Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING IJRO ETUVChI APPARATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 245-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2008-yil 9-apreldagi PQ-834-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-may,
81-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2008-yil 9-apreldagi PQ-834-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi apparatining (keyingi oʻrinlarda Ijro etuvchi apparat deb yuritiladi) vazifalari, funksiyalari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ijro etuvchi apparat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Ijro etuvchi apparat respublika Hukumati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlaydi, ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda tizimli ravishda ijroni nazorat qiladi.
4. Ijro etuvchi apparat oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi.
5. Ijro etuvchi apparat unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati devonlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
51. Ijro etuvchi apparat yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan milliy va chet el valyutalaridagi hisobraqamlarga, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga ega boʻladi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyuldagi 535-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
II. Ijro etuvchi apparatning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Ijro etuvchi apparatning vazifalari hisoblanadi:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga berilgan vakolatlar amalga oshirilishini taʼminlash;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini kompleks tahlil qilish, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar dinamikasining, tarkibiy va institutsional qayta oʻzgartirishlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti ijrosining tizimli monitoringini olib borish;
makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishni, tadbirkorlikni keng rivojlantirishni, hududlarni kompleks rivojlantirishni taʼminlaydigan, shuningdek iqtisodiyotni barqaror surʼatda oʻstirishga, aholi bandligi va turmush darajasini izchil oshirishga yoʻnaltirilgan eng muhim ustuvor vazifalar boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
markaziy iqtisodiyot idoralarini va ularning hududiy organlarini, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini jalb etgan holda davlat dasturlari, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarida iqtisodiy, ijtimoiy va maʼmuriy islohotlar borishining tizimli tahlilini tashkil qilish;
investitsiya dasturi, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik jihatdan yangilash va texnologik qayta jihozlash va mahalliylashtirish dasturlarining amalga oshirilishi ustidan monitoring tizimini yaratish;
mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqib, respublikaning xorijiy davlatlar, davlatlarning mintaqaviy birlashmalari, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va respublikaning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tashqi iqtisodiy hamkorligi boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
qabul qilinayotgan qarorlarning iqtisodiyotning alohida tarmoqlariga, hududlarga va umuman mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qisqa muddatli va uzoq muddatli taʼsirini kompleks baholashni oʻz ichiga oladigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertiza qilinishini taʼminlash;
rivojlantirishning maqsadli davlat dasturlari amalga oshirilishi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyatining barcha darajalarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari bajarilishi tizimli nazorat qilinishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini moddiy-texnik, transport, moliyaviy va ijtimoiy-maishiy jihatdan taʼminlash.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyuldagi 535-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
7. Ijro etuvchi apparat oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida va topshiriqlarida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari topshiriqlari boʻyicha tegishli tahliliy maʼlumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish talab qilinadigan masalalarni har tomonlama ishlab chiqadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan respublika Hukumatiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari, xalqaro shartnomalar va respublika Hukumatida koʻrib chiqish talab qilinadigan boshqa hujjatlar loyihalarini kiritishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablari bajarilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan koʻrib chiqish uchun kiritiladigan va respublika Hukumati tomonidan qabul qilinadigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari bajarilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini taʼminlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;
muammoli masalalarni hal qilish va iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini, shuningdek respublika hududlarini dinamik rivojlantirish boʻyicha istiqboldagi vazifalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq (oldini oluvchi) chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlariga va Bosh vazirga taqdim etadi;
iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim ustuvor vazifalari, davlat dasturlari amalga oshirilishi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari bajarilishi boʻyicha tegishli tizimlangan maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
respublika Hukumati va uning Rayosati majlislarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi yigʻilishlar va boshqa tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlaydi, qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komissiyalari, kengashlari va boshqa ishchi organlari ishlarini tashkil etadi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
respublika Hukumatining qonun loyihalarini tayyorlash rejalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun hujjatlari loyihalari va boshqa masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, shuningdek ularni yalpi majlislarda muhokama qilish va qabul qilishda qatnashadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoʻllangan murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq koʻrib chiqadi;
(7-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-martdagi 74-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 13-son, 155-modda)
maxfiylik rejimini, davlat siri boʻlgan maʼlumotlar hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning himoya qilinishini taʼminlaydi;
jamoatchilikning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilinishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Ijro etuvchi apparati faoliyatini moddiy-texnik, transport, moliyaviy va ijtimoiy-maishiy jihatdan taʼminlash, shuningdek taʼmirlash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishni tashkil etishga doir Ijro etuvchi apparatning funksiyalari, qoidaga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-apreldagi 228-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining Xoʻjalik faoliyati boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Ijro etuvchi apparatning Xoʻjalik faoliyati boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyuldagi 535-sonli qaroriga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
III. Ijro etuvchi apparatning huquqlari va javobgarligi
8. Ijro etuvchi apparat oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish, shuningdek qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini belgilangan tartibda jalb etish, ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert guruhlari tashkil etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, ular tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqishni belgilangan tartibda talab qilish;
zarurat boʻlganda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari buzilgan holda tushgan hujjatlarni qaytarib yuborish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda Ijro etuvchi apparatga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning qabul qilingan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rahbariyatining topshiriqlarini bajarish boʻyicha ishlarini oʻrganish va belgilangan tartibda tekshirish.
9. Ijro etuvchi apparat:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq takliflar va loyihalar har tomonlama va oʻz vaqtida tayyorlanishi uchun;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida iqtisodiy islohotlarning borishi ustidan tizimli monitoring olib borilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqilishi va qaror qabul qilinishi talab qilinadigan muammoli masalalar sabablari oʻz vaqtida aniqlanishi va takliflar tayyorlanishi uchun;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi, shuningdek asoslangan xulosalar tayyorlanishi uchun;
respublika Hukumati tomonidan koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish sifati, shuningdek kiritilgan qonunlar va hujjatlar loyihalarini hamda qabul qilingan Hukumat qarorlarini amalga oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, respublika Hukumati qarorlari va farmoyishlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratning taʼminlanishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi taʼminlanishi uchun javob beradi.
IV. Ijro etuvchi apparatning tuzilmasi
10. Ijro etuvchi apparatning tuzilmasiga Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi va uning oʻrinbosari, Ijro etuvchi apparatning tarkibiy boʻlinmalari – mamlakat iqtisodiyotining muhim komplekslari, tarmoqlar va sohalari boʻyicha axborot-tahlil departamentlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlarining apparatlari, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi va uning oʻrinbosarining kotibiyatlari, Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi, funksional boʻlimlar kiradi.
Axborot-tahlil departamentlari tarkibida shuʼbalar, Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi tarkibida esa boʻlimlar tashkil etiladi.
Ijro etuvchi apparat tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadi.
11. Axborot-tahlil departamentlari oʻz faoliyatida tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga va uning oʻrinbosarlariga boʻysunadi hamda ayni paytda ularning faoliyati Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi, shuningdek funksional boʻlimlar bevosita Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisiga boʻysunadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlarining apparatlari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari faoliyatini taʼminlaydi hamda ularning ishlari Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
12. Axborot-tahlil departamentlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati, Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi hamda funksional boʻlimlar toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, ular xodimlarining funksional vazifalari esa tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari hamda Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanadi.
V. Ijro etuvchi apparat faoliyatini tashkil etish
13. Ijro etuvchi apparat ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 28-iyuldagi PQ-3161-son qaroriga, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 14-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, ushbu Nizomga, Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, tarkibiy boʻlinmalarning, ularning rahbarlari va mutaxassislarining ish rejalari asosida tashkil etiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-dekabrdagi 1023-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 09/18/1023/0495-son)
14. Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi:
Ijro etuvchi apparat faoliyatini tashkil etadi hamda Ijro etuvchi apparatga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va sifatli tayyorlashni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari bilan yaqindan oʻzaro hamkorlik qiladi;
ekspertiza natijalariga koʻra koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga — Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari loyihalari boʻyicha — ularga Bosh vazirning belgilangan tartibda vizasi olingandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kotibiyatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari xizmatlariga topshirish uchun, Hukumat qarorlari loyihalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri imzolashi uchun — axborot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri imzolagan Hukumat qarorlariga viza qoʻyadi va ularning chiqarilishini tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini har tomonlama ekspertizadan oʻtkazish, tahliliy materiallarni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari loyihalarini chuqur va sifatli tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamentlari faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda respublika Hukumatida koʻrib chiqish talab qilinadigan boshqa hujjatlar loyihalarini kiritishda ijro etuvchi organlar tomonidan Reglamentning belgilangan talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ijro intizomini mustahkamlash va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Hukumat qarorlarining ijro etuvchi organlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Ijro etuvchi apparatning oʻziga bevosita boʻysunuvchi tarkibiy boʻlinmalari faoliyatiga rahbarlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri kotibiyati va Bosh vazir oʻrinbosarlari apparatlari shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili ishlarini muvofiqlashtiradi;
(14-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi 67-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/18/67/0636-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosarlari bilan birgalikda departamentlar mudirlari oʻrinbosarlari, shuʼba mudirlarini, Ijro etuvchi apparatning tegishli boʻlinmalariga bosh va yetakchi mutaxassis kadrlarni tanlaydi;
oʻziga bevosita boʻysunuvchi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ragʻbatlantirish va intizomiy jazo berish toʻgʻrisida, axborot-tahlil departamentlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari apparatlari rahbarlari va mutaxassislariga nisbatan esa — tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari bilan kelishgan holda qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisining oʻrinbosari Ijro etuvchi apparat tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish shakllari va metodlarini takomillashtirish ishlarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi topshiriqlariga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi vaqtincha boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirigʻiga koʻra Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisining vazifalarini uning oʻrinbosari bajaradi.
16. Axborot-tahlil departamenti mudiri:
Axborot-tahlil departamentiga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, oʻz oʻrinbosarlari, shuʼba mudirlari, mutaxassislar ishlarini tashkil qiladi hamda axborot-tahlil departamentiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan axborot-tahlil departamenti mutasaddilik qiladigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha takliflar va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat prinsiplariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlaydi, ularning ekspert jihatidan ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoringni taʼminlaydi;
tegishli tarmoqlar, sohalar va respublika hududlarida iqtisodiy islohotlarning ahvoli va natijadorligi toʻgʻrisida tizimli monitoringni va maʼlumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek muammoli masalalarni hal etish, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning istiqboldagi vazifalarini amalga oshirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
departamentning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimlarga tavsiya etiladigan nomzodlar, mutaxassislarning kasb darajasini va ishchanlik malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralari boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqadi va Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi bilan kelishgan holda tegishli kompleks rahbari koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
oʻrinbosarlar, shuʼba mudirlari va mutaxassislar oʻrtasida vazifalarning taqsimotini, shuningdek Kompleksning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va tegishli Kompleks rahbari tasdiqlashi uchun kiritadi, departament tarkibiy boʻlinmalari va mutaxassislarining ish rejasini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tushgan, respublika Hukumatining qarorini talab qilmaydigan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va uning Rayosatining majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi tomonidan axborot-tahlil departamenti mutasaddilik qiladigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Ijro etuvchi apparatda amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlarning yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
Axborot-tahlil departamenti mudiri vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini oʻrinbosarlaridan biri, shuʼba mudiri yoxud bosh mutaxassislardan biri bajaradi.
17. Shuʼba mudiri:
shuʼba mutaxassislari ishlarini muvofiqlashtiradi hamda shuʼbaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
shuʼbaga birkitilgan masalalar, tegishli vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va respublika hududlari boʻyicha mutaxassislar tomonidan maʼlumotnoma, tahliliy, statistik materiallar va boshqa materiallar, shuningdek qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil qiladi;
qabul qilingan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlarini amalga oshirish yuzasidan mutaxassislar tomonidan tashkiliy chora-tadbirlar yoki nazorat rejalari tayyorlanishini, ularning Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan tasdiqlanishini muvofiqlashtiradi, erishilgan natijalarning doimiy asosda monitoringi olib borilishini taʼminlaydi;
mutaxassislarning, departamentning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli davr uchun ish rejalarida tasdiqlangan masalalarni oʻrganish va chora-tadbirlarni amalga oshirish muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida departament mudiriga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariga koʻrib chiqish uchun tegishli takliflar kiritadi;
mutaxassislar tomonidan iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari, sohalari va sektorlari, shuningdek respublika hududlari boʻyicha turkumlangan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
maʼlumotnoma materiallar va hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida axborot-tahlil departamenti mudiri oʻrinbosariga, mudiriga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisiga axborot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari hamda idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, shuʼba mutasaddilik qiladigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
axborot-tahlil departamenti mudirining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
tegishli axborot-tahlil departamenti toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Shuʼba mudiri vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini shuʼbaning bosh mutaxassislaridan biri bajaradi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborilgan yozma topshiriqlari toʻgʻrisida Bosh vazirga oʻz vaqtida axborot berilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlaydi va uning topshirigʻiga koʻra ularning ijrosini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri nomiga kelgan xat-xabarlarni tahlil qiladi, puxta ekspertizadan oʻtkazadi va Ijro etuvchi apparat tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda tegishli topshiriqlar (fishkalar) tayyorlaydi, shuningdek ular toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot beradi;
Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarining kun tartibi loyihasini shakllantiradi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlatadi va tegishli materiallar tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri uchun maʼlumotnoma, tahliliy, statistik materiallar va boshqa materiallarni tayyorlaydi;
yigʻilishlar va majlislar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarlik qiladigan Hukumat komissiyalari majlislari tashkil etilishini taʼminlaydi va qabul qilingan qarorlar bajarilishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinishini tashkil etadi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ogʻzaki, yozma va elektron tarzdagi murojaatlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan topshiriqlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(18-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-martdagi 74-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 13-son, 155-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan yuklangan va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyati toʻgʻrisidagi Nizomda nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
19. Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi boshligʻi:
Boshqarmaga bevosita rahbarlik qiladi, boʻlim mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari, mutaxassislar ishini tashkil qiladi va Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har tomonlama huquqiy ekspertizasi tashkil etilishini, shuningdek Boshqarma sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalari tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qonun loyihasi ish rejalarini ishlab chiqishni va amalga oshirishni, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan qonun loyihalari va boshqa masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil qiladi;
xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalarini ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishini taʼminlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga va tashqi savdo xavfsizligiga rioya qilinishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari davomida imzolangan investitsiya va tashqi savdo shartnomalarining amalga oshirilishi, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarining turkumlangan maʼlumotlar banki va monitoringini shakllantirishni va olib borishni tashkil qiladi;
Boshqarmaning yuritishi sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
ular boʻyicha respublika Hukumati qarori talab etilmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelib tushgan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
tasdiqlangan tuzilma va shtat jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha takliflarni Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri koʻrib chiqishi uchun kiritadi, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislarning kasb darajasini va ish malakasini oshirish choralarini koʻradi, shuningdek ularni ragʻbatlantirish yoki jazolash boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqarmaning boʻlim mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari va mutaxassislari oʻrtasida vazifalar taqsimoti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanishi uchun kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi apparatida amal qiladigan Yoʻriqnomaga muvofiq ish yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
Boshqarma boshligʻi vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini boʻlim mudirlaridan biri bajaradi.
20. Bosh (yetakchi) mutaxassis:
funksional vazifalarga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishi, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratning taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular boʻyicha zarur tahliliy materiallar va ekspert takliflar tayyorlaydi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq ularning zarur tarzda kelishilishini taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida tegishli tarkibiy boʻlinma rahbariga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariga va Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha nazorat rejasi yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, respublika iqtisodiyoti tegishli tarmoqlari va sohalari yoki hududlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari topshiriqlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishini tizimli nazorat qiladi;
tegishli funksional masalalar boʻyicha turkumlangan maʼlumotlar bazasi yaratilishini va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilab borilishini tashkil qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlari markaziy apparatlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy boʻlinmalari (iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy xizmatlar) ishining holati va natijadorligini doimiy asosda oʻrganadi, ular faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
tegishli axborot-tahlil departamenti toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
21. Funksional boʻlim mudiri:
boʻlim ishiga bevosita rahbarlik qiladi, mutaxassislar ishini tashkil qiladi va boʻlimga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi, ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
Boʻlim yuritishi sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan xat-xabarlar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlaydi, tayyorlangan loyihalarga viza qoʻyadi va ular toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot beradi;
tasdiqlangan tuzilma va shtat jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha takliflarni Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri koʻrib chiqishi uchun kiritadi, mutaxassislarning kasb saviyasini va ish malakasini oshirish choralarini taʼminlaydi, ularni ragʻbatlantirish yoki jazolash boʻyicha takliflar kiritadi;
boʻlim mutaxassislari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotini Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisining tasdiqlashi uchun kiritadi, tegishli ijro intizomini taʼminlaydi, Ijro etuvchi apparatda amal qiladigan Yoʻriqnomaga muvofiq boʻlimda ish yuritilishini tashkil qiladi;
Boʻlimning yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
Funksional boʻlim mudiri vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini boʻlimning bosh mutaxassislaridan biri bajaradi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining (uning oʻrinbosarining) yordamchisi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini nazorat va tahlil qiladi, ularning bajarilishi va natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga (uning oʻrinbosariga) axborot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining (uning oʻrinbosarining) joriy ish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadi va ularning bajarilishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri koʻrib chiqishi uchun zarur boʻlgan axborot-maʼlumotnoma va boshqa materiallarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining (uning oʻrinbosarining) maʼruzalari va nutqlarini Ijro etuvchi apparatning tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar va majlislar, shu jumladan Hukumat komissiyalari majlislari tayyorlanishi va oʻtkazilishini tashkil etadi, topshiriqlarni umumlashtiradi, ularning bajarilishi ustidan nazorat qiladi, topshiriqlarning bajarilishi toʻgʻrisida Kotibiyat mudiriga, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga yoki uning oʻrinbosarlariga belgilangan muddatlarda axborot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri (uning oʻrinbosari) nomiga tushgan xat-xabarlarni tahlil qiladi, tegishli materiallar haqida axborot beradi va xat-xabarlarga topshiriqlarni belgilangan tartibda ijro etuvchilarga yuboradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri (uning oʻrinbosari) tomonidan qabul qilinishini taʼminlaydi;
Ijro etuvchi hokimiyatning tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (uning oʻrinbosari) tomonidan fuqarolarning qabul qilinishini tashkil qiladi, Bosh vazir (uning oʻrinbosari) va Kotibiyat mudiri topshirigʻi boʻyicha fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
23. Ijro etuvchi apparatning boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarining vazifalari va funksiyalari tegishli tarkibiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlar va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan funksional vazifalar taqsimotiga koʻra belgilanadi.
24. Axborot-tahlil departamenti mudiri, uning oʻrinbosarlari, boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri, shuʼba mudiri, bosh va yetakchi mutaxassislar, yordamchilar va boshqa masʼul xodimlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
25. Inspektorlar, ish yurituvchi kotibalar va boshqa texnik xodimlar tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining taqdimnomasiga asosan Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
26. Ijro etuvchi apparatning taʼminoti va moddiy-texnik taʼminlanishi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
I. Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorida:
1) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
2) 9-banddagi “Oʻ.T. Sultonov va Vazirlar Mahkamasi Apparati Rahbari” soʻzlari “va Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3) qarorga ilovada:
a) 2-banddagi “farmonlari” soʻzidan keyin “qarorlari” soʻzi qoʻshilsin:
b) 4-banddagi “farmonlari” soʻzidan keyin “qarorlari” soʻzi qoʻshilsin;
v) I boʻlimda:
quyidagi mazmundagi 2-band qoʻshilsin:
“2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari”;
2—10-bandlar tegishli ravishda 3—11-bandlar deb hisoblansin;
oxirgi xatboshidagi “Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) II boʻlimning 4-bandidagi “farmonlari” soʻzidan keyin “qarorlari” soʻzi qoʻshilsin;
d) IV boʻlimda:
boʻlimning nomidagi “farmonlari” soʻzidan keyin “qarorlari” soʻzi qoʻshilsin;
3-bandning yettinchi xatboshidagi “farmonlari” soʻzidan keyin “qarorlari” soʻzi qoʻshilsin;
6-banddagi “Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 1-sxemaning II boʻlimida:
boʻlimning nomidagi “Vazirlar Mahkamasi apparati” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Tarkibiy boʻlinmalar” ustunida:
“Apparat Rahbari” soʻzlari “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“departament (boʻlim) mudiri” soʻzlari “departament (boʻlim) mudiri, boshqarma boshligʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Ijro va nazoratni tashkil etish” ustunidagi “Apparat Rahbari” va “Apparati Rahbariga” soʻzlari tegishli ravishda “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi” va “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“departamentlar va boʻlimlar”, “departament va boʻlim mudirlari”, “departamentlarda (yoki boʻlimlarda)”, “departament (yoki boʻlim)” va “departamentlar, boʻlimlar” soʻzlari tegishli ravishda “departamentlar, boshqarma va boʻlimlar”, “departament va boʻlim mudirlari, boshqarma boshligʻi”, “departamentlarda (boshqarmada, boʻlimlarda)”, “departament (boshqarma, boʻlim)” va “departamentlar, boʻlimlar va boshqarma” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼullar” ustunida:
“Apparat Rahbari” soʻzlari “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“departament, boʻlim mudiri” va “departamentlar (boʻlimlar) mudirlari” soʻzlari tegishli ravishda “departament, boʻlim mudiri, boshqarma boshligʻi” va “departament (boʻlim) mudirlari, boshqarma boshligʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 2-sxemaning I boʻlimida:
boʻlimning nomidagi “Vazirlar Mahkamasi apparati” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Tarkibiy boʻlinmalar” ustunida:
“Apparat Rahbari” soʻzlari “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Departament, boʻlim” soʻzlari “departament, boshqarma, boʻlim” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Tayyorlash, bajarish va nazoratni tashkil etish” ustunida:
“yuridik boʻlimda” va “Vazirlar Mahkamasi Apparati Rahbariga” soʻzlari tegishli ravishda “Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasida” hamda “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“departamentda, boʻlimda”, “Departament (yoki boʻlim)”, “departamentlar, boʻlimlar” soʻzlari tegishli ravishda “departamentda, boshqarmada, boʻlimda”, “Departament (boshqarma, boʻlim)”, “departamentlar, boʻlimlar, boshqarma” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼullar” ustunida:
“Apparat Rahbari” soʻzlari “Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“departament, boʻlim”, “departament, boʻlim mudiri”, “departamentlar, boʻlimlar” soʻzlari tegishli ravishda “departament, boshqarma, boʻlim”, “departament, boʻlim mudiri, boshqarma boshligʻi” va “departamentlar, boʻlimlar, boshqarma” soʻzlari bilan almashtirilsin;
z) 1-nazorat kartochkasi shaklida:
“Farmoni” soʻzidan keyin “qarori” soʻzi qoʻshilsin;
“Vazirlar Mahkamasi Apparati” va “Vazirlar Mahkamasi Apparatida” soʻzlari tegishli ravishda “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” va “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 1a-nazorat kartochkasi shaklidagi “Farmoni” soʻzidan keyin “qarori” soʻzi qoʻshilsin;
k) 2-nazorat kartochkasi shaklidagi “Vazirlar Mahkamasi Apparati” va “Vazirlar Mahkamasi Apparatida” soʻzlari tegishli ravishda “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati” va “Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2019-y., 09/19/242/2820-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 19-son, 155-modda; 2015-y., 13-son, 155-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 09/18/1023/0495-son, 01.02.2018-y., 09/18/67/0636-son; 25.03.2019-y., 09/19/242/2820-son)