kompleksi hududida joylashgan korxonalar mablagʻlari hisobiga, shartnoma asosida, zonaning shahar ichida joylashishiga oid ekologiya va sanitariya normalari talablariga javob beruvchi zamonaviy sanoat zonasi yaratilishini taʼminlovchi qurilish va obodonlashtirish ishlari kompleksini amalga oshirsin.
6. “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasini tugatish komissiyasi (Azimov) belgilangan tartibda “Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasini tugatish balansini tasdiqlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 25-fevral,
32-son