Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlarini respublika tuman va shaharlar kesimida belgilash bilan bogʻliq takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ-694-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlarini respublika tuman va shaharlar kesimida belgilash bilan bogʻliq takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir haftalik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlarini respublika tuman va shaharlar kesimida belgilash bilan bogʻliq takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo hududiy komissiyalar tuzilsin.
3. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-iyul,
155-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-iyuldagi 155-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlarini respublika tuman va shaharlar kesimida belgilash bilan bogʻliq takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlarini respublika tuman va shaharlari kesimida belgilash bilan bogʻliq takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo hududiy komissiyalar (bundan buyon matnda Komissiyalar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi turar joy fondini toʻldirish uchun ikkilamchi uy-joy bozorida xonadonlarning eng yuqoridagi narxlarini aniqlash maqsadida tuziladi.
2. Komissiyalarning tarkibi mos ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadi hamda oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan rais, uning oʻrinbosari, kotib va komissiya aʼzolaridan iborat boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlaridan biri Komissiya raisi hisoblanadi.
3. Komissiyalar Mudofaa vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, tuman (shahar) hokimiyatlari tarkibiy boʻlinmalarining vakillaridan shakllantiriladi.
4. Komissiyalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonun hujjatlari hamda mazkur Nizomga rioya etadi.
5. Komissiyalarning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi turar joy fondini toʻldirish maqsadida uy-joy xarid qilish masalalarida Mudofaa vazirligiga yordam koʻrsatish;
respublikaning tuman va shaharlar kesimida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar monitoringini amalga oshirish;
respublikaning tuman va shaharlar kesimida ikkilamchi uy-joy bozoridan xarid qilinayotgan xonadonlarning eng yuqoridagi narxlarini aniqlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
6. Komissiyalar quyidagi huquqlarga ega:
komissiyalar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ishchi guruhlarni tuzish hamda tegishli mutaxassislarni ularda ishlash uchun belgilangan tartibda jalb qilish;
Mudofaa vazirligi uchun ikkilamchi uy-joy bozoridan xarid qilinayotgan xonadonlarning chegaraviy narxlarini respublikani tuman va shaharlari kesimida belgilash uchun zarur axborotlarni joylardagi davlat hokimiyati organlari, koʻchmas mulk oldi-sottisi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlardan belgilangan tartibda talab qilish va olish.
7. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Komissiya majlisini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
Komissiya tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini nazorat qiladi;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Komissiya aʼzolarining unga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha ishini muvofiqlashtiradi;
Komissiyaning samarali ishini taʼminlash boʻyicha boshqa funksiyalarni bajaradi.
8. Komissiyalarda ish yuritishni Komissiyalarning kotiblari olib boradi.
9. Komissiyalar oʻz faoliyatini komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiradi.
Komissiyalarning majlislari zarurat yuzaga kelganda, lekin kamida chorakda bir marta majlislar bayonnomalarini rasmiylashtirgan holda oʻtkaziladi.
10. Ikkilamchi uy-joy bozoridagi xonadonlarning narxlarini belgilash eskirish, sifat holati va xaridorlar talabini hisobga olgan holda sotish vaqtida yuzaga kelgan erkin bozor narxlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Xarid qilinayotgan xonadonlarning eng yuqoridagi narxlarini belgilash uchun Komissiyalar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ikkilamchi uy-joy bozorida sotilayotgan xonadonlarning narxlari toʻgʻrisidagi mavjud maʼlumotlarni koʻrib chiqadi.
Komissiyalar koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni turli manbalardan – ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal va eʼlonlar, internet-saytlari), koʻchmas mulk oldi-sottisi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa manbalardan olishi mumkin. Maʼlumotlarni olish manbalari va muddatlari har bir alohida holatda komissiya tomonidan belgilanadi.
11. Xonadonlarning narxini belgilashda quyidagilar hisobga olinadi:
turar joy qurilgan joyning nomlanishi;
xonadonning umumiy maydoni;
turar joyning konstruksiyasi (gʻishtli, temir-beton panelli yoki yirik blokli);
turar joyning necha qavatdan iboratligi;
xonadonning nechanchi qavatda joylashgani;
xonadonning milliy valyutadagi narxi.
12. Olingan maʼlumotlar asosida Komissiyalar tuman va shaharlar kesimida har bir turdagi xonalar sonini koʻrsatgan holda muayyan davrdagi ularning oʻrtacha sotuv narxlaridan kelib chiqqan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan xarid qilinayotgan xonadonlarning eng yuqoridagi narxlarini belgilash boʻyicha takliflarni tayyorlaydi.
Komissiyalarning takliflari Komissiyalarni tegishli bayonnomalarini ilova qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan shaklda har chorakda chorakni oxirgi oyining 25 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga yuboriladi.
13. Komissiyalar tomonidan tuman va shaharlar kesimida belgilangan xonadonlarning narxlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xonadonlarni xarid qilish boʻyicha majburiy xarajatlarni hisobga olgan holda xarid qilinayotgan xonadonlar uchun eng yuqoridagi narxlar tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xarid qilinayotgan xonadonlarning narxlari haqidagi yakuniy qarorni har bir xarid qilinayotgan xonadonning texnik holatini koʻrikdan oʻtkazish natijalarini hisobga olgan holda belgilangan tartibda qabul qilinadi.
14. Komissiyalar har chorakda oʻzining faoliyati haqida mos ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga axborot beradi.