Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ALKOGOLLI MAHSULOTLARGA VA TAMAKI MAHSULOTLARIGA YANGI NAMUNADAGI AKSIZ MARKALARI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyuldagi 313-sonli “Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qaroriga muvofiq hamda alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2009-yil 1-apreldan boshlab alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlarga dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqilgan, himoyaning qoʻshimcha darajalariga ega boʻlgan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilsin.
2. Belgilansinki, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻidagi alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab olti oy oʻtgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyilishi kerak.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi:
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishini alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar eʼtiboriga yetkazsinlar;
ishlab chiqaruvchi korxonalar va import qiluvchilarning yangi namunadagi aksiz markalari tayyorlashga buyurtmalari “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida oʻz vaqtida joylashtirilishini taʼminlasinlar;
2009-yil 1-oktabrdan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻida ularning sotilishini aniqlash va oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda olib qoʻyish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 285-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 8-son, 24-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chetdan keltiriladigan va respublikaning oʻzida ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-fevral,
49-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-fevraldagi 49-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida chetdan keltiriladigan va respublikaning oʻzida ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlariga aksiz markalarining dizayni har 2 yilda yangilab turilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda aksiz markalarining dizayni almashtiriladigan joriy yilning 1-fevraligacha:
himoyaning qoʻshimcha darajalari joriy etilishini hisobga olgan holda yangi namunadagi aksiz markalarining dizaynini ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar;
yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini sotishga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab olti oy mobaynida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsat beriladi.
Eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmoqlaridagi alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab olti oy oʻtgandan keyin markalanmagan hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyilishi kerak”.
2. 8-bandda:
toʻrtinchi va beshinchi xatboshi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan almashtirilsin:
“alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar — buyurtma berilayotgan aksiz markalari sonining toʻliq nominal qiymatini va aksiz soligʻining barcha summasini”;
oltinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. 14-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar aksiz markalarini aksiz soligʻini toʻliq hajmda toʻlagandan keyin sotib oladilar”.
4. 19-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“19. Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz markalari bilan markalanmagan alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan, ularni olib kelayotgan va sotayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 9-son, 88-modda)