Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“YANGI AVLOD” RESPUBLIKA BOLALAR IJODIYOTI FESTIVALI JAMOATCHILIK KENGASHI HAMDA “YANGI AVLOD” RESPUBLIKA BOLALAR IJODIYOTI FESTIVALI NIZOMINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son qarorining ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini har yili oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini tashkiliy-moliyaviy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining hududiy bosqichlarini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etishda va unda bolalarning keng ishtiroki uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratishda amaliy yordam koʻrsatsinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining hududiy bosqichlarini oʻtkazish, ishtirokchilarni mukofotlash hamda Respublika final bosqichi ishtirokchilarining Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etishda har tomonlama koʻmaklashsinlar.
6. Vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlariga — tanlovni oʻtkazishda homiylik yordami koʻrsatish;
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga – “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-avgust,
191-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-avgustdagi 191-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali jamoatchilik Kengashi
TARKIBI*
TARKIBI*
Oldingi tahrirga qarang.
| G.I. Karimova | — | “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi” jamgʻarmasi vasiylik kengashi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi |
| A. Alimov | — | “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi, Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari |
| Gʻ. Shoumarov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri |
| M. Muratov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri |
| B. Sharofov | — | “Kelajak ovozi” respublika yoshlar tashabbusi markazi boshqaruvi raisi |
| Akmal Nur | — | Oʻzbekiston xalq rassomi |
| Sh. Gʻulomov | — | Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi |
| Oʻ. Joʻrayev | — | Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari |
| T. Qoʻziyev | — | Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi |
| M. Xojimatov | — | Respublika maʼnaviyat - targʻibot markazi rahbari |
| D. Murodova | — | Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori |
| A. Xodjayev | — | Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi |
| M. Raxmatullayeva | — | “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti markazi direktori |
| Sirojiddin Sayid | — | Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari |
| Sh. Yormatov | — | Oʻzbekiston xalq artisti |
| M. Ergasheva | — | Oʻzbekiston xalq artisti |
| D. Jamolova | — | V. Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqa akademik litseyi direktori |
* Jamoatchilik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan xodimlar jamoatchilik kengashi tarkibiga kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-avgustdagi 191-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1. “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali (keyingi oʻrinlarda Festival deb ataladi) iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning isteʼdod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning maʼnaviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, sanʼat va goʻzallikka intilishini kuchaytirish, milliy sanʼat anʼanalari va yoʻnalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda va tanlov shaklida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, Madaniyat vazirligi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Bastakorlar uyushmasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Festival tashkilotchilari hisoblanadilar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
3. Festivalda 6 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan ijodkor va iqtidorli bolalar ishtirok etadilar.
II. Festivalni oʻtkazish bosqichlari, muddatlari va yoʻnalishlari
4. Festival uch bosqichda oʻtkaziladi.
Festivalning 1-bosqichi Oʻzbekiston Respublikasining tuman va shaharlarida 25-apreldan 10-maygacha oʻtkaziladi.
Festivalning 2-bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida 20-sentabrdan 10-oktabrgacha oʻtkaziladi.
Festivalning 3-bosqichi — Respublika saralash bosqichi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida, laureatlarning gala-konserti “Istiqlol” sanʼat saroyida har yili oktabr oyining uchinchi oʻn kunligida oʻtkaziladi.
5. Festival quyidagi 6 yoʻnalish va 36 janr boʻyicha oʻtkaziladi:
a) “A” guruhi: Klassika — fortepiano, torli, puflab, urib chalinadigan musiqa asboblari;
b) “V” guruhi: Vokal — anʼanaviy va akademik ijro, estrada, folklor hamda xor guruhlari;
v) “S” guruhi: Milliy cholgʻu — torli, chertib, puflab, urib chalinadigan musiqa asboblari;
g) “D” guruhi: Raqs — milliy, ball hamda zamonaviy raqslar;
d) “E” guruhi: Tasviriy va amaliy sanʼat. Tasviriy sanʼat yoʻnalishiga — grafika, rangtasvir, natyurmort, liboslar dizayni. Amaliy sanʼat yoʻnalishiga — haykaltaroshlik, kulolchilik, zardoʻzlik, quroqchilik, gilamdoʻzlik, biser toʻqish, yumshoq oʻyinchoqsozlik, naqqoshlik, kashtachilik, yogʻoch oʻymakorligi kiradi;
e) “F” guruhi nasr va nazm. Nazm yoʻnalishiga — sheʼr, gʻazal, doston hamda nasr yoʻnalishiga — hikoya, ertak kiradi.
III. Festival shartlari
6. Festivalning “A”,”V”,”S” va “D” guruhlari ishtirokchilari uchun ijro vaqti quyidagicha belgilanadi:
1 toifa: 6—8 yoshdagilar uchun — 3—5 daqiqa;
2 toifa: 9—11 yoshdagilar uchun — 4—6 daqiqa;
3 toifa: 12—14 yoshdagilar uchun — 5—7 daqiqa.
Ishtirokchilar belgilangan vaqtdan oʻtib ketgan taqdirda hakamlar hayʼati aʼzolari ijroni toʻxtatib qoʻyishlari mumkin.
7. Festivalning “A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari tashkiliy qoʻmitaga ijro etadigan 2 tadan asarining matni va notasini, “E” va “F” guruhlari ishtirokchilari 5 tadan kam boʻlmagan ijodiy ishlari namunalari taqdim etishlari kerak.
8. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha ishtirokchilar oʻz mahoratlarini tomoshabinlar va tinglovchilar oldida erkin namoyish etishlari lozim.
9. “A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari oʻz dasturlarini jonli ijro etishlari va arizada koʻrsatilgan vaqtga qatʼiy amal qilishlari shart.
10. Taqdim qilingan dasturlar va ijodiy ishlar namunalariga oʻzgartirish kiritish mumkin emas.
IV. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
11. Festivalning 1 va 2-bosqichlarini oʻtkazish uchun tashkiliy qoʻmitalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazining joylardagi boʻlimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vazirligi, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi hamda viloyatlar madaniyat boshqarmalari vakillari ishtirokida tashkil etiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tashkiliy qoʻmitalar tomonidan festivalning 1 va 2-bosqichlaridagi ishtirokchilarni baholash uchun 18 kishi (har bir yoʻnalish uchun 3 kishi) dan iborat hakamlar hayʼati tashkil etiladi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar saralash bosqichlari gʻoliblarining hujjatlari Respublika saralash bosqichida ishtirok etish uchun 15-oktabrga qadar festival Jamoatchilik kengashiga topshiriladi.
14. Respublika saralash bosqichi uchun festival Jamoatchilik kengashi tomonidan har bir yoʻnalishda 5 nafardan kam boʻlmagan hakamlar hayʼati tashkil etiladi.
V. Festivalga taqdim etiladigan hujjatlar
Oldingi tahrirga qarang.
15. Tuman (shahar)lar miqyosida festivalda ishtirok etish istagini bildirgan bolalarning hujjatlari tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarida tashkil etilgan maxsus shtabda 5-avgustdan 1-oktabrgacha qabul qilinadi va Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti (shahar) boʻlimlariga topshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
16. Festival ishtirokchilari tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza-anketa;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (tugʻilganligi haqida guvohnoma)ning nusxasi;
3 x 4 oʻlchamda 2 dona fotosurat;
“A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari uchun — ijro etiladigan dasturning matni, notasi va ijro vaqti;
“E”, “F” guruhlari ishtirokchilari uchun —ijodiy ish namunalari;
taʼlim olayotgan muassasasidan tavsiyanoma yoki ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning bolaga festivalda ishtirok etishiga ruxsat berilishi soʻralgan arizasi.
17. V. Uspenskiy va R. Glier nomidagi Respublika maxsus musiqa akademik litseylari, Respublika tasviriy va amaliy sanʼat litseyi, Navoiy nomidagi Respublika nafis sanʼat litseyi, Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi oʻquvchilarining hujjatlari tanlovda ishtirok etish uchun qabul qilinmaydi.
VI. Festival gʻoliblarini taqdirlash
18. Festivalning har bir bosqichida yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishgan ishtirokchilar tashkilotchilar, mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan sertifikatlar va esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantiriladi.
19. Festivalning “A”,”V”,”S” va “D” guruhlari boʻyicha Respublika bosqichi laureatlarining Oʻzbekiston boʻylab ijodiy uchrashuvlari va konsert dasturlari tashkil etiladi.
20. Festivalning “E” va “F” guruhlari boʻyicha Respublika bosqichi laureatlarining eng yaxshi ishlaridan katalog tuzilib, davriy bolalar nashrlarida va alohida kitob shaklida chop etiladi, telekoʻrsatuv, radioeshittirish va internet sahifalari orqali keng jamoatchilikka tanishtiriladi.
21. Festivalning Respublika bosqichi laureatlariga festival Jamoatchilik kengashi tomonidan laureatlik sertifikati beriladi.
22. Festivalning Respublika bosqichi laureatlariga Oʻzbekistondagi sanʼat yoʻnalishidagi oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga ularning nizomlari asosida belgilangan tartibda ikki yil davomida imtiyozli asosda qabul qilinish huquqi beriladi.
23. Festival faoliyatining har ikki yildagi yakunlari boʻyicha eng yaxshi ijodiy ishlar namunalari Respublika bolalar ijodiyoti art-saloni va bolalar ijodi galereyasida namoyish etiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 336-modda; 2011-y., 25-son, 261-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)