O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
ZULFIYA NOMIDAGI DAVLAT MUKOFOTI BILAN TAQDIRLASH TO‘G‘RISIDA
Respublikada iste’dodli yoshlarning ijtimoiy faolligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma’rifiy qadriyatlarni hayotga tatbiq etishdagi ibratli faoliyatini rag‘batlantirish, barkamol xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 1999-yil 10-iyundagi PF-2326-sonli Farmoniga muvofiq:
1. O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti komissiyasining takliflariga binoan, a’lo xulqi, zukkoligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, tashabbuskorligi bilan noyob iste’dodini namoyon etayotgan hamda adabiyot, madaniyat, san’at, fan va ta’lim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlari Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlansin (ro‘yxat ilova* qilinadi).
* Ilova berilmaydi.
2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart — Xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanada sovrindorlik diplomlari va nishonlari topshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur Qarorning bajarilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S. Inomova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-mart,
PQ-808-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 3-son, 161-modda)