Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
IQTISODIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
1995-yil 11-yanvarda Varshava shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaning qoidalariga amal qilib,
iqtisodiy hamkorlik sohasida Ahdlashuvchi Tomonlar imzolagan xalqaro shartnomalar qoidalarini hisobga olib,
Polsha Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzoligini inobatga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni kelajakda mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligiga muvofiq oʻzaro tenglik va manfaatdorlik tamoyillari asosida iqtisodning barcha soha va tarmoqlarida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga imkoniyat yaratadilar.
2. Mazkur Bitim doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlik:
1) ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni kelajakda mustahkamlash maqsadida iqtisodiy potensialdan foydalanishga;
2) ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga, jumladan savdo aylanmasini oshirish sohasida, hamda investitsiya, innovatsiya va iqtisodiy tadbirlarni moliyalashtirish sohalarida;
3) transport infrastrukturasini rivojlantirishga;
4) hududlararo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
2-modda
1-moddada belgilangan hamkorlik jumladan quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
1) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni asosan quyidagi sohalarda rivojlantirish:
— yengil sanoat;
— kimyo sanoati;
— elektroenergetika, neft va gaz sohalari;
— avtomobilsozlik;
— qayta ishlash sanoati;
— oziq-ovqat sanoati.
2) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan loyihalashtirish, qurilish, taʼmirlash, rekonstruksiya va yangi texnologiyalarni joriy etish, hamda obyektlarning texnologik modernizatsiyalashuvini oʻz ichiga olgan investitsion loyihalarni ikkinchi Axdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirish yoki ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birgalikda ishtirokida amalga oshirish (oʻzlarining hududida yoki uchinchi davlatlar hududlarida);
3) kafillik berish va sugʻurtalash, moliyalashtirishning har xil turlarini joriy etish;
4) sertifikatlash va standartlash sohalarida oʻzaro hamkorlik;
5) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari xoʻjalik yurituvchi subyektlarini birlashtiruvchi palatalar, assotsiatsiyalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik;
6) Ahdlashuvchi Tomonlar, hamda uchinchi davlat hududlarida investitsion loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadigan konsalting, yuridik, bank va texnik xizmatlarni rivojlantirish;
7) hamkorlikning har xil koʻrinishlarini taklif etish va koʻmaklashish, texnik personallar va mutaxassislar bilan almashish, oʻquv, yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish, iqtisodiy missiyalarni tashkil etish va iqtisodiy hamkorlik bilan bogʻliq boshqa chora-tadbirlarni joriy qilish;
8) turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish.
3-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari ularning davlatlari hududida iqtisodiy faoliyat olib borayotgan vakolatxonalar, filiallar va aralash iqtisodiy palatalar hamda boshqa muassasalarni faoliyatiga va tashkil etilishiga koʻmaklashadilar.
2. Vakolatxonalar, filiallar, aralash iqtisodiy palatalar va iqtisodiy faoliyatni olib borayotgan boshqa muassasalarni tashkil etish va faoliyat olib borish tamoyillari, ular faoliyat olib borayotgan hudud davlati qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
4-modda
Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari ahdlashuvchi Tomonlarning amaldagi qonunchiligiga binoan quyidagi sohalarda axborotlar almashinuvini amalga oshiradilar:
1) Iqtisodiy faoliyatni, investitsiya, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, konsessiya, litsenziya va ruxsatnomalar taqdim etish shartlari, intellektual va sanoat mulki himoyasi, mualliflik va u bilan bogʻliq boʻlgan huquqlar, shuningdek oʻzaro manfaatli boshqa sohalarni tartibga soluvchi qonunchilik;
2) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida hamkorlikni oʻrnatishga koʻmaklashuvchi tadbirlar, shu qatorda iqtisodiy missiyalar va yarmarkalar, koʻrgazmalar oʻtkazish sohasida.
5-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar, kelgusida “Komissiya” deb ataluvchi Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Polsha Hukumatlararo Komissiyasini tuzadilar.
2. Komissiyaning vazifalari, xususan:
1) iqtisodiy hamkorlikning holatini davriy baholash va kuzatishni olib borish;
2) iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
3) ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kelgusida mustahkamlash va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan takliflarni tayyorlash;
4) mazkur Bitim qoidalariga sharh berish yoki ularni qoʻllash bilan bogʻliq bahslarni muhokama qilish.
3. Komissiya Ahdlashuvchi Tomonlardan tayinlanadigan vakillar tomonidan boshqariladigan oʻzbek va polyak qismlaridan tashkil topgan. Alohida masalalarini koʻrish uchun Komissiya oʻz vakolati doirasida ishchi guruhlarini tashkil etishi va ularning vazifalarini belgilashi mumkin.
4. Komissiya yigʻilishlari lozim boʻlganda, bir yilda kamida bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasida oʻtkaziladi. Raislardan birining tashabbusi bilan Komissiyaning navbatdan tashqari yigʻilishi chaqirilishi mumkin yoki raislar uchrashuvi taklif etilishi mumkin.
5. Komissiya ishining borishi u tomonidan oʻrnatilgan reglament bilan belgilanadi.
6. Komissiya yigʻilishi oʻzbek, polyak va rus tillaridagi Bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
6-modda
1. Ushbu Bitim qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi ishtirokchilari hisoblangan xalqaro shartnomalardan va ular aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlardan kelib chiqadigan Ahdlashuvchi Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2. Ushbu Bitim qoidalari Polsha Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
3. 1996-yil 21-iyunda Florensiya shahrida imzolangan bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa Hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasidagi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim bilan tartibga solinuvchi mazkur Bitim bilan qamrab olingan masalalarga nisbatan Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim holatlari ustuvorlik qiladi.
7-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan bayonnomalar, agarda bayonnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa mazkur Bitimning 8-moddasida belgilangan tartibga muvofiq kuchga kiradi.
8-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga yozma ravishda xabar berish orqali ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Bu holda mazkur Bitim shunday xabarnoma olingan sanadan boshlab olti oy oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
2007-yil 2-oktabrda Toshkentda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, polyak va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 1-2-son)