Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
INTELLEKTUAL MULK HUQUQLARINI MUHOFAZA ETISh SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiyot, savdo, madaniyat, fan va texnika sohasida oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirish uchun intellektual mulkni samarali muhofaza etish muhimligini eʼtirof etib,
1967-yil 14-iyulda Stokgolmda tuzilgan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis etuvchi Konvensiya (bundan keyin — Konvensiya) qoidalariga asoslanib,
qulay sharoitlarni yaratishni istab va tenglik hamda oʻzaro foyda tamoyillari asosida intellektual mulkka tegishli huquqlarni muhofaza etish sohasida hamkorlikni rivojlantirish zaruratini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlarida “intellektual mulk” atamasi Konvensiyaning 2-moddasida koʻrsatilgan maʼnoni anglatadi.
2-modda
1. Tomonlar davlatlarning milliy qonun hujjatlari va ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, ikkala davlat subyekt-rezidentlarining intellektual mulk huquqlariga nisbatan samarali choralarni koʻradilar.
2. Bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari boshqa davlat hududida intellektual mulk sohasida oʻzining jismoniy va yuridik shaxslariga ushbu davlatning qonun hujjatlari bilan hozirgi vaqtda berilgan yoki beriladigan xuddi shunday huquq va afzalliklardan, hamda asoslar va hajmda ularni himoya qilish vositalaridan foydalanadilar.
3-modda
Oʻz davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq, Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
1) intellektual mulk obyektlariga tegishli huquqlarni muhofaza etish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish;
2) intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish sohasida meʼyoriy huquqiy bazani takomillashtirish va bu yoʻnalishdagi rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha axborot almashish;
3) intellektual mulkni muhofaza etish sohasida tadbirlarni oʻtkazish tajribasi bilan almashish;
4) oʻquv, metodik va maxsus adabiyot almashish;
5) intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish sohasida kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish;
6) xalqaro hamkorlik tajribasi va intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish boʻyicha koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarda Tomonlarning ishtiroki va ushbu shartnomalar bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish boʻyicha axborot almashish;
7) Tomonlar oʻrtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlik holati toʻgʻrisida axborot almashish;
8) intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish masalalari boʻyicha qoʻshma seminarlar, konferensiyalarni oʻtkazish va koʻrgazmalarni tashkillashtirish;
9) shuningdek hamkorlikning boshqa sohalarida.
4-modda
Intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish sohasida hamkorlik masalalari boʻyicha Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalar qoidalari ushbu Bitim qoidalari va Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonun hujjatlari va ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, intellektual mulk huquqlarini muhofaza etish sohasida huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha choralarni koʻradilar.
6-modda
Agar ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirishda intellektual mulk obyektlarini yaratish yoki ulardan foydalanish koʻzda tutilgan va ularga nisbatan maxfiylik saqlanib qolinishi lozim boʻlsa, tegishli shartnomalar yoki bitimlarga maxfiylikni saqlab qolish toʻgʻrisida qoidalar kiritiladi.
7-modda
1. Ushbu Bitim qoidalarini bajarish boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi va Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi;
Qozogʻiston Respublikasi Hukumati nomidan — Qozogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulk huquqlari boʻyicha qoʻmitasi.
2. Vakolatli organlarning nomlari yoki vazifalari oʻzgargan holda Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor etiladi.
8-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra ushbu Bitimning ajralmas qismlari hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va/yoki qoʻllashda nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, Tomonlar ularni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
10-modda
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
11-modda
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun lozim boʻlgan Tomonlarning davlat ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlardan biri navbatdagi besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga yozma xabarnoma yubormasa, keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
12-modda
1. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtagan holda uning qoidalari, agar Tomonlar oʻzgacha ahdlashib olmagan boʻlsalar, ushbu Bitim doirasida boshlangan va tugallanmagan barcha tadbirlarga nisbatan qoʻllanilishi davom etadi.
2. Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi u amal qilishining toʻxtatilishiga qadar yuzaga kelgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlariga hamda intellektual mulk obyektlariga nisbatan maxfiylikni saqlab qolish boʻyicha majburiyatlarga daxl qilmaydi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 3-4-son)