LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi ayrim normalarining o‘zgartirilishi, birinchi instansiya sudi qarorlari va ajrimlari ustidan apellatsiya tartibida shikoyat berish institutining joriy etilishi hamda fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining sudlar tomonidan bir xil qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori fuqarolik ishlarini ko‘rishda qonuniy, asosli va adolatli sud qarorlari qabul qilish maqsadida moddiy va protsessual huquq normalariga og‘ishmay va qat’iyan rioya qilish lozimligiga qaratilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 1-moddasiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.
Sudya faqat qonunda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha arizani qabul qilishni rad etishga haqli. Keltirilgan talablarning isbotlanmaganligi, da’vo muddatini o‘tkazib yuborilganligi va boshqa, qonunda nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha arizani qabul qilish va fuqarolik ishini qo‘zg‘atish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 149-moddasiga muvofiq arizada nafaqat da’vogarning talabi, balki da’vogar o‘z talablariga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlaydigan dalillar ham ko‘rsatilishi lozim.
Da’vo arizasi O‘zbekiston Respublikasi FPKning 149 va 150-moddalari talablariga javob bermasa yoki davlat boji to‘lanmagan bo‘lsa, sudya O‘zbekiston Respublikasi FPKning 154-moddasiga asosan arizani harakatsiz qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va kamchiliklarni tuzatish uchun muhlat beradi. Beriladigan muhlat chegarasi har bir muayyan holatda arizadagi kamchiliklar xususiyati va ularni bartaraf etishning real imkoniyatlarini inobatga olgan holda belgilanadi.
4. Fuqarolik ishini qo‘zg‘atish, arizani harakatsiz qoldirish yoki arizani qabul qilishni rad etish masalasi sudya tomonidan tegishli ajrim chiqarish yo‘li bilan hal etiladi.
Arizani qabul qilishni rad etishni qonunda nazarda tutilganidek, ya’ni ajrim chiqarish yo‘li bilan emas, balki “ustxat” orqali rasmiylashtirish hollarini amaliyotdan batamom chiqarib tashlash kerak. Arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida chiqarilishi lozim.
5. Boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokuror, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar tomonidan beriladigan arizalar, shuningdek prokurorning huquqiy hujjatni g‘ayriqonuniy deb topish haqidagi arizasi O‘zbekiston Respublikasi FPKning 149-moddasi talablariga javob berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. Da’vodan voz kechilganligi to‘g‘risidagi, da’voning tan olinganligi to‘g‘risidagi, shuningdek kelishuv bitimiga erishilganligi to‘g‘risidagi arzlar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va tegishincha, da’vogar, javobgar yoki ikkala taraf tomonidan imzolanadi. Agar bunday arzlar yozma shaklda taqdim etilgan bo‘lsa, mazkur arizalar ishga qo‘shib qo‘yilib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi. Sud majlisi bayonnomasiga kiritilgan tushuntirishlar, ko‘rsatuvlar va xulosalar, agar sud zarur deb topsa, sud protsessi ishtirokchilari (taraflar, guvohlar, ekspertlar) tomonidan imzolanishi mumkin.
Javobgar arz qilingan talablarni sudda ish ko‘rilayotganda tan olishi ish yuritishni tugatishga asos bo‘la olmaydi. Sud tan olishni qabul qilsa, arz qilingan talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori chiqariladi.
8. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ishlarni sudda ko‘rishga tayyorlash ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etishning asosiy shartlaridan biridir. Ishlarni sudda ko‘rishga tayyorlash fuqarolik protsessining mustaqil, barcha fuqarolik ishlari uchun majburiy bosqichi bo‘lib, u har bir fuqarolik ishining xususiyati va toifasiga qarab amalga oshirilishi shart.
Sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslarni chaqirmasdan turib, ishni sudda ko‘rishga tayyorlash yuzasidan qilgan harakatlarini ajrim shaklida rasmiylashtiradi. Bu ajrim ustidan apellatsiya shikoyatidan alohida tarzda shikoyat qilinishi mumkin emas.
a) taraflarning huquqiy munosabatlarini va ishni ko‘rishda amal qilinishi lozim bo‘lgan qonunni aniqlash;
b) taraflarning talab va e’tirozlarini asoslovchi faktlarni, shuningdek nizoni to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatga molik boshqa faktlarni aniqlash;
v) ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan dalillar doirasini aniqlash va ularni o‘z vaqtida sud majlisiga taqdim etilishini ta’minlash;
10. Fuqarolik ishi O‘zbekiston Respublikasi FPKning 131-moddasida belgilangan muddatlardan kechiktirilmay sudda ko‘rishga tayyorlanishi va ko‘rib chiqilishi lozim, shu jumladan muqaddam qabul qilingan hal qiluv qarori bekor qilinishi munosabati bilan ish yangidan ko‘rishga yuborilganida ham bu qoida amal qiladi.
Agar arizada yoki sud tomonidan bitta ish yurituviga birlashtirilgan bir qancha talablar hamda sudda ko‘rishga tayyorlash va ko‘rish yuzasidan ba’zilari bo‘yicha umumiy, ba’zilari bo‘yicha esa, qisqartirilgan muddatlar belgilangan bo‘lsa, fuqarolik ishi sudda ko‘rishga tayyorlab bo‘lingan kundan e’tiboran bir oydan, o‘ta murakkab ishlar bo‘yicha, sudyaning asoslantirilgan ajrimiga ko‘ra, ikki oydan kechiktirilmay ko‘rilishi lozim.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
11. Sudlar shuni e’tiborda tutsinlarki, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 110, 111-moddalariga muvofiq davlat bojini va davlat daromadiga undiriladigan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod qilish, sud xarajatlarini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va ularning miqdorini kamaytirish sudning protsessual harakati bo‘lib, faqat taraflarning mulkiy ahvoliga qarab amalga oshirilishi mumkin.
Tarafning mulkiy ahvoli deganda uning davlat bojini qonunda belgilangan miqdorda bir yo‘la to‘lashiga qodir emaslik holatlari tushunilishi lozim.
Ushbu masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi FPKning 121, 346-moddalarida belgilangan tartibda shikoyat berilishi, protest keltirilishi mumkin.
Shuni nazarda tutish kerakki, asosiy va qarshi da’vo arizalar hamda boshlangan sud jarayonida nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarning arizalari bo‘yicha davlat boji O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1994-yil 3-noyabrda qabul qilingan 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat boji stavkalariga muvofiq miqdorda to‘lanishi lozim.
12. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 249-moddasida ko‘rsatilgan da’voni ta’minlash choralari, agar da’voni ta’minlash choralarini ko‘rmaslik sud chiqargan hal qiluv qarorini bajarishni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkin bo‘lsa, ishni sudda ko‘rishga tayyorlash jarayonida ham, ish ko‘rilayotganda ham qo‘llanilaveradi.
Bu choralar jinoyat orqali yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, qarz summasini undirish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish haqidagi va boshqa ishlarni ko‘rishda qo‘llanilishiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 05-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
14. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 57-moddasiga muvofiq har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart.
Sud qanday holatlar ish uchun ahamiyatga ega ekanligini, ularni taraflardan qaysi biri isbotlashi kerakligini aniqlaydi, hatto taraflar bu holatlarni dalil qilib keltirmagan bo‘lsalar ham ularni muhokamaga qo‘yadi.
Dalillar taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan taqdim etiladi. Sud ularga qo‘shimcha dalillar taqdim qilishni taklif etishi mumkin. Qo‘shimcha dalillar taqdim etish taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar uchun qiyinchilik tug‘dirsa, sud ularning iltimosnomasiga ko‘ra dalillar to‘plashda ularga yordam ko‘rsatadi.
15. Sud faqat nizo predmetiga nisbatan bevosita aloqador va birgalikda nizo mazmuni yuzasidan taraflarning vajlarini tasdiqlash yoki rad qilish, ish holatini aniqlash uchun yetarli bo‘lgan faktik ma’lumotlarni va dalillarni tekshiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan dalillarni qabul qilishga, shuningdek kelib chiqqan nizo bo‘yicha isbotlash vositalari bo‘la olmaydigan ma’lumotlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Zarur bo‘lgan isbotlash vositalari doirasi, arz qilingan talablar va e’tirozlarning xususiyatini inobatga olgan holda sud tomonidan belgilanadi.
16. Ishni ko‘rish keyinga qoldirilgan taqdirda, keyinga qoldirilgan ishni ko‘rish qolgan joyidan davom ettiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 33-moddasida sanab o‘tilgan yangi shaxslarni jalb qilish uchun keyinga qoldirilgan ishlar bundan mustasno. Zotan, bunday holda ishni ko‘rish yangidan boshlanadi.
Avvalgi sud majlislarida O‘zbekiston Respublikasi FPKning 63, 65, 66 va 72-moddalarida nazarda tutilgan tartibda olingan yozma dalillar va guvohlarning ko‘rsatuvlari ishni mazmunan hal qilinayotgan sud majlisida o‘qib eshittirilishi lozim.
Avval chiqarilgan hal qiluv qarori bekor bo‘lganidan so‘ng, sudya ishni yangidan ko‘rishda, bekor bo‘lgan hal qiluv qarori chiqarilgan sud majlisida so‘roq qilingan guvohlarning ko‘rsatuvlarini, agar yangi sud majlisida guvohlarning ishtirok etishi mumkin bo‘lmasa (kasalligi, uzoq muddatli xizmat safarida bo‘lganligi tufayli va hokazo), o‘qib eshittirishga hamda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa dalillar bilan birgalikda baho berishga haqli.
17. Qonun bo‘yicha ishning muayyan isbotlash vositalari bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan holatlarini boshqa hech qanday isbotlash vositalari bilan tasdiqlash mumkin emas.
Fuqarolar o‘rtasida hamda yuridik shaxslar bilan fuqarolar o‘rtasida tuzilgan bitimlarga oid ishlarni ko‘rishda bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitim tuzilganligini, uning mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qilishi e’tiborga olinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi har bir shaxsni uning shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqini, uning yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar siri oshkor qilinmasligini kafolatlaydi. Qonunga xilof ravishda yozib olingan telefondagi so‘zlashuvlar dalil hisoblanmaydi va sud O‘zbekiston Respublikasi FPKning 56, 59-moddalariga asosan ularni ko‘rish uchun qabul qilmasligi lozim.
18. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 207-moddasiga ko‘ra sud ishni da’vogarning arz qilgan talablari doirasida hal qiladi. Biroq, sud da’vogarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb topsa, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda da’vogarning arz qilgan talablari doirasidan chetga chiqishi mumkin.
Bunda sud hal qiluv qarorini, da’vogar o‘zining talablariga asos qilib ko‘rsatmagan, lekin sud majlisida aniqlangan va har tomonlama tekshirilgan faktlar bilan asoslantirishga haqli.
19. Boshlangan sud majlisida faqatgina O‘zbekiston Respublikasi FPK 224-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan barcha asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sirtdan ish yuritilishi mumkin.
Agar javobgar sud majlisiga kelmaganligi tufayli da’vogarning iltimosiga ko‘ra ishni ko‘rish keyinga qoldirilgan bo‘lsa, javobgar sud majlisiga takroran kelmasa, sud ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqishga haqli.
Javobgar sud majlisiga kelgan, ammo sud majlisi tugagunga qadar o‘zboshimchalik bilan sud majlisini tark etgan yoxud ish bo‘yicha e’lon qilingan tanaffusdan keyin uzrli sababsiz kelmagan taqdirda, sud mavjud bo‘lgan materiallar asosida ishni uning ishtirokisiz ko‘rish masalasini muhokama qilishi mumkin. Bunday sud majlisida chiqarilgan hal qiluv qarori sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori deb hisoblanmaydi.
20. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 320-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qarori chiqqan kundan e’tiboran yigirma kun ichida taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxslar hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati berishlari, prokuror protest keltirishi mumkin.
Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar, faqat sud ularning huquq va majburiyatlariga taalluqli hal qiluv qarori qabul qilgan taqdirdagina apellatsiya shikoyati berishga haqli.
21. Sudning hal qiluv qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi FPKning 320-moddasida nazarda tutilgan apellatsiya shikoyati berish (protesti keltirish) muddatini mazkur qaror chiqqan kundan boshlab hisoblash lozim.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi arizalari, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 130-moddasida belgilangan qoidalar asosida birinchi instansiya sudi tomonidan sud majlisida ko‘rib chiqilishi lozim.
Apellatsiya (xususiy) shikoyati berish muddatini tiklashni rad etish to‘g‘risidagi sud ajrimi ustidan O‘zbekiston Respublikasi FPKning 346-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
22. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 332-moddasiga muvofiq sud ishni apellatsiya tartibida ko‘rayotganda ishda mavjud bo‘lgan va qo‘shimcha taqdim qilingan materiallar asosida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qay darajada qonuniy, asosli va adolatli ekanligini to‘liq tekshiradi. U yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Sudning hal qiluv qarorini to‘liq tekshirish deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan ishning faktik holatlari aniqlanganligi, moddiy va protsessual huquq normalarining qo‘llanilganligi qanchalik to‘g‘ri bo‘lganligini tekshirish tushuniladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi da’vo talablari doirasida taraflar tomonidan yangidan taqdim etilib, tekshirish uchun qabul qilingan dalillar asosida, agar ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar mazkur dalillar yuzasidan o‘zlarining fikrlarini apellatsiya shikoyatiga (protestiga) keltirgan e’tirozlarida yoki apellatsiya instansiyasi sudi majlisida bildirishgan bo‘lsa, yangi holatlarni aniqlashi mumkin.
Bunday hollarda apellatsiya instansiya sudi ishni birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rishga yubormasdan, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartiradi yoki uni bekor qilib, ish bo‘yicha yangi hal qiluv qarori chiqaradi.
Agar apellatsiya shikoyati to‘liq hal qiluv qarori ustidan emas, balki uning bir qismi ustidan berilgan bo‘lsa, shikoyat berilgan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmaydi, chunki apellatsiya instansiyasi sudi qonuniylik manfaatini ko‘zlab O‘zbekiston Respublikasi FPKning 332-moddasiga muvofiq ishni to‘liq tekshirib chiqishi shart.
23. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 93, 97, 100 va 337-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra apellatsiya instansiya sudi tegishli ajrim chiqarib, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga, ish yuritishni to‘xtatib turishga, ish yuritishni tugatishga yoxud arizani ko‘rmasdan qoldirishga haqli.
24. Apellatsiya instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun yuborilayotganda ajrimda ish holatlarini tekshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qaysi protsessual harakatlar birinchi instansiya sudi tomonidan bajarilishi lozimligi ko‘rsatiladi.
Shu bilan bir qatorda apellatsiya instansiyasi sudi qaysi dalillar ishonchga sazovor, qaysilari sazovor emasligi, qaysi dalillarning boshqa dalillarga nisbatan ustunligi hamda ishni yangidan ko‘rib chiqishda qanday hal qiluv qarori chiqarilishi mumkinligi haqidagi masalani oldindan hal qilishga haqli emas.
25. Qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarorlari ustidan sudning hal qiluv qarori chiqqan kundan e’tiboran bir yil ichida taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxslar tomonidan kassatsiya shikoyati berilishi va prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudining ishni ko‘rish doirasi va vakolatlariga doir tushuntirishlar O‘zbekiston Respublikasi FPKning 34813 va 34815-moddalarida nazarda tutilgan kassatsiya instansiyasi sudining ishni ko‘rish doirasi va vakolatlariga ham taalluqlidir.
26. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 27-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda ishni apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi o‘zgarishsiz qolgan yoki bekor qilinganligidan qat’i nazar ishni apellatsiya instansiyasi sudida yangidan ko‘rishda ishtirok etishga haqli.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi o‘zgarishsiz qolgan yoki bekor qilinganligidan qat’i nazar ishni kassatsiya instansiyasi sudida yangidan ko‘rishda ishtirok etishga haqli.
27. O‘zbekiston Respublikasi FPK 312-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra sudning mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori faqat rasmiy asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.
Rasmiy asoslar deganda hal qiluv qarorining mazmuniga ta’sir qilmaydigan harakatlar, ya’ni protsessual huquq normalariga rioya qilmaslikni, shuningdek moddiy huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llashni tushunish kerak. Sud qarorlarini shak-shubhasiz bekor qilinishiga olib keladigan, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 314-moddasida sanab o‘tilgan protsessual huquq normalarini buzish hollari bundan mustasno.
28. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonunda sud qarorlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish borasida cheklashlar belgilanmagan, shuning uchun sudning qonuniy kuchga kirgan har qanday hal qiluv qarori, ajrimi va qarori ustidan nazorat tartibida protest keltirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi FPK 350-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi ariza sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran uch yil davomida berilishi mumkin. Uch yillik muddat o‘tgandan keyin berilgan arizalar ko‘rilmaydi.
Bir-biriga bog‘liq bo‘lgan taqdirda ham, ikki yoki undan ortiq ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar, qarorlar ustidan O‘zbekiston Respublikasi FPKning 353-moddasi tartibida bitta protest keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hollarda qaysi ishlar bo‘yicha bitta protest keltirilgan bo‘lsa shu ishlar talab darajasida rasmiylashtirilishi uchun protestni imzolagan mansabdor shaxsga qaytarilishi kerak.
29. Shikoyatlarni nazorat tartibida ko‘rayotgan sudlarni e’tibori ish bo‘yicha keltirilgan protestning ko‘chirma nusxalarini taraflarga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga o‘z vaqtida yuborish hamda ularni ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi FPKning 355-moddasi talablariga qat’iy rioya etilishiga qaratilsin.
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 356-moddasiga muvofiq nazorat tartibida protest keltirgan mansabdor shaxs ish ko‘rilgunga qadar protestni qaytarib olishga haqli ekanligini inobatga olib, uning protestni asoslantirish va xulosa qismini o‘zgartirishiga ham yo‘l qo‘yiladi. Ishni ko‘rish vaqtida protest qaytarib olinishi ham, o‘zgartirilishi ham mukin emas.
30. Sud qarorida boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgan hollarda, ishni nazorat tartibida ko‘rishda FPKning 357-moddasida nazarda tutilgan protest doirasidan chetga chiqish huquqi, nazorat instansiyasi sudiga ko‘rilayotgan ishga ilova qilingan, boshqa ishlar yuzasidan chiqarilgan, lekin protest keltirilmagan hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni o‘zgartirish yoxud bekor qilish huquqini bermaydi.
Ishni nazorat tartibida ko‘rayotgan sud birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rilmagan qo‘shimcha materiallarga asoslangan holda hal qiluv qarorini o‘zgartirishga yoki yangi hal qiluv qarori chiqarishga haqli emas.
31. Sudlarga shu narsa tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi FPK 13-moddasining ikkinchi qismi talablariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lishi taqozo etiladi deganda, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish uchun Rayosat a’zolarining toq (kamida uch nafar sudyadan iborat bo‘lgan) soni tushuniladi, O‘zbekiston Respublikasi FPK 27-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan, ishni nazorat tartibida ko‘rishda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydigan sudyalar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 314-moddasida nazarda tutilgan protsessual huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash ro‘yxati tugal bo‘lganligi sababli, ish nazorat instansiyasi sudida juft sonli tarkibdagi sudyalardan iborat hay’atda ko‘rilgan bo‘lsa, ushbu holat o‘z o‘zidan sud qarorini bekor qilishga asos bo‘lmaydi.
Agar, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, ishni viloyat sudining yoki unga tenglashtirilgan sudning nazorat instansiyasida ko‘rish mumkin bo‘lmasa, bunday ishning sudlovga taalluqliligi O‘zbekiston Respublikasi FPK 30-moddasining uchinchi qismi talablariga muvofiq belgilanadi.
32. Qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish masalasini hal etishda O‘zbekiston Respublikasi FPKning 362-moddasida ko‘rsatilgan asoslar ro‘yxati tugal ekanligini sudlar nazarda tutishlari lozim.
Bunda faqat sudning xulosasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlarni, xususan arizachiga noma’lum bo‘lgan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, lekin ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni e’tiborga olish lozim.
Sud qarori chiqarilganidan so‘ng vujudga kelgan yangi holatlar mazkur qarorni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishga emas, balki yangi talablar bilan murojaat qilishga asos bo‘ladi.
33. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 363-moddasi talabiga ko‘ra qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yangi ochilgan holatlar bo‘yicha shu hal qiluv qarorini chiqargan sud tomonidan qayta ko‘riladi.
Birinchi instansiya sudi chiqargan hal qiluv qarorini o‘zgartirgan yoki yangi hal qiluv qarori chiqargan apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudlarining ajrim va qarorlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish hal qiluv qarorini o‘zgartirgan yoki yangi hal qiluv qarori chiqargan sud tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi ochilgan holatlar bo‘yicha hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni qayta ko‘rish haqida ariza berish muddati O‘zbekiston Respublikasi FPKning 365-moddasida belgilangan qoidalar asosida hisoblanadi.
Hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, ish tegishli instansiya sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi FPKda belgilangan normalarga rioya etilgan holda ko‘riladi.
(33-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 15-maydagi 14-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
37. Ishlarni apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘radigan sudlar birinchi instansiya sudlari tomonidan fuqarolik ishlarini ko‘rishda protsessual huquq normalariga rioya qilinayotganligiga e’tiborni kuchaytirishlari hamda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan chora ko‘rishlari lozim.