O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OZIQ-OVQAT BUG‘DOYINING SUG‘URTA FONDINI G‘AMLASH, SAQLASH, YANGILASH VA UNDAN FOYDALANISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Oziq-ovqat bug‘doyining barqaror sug‘urta fondini shakllantirish, davlat resursidagi oziq-ovqat bug‘doyidan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash va ichki iste’mol bozorini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondini g‘amlash, saqlash, yangilash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi 2008-yilning birinchi yarim yilligida davlat resursidagi oziq-ovqat bug‘doyidan foydalanishning belgilangan balansi hajmlarida hamda Oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondini g‘amlash, saqlash, yangilash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga qat’iy muvofiq ravishda 2008-yil 20-aprelgacha 2007-yil hosilidan oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlashni ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tarmoq korxonalarida joylashtirilgan sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyining hajmi zarur tarzda hisobga olinishi va sifatli saqlanishi uchun shaxsiy javobgarlik “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-sentabrdagi 759-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.09.2018-y., 09/18/759/2026-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-mart,
54-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 28-martdagi 54-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondini g‘amlash, saqlash, yangilash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondini g‘amlash, saqlash, yangilash va undan foydalanish (keyingi o‘rinlarda matnda sug‘urta fondi deb ataladi) masalalarini tartibga soladi.
2. Oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondi daxlsiz hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorisiz sarflanishi mumkin emas.
3. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondiga o‘z vaqtida g‘amlanishini, uning zarur tarzda saqlanishini va sug‘urta fondi daxlsizligi talablariga rioya qilinishini ta’minlaydi, shuningdek sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini o‘z vaqtida yangilaydi.
4. Sug‘urta fondiga g‘amlanadigan oziq-ovqat bug‘doyi sifatiga ko‘ra belgilangan ko‘rsatkichlar va standartlarga qat’iy muvofiq bo‘lishi kerak.
5. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi qat’iy belgilangan don qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalarida (keyingi o‘rinlarda don mahsulotlari korxonalari deb ataladi), ro‘yxati va joylashgan joyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilanadigan ushbu maqsadlar uchun maxsus ajratilgan elevator sig‘imlarida (siloslarda) saqlanadi.
6. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari rahbarlari sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyining miqdorini va sifatli saqlanishini muntazam ravishda tekshirishlari kerak, bunda korxonalar har yili, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan donni “nulli” tozalash va xatlovdan o‘tkazish jadvali bo‘yicha tortib ko‘rish yo‘li bilan tekshirilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi har yili 10-iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Iqtisodiyot vazirligiga tekshirish natijalari, aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil axborot taqdim etadilar.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-sentabrdagi 759-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.09.2018-y., 09/18/759/2026-son)
II. Oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlash tartibi
7. Oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq ushbu qarorlarda belgilangan hajmlarda, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining naryadlari bo‘yicha qat’iy belgilangan korxonalarda amalga oshiriladi.
8. Oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlash naryadlarida:
korxonaning nomi;
g‘amlanadigan oziq-ovqat bug‘doyining miqdori;
oziq-ovqat bug‘doyining klassi va uni g‘amlash muddatlari ko‘rsatiladi.
9. Don mahsulotlari korxonasi rahbari oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlash yuzasidan naryad olgandan keyin unda sug‘urta fondiga g‘amlash uchun oziq-ovqat bug‘doyining tegishli partiyalarini tanlash to‘g‘risida bosh buxgalterga, ishlab chiqarish-texnika laboratoriyasi boshlig‘iga topshiriqni qayd etadi.
10. G‘amlash ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha ikki nusxada ishlab chiqarish-texnika komissiyasining dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Agar oziq-ovqat bug‘doyini sug‘urta fondiga g‘amlash har xil moddiy javobgar shaxslarning javobgarligi ostida amalga oshirilsa, u holda dalolatnomalar har qaysi moddiy javobgar shaxs uchun alohida tuziladi.
11. Dalolatnomalar (har ikkala nusxasi) korxona rahbari, bosh buxgalter, laboratoriya mudiri, elevator va (yoki) ombor (moddiy javobgar shaxs) mudiri tomonidan imzolanadi va korxona muhri bilan tasdiqlanadi. Dalolatnomaning birinchi nusxasi “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi korxonada qoladi.
Korxona rahbari yoki moddiy javobgar shaxs o‘zgargan hollarda dalolatnomalar korxona rahbarining buyrug‘i asosida darhol yangi shaxs uchun qayta rasmiylashtiriladi.
12. Sug‘urta fondiga g‘amlanadigan oziq-ovqat bug‘doyi sifati jihatidan davlat zaxiralariga g‘amlanadigan oziq-ovqat bug‘doyi uchun belgilangan konditsiyalar talablariga yetkazilishi va g‘amlash uchun naryadda ko‘rsatilgan muddatlarga muvofiq bo‘lishi kerak. G‘amlanadigan bug‘doyning sifati quyidagi ko‘rsatkichlarga muvofiq bo‘lishi kerak:
| | sof vazni, g/l | — | 710 dan kam emas; |
| | iflosligi, % | — | 1,0 dan ortiq emas; |
| | don aralashmasi, % | — | 3,0 dan ortiq emas; |
| | namligi, % | — | 14,0 dan ortiq emas; |
| | bug‘doyning holati | — | qizimagan, sog‘lom holatda; |
| | hidi, rangi | — | sog‘lom bug‘doyga xos. |
Don zaxiralarining zararkunandalar bilan zararlanganligiga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. Sug‘urta fondiga g‘amlanadigan oziq-ovqat bug‘doyi sifati jihatidan uzoq vaqt saqlash uchun yaroqli bo‘lishi kerak.
14. Toksin elementlar, mikotoksinlar va pestitsidlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari sifatining tibbiy-biologik talablari hamda sanitariya normalarida belgilangan yo‘l qo‘yiladigan darajadan oshmasligi kerak.
III. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini miqdor va sifat jihatidan hisobga olish
15. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining don mahsulotlari korxonalarida sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi kirimi, unga ishlov berish, uni sarflash bo‘yicha barcha operatsiyalar belgilangan tartibda dastlabki hisobga olish hujjatlari bilan (maxfiy emas) rasmiylashtiriladi.
16. Miqdori bo‘yicha (omborda) hisobga olishni o‘ziga ishonib topshirilgan don saqlash joylaridagi sug‘urta fondi oziq-ovqat bug‘doyining saqlanishi uchun javob beradigan moddiy javobgar shaxslar yuritadilar.
17. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyiga doir operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar bir kilogrammgacha aniqlikdagi fizik massada aks ettiriladi.
18. Miqdor-sifat bo‘yicha hisobni don mahsulotlari korxonasining buxgalteriyasi yuritadi, miqdor-sifat bo‘yicha hisobning to‘g‘ri yuritilishi, fizik massadagi kamayishning qonuniyatini aniqlash, shuningdek saqlash paytida tabiiy kamayishning asoslanganligi ustidan nazoratni esa “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining nazorat-taftish boshqarmasi amalga oshiradi.
19. Elevator siloslarida saqlanayotgan sug‘urta fondi oziq-ovqat bug‘doyining har bir partiyasi uchun shaxsiy hisob raqamlari bilan birga miqdor va sifat bo‘yicha hisobga olishning alohida daftari yuritiladi.
20. Korxonalarda sug‘urta fondi oziq-ovqat bug‘doyining mavjudligi va uning harakatini hisobga olish belgilangan shakl bo‘yicha har oyda yuritiladi va u korxona rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlangan hamda sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyiga doir operatsiyalar o‘tkazishning amaldagi shartlari bilan oldindan tanishtirilgan don mahsulotlari korxonasi tegishli bo‘limining malakali xodimiga yuklanadi.
Ushbu xodimlar korxonaning rahbari va bosh buxgalteri bilan birgalikda hisobga olish to‘g‘ri yuritilishi uchun to‘liq javob beradilar.
IV. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini saqlash
21. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini saqlash va uning miqdor va sifat jihatidan saqlanishini ta’minlash uchun saqlash yuzasidan mas’ul bo‘lgan don mahsulotlari korxonasi tomonidan sanitariya normalariga javob beradigan va yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlangan, texnik jihatdan soz omborlar, sig‘imlar va silos ajratilishi kerak.
22. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi partiyalarini shakllantirish va joylashtirish sug‘urta fondiga g‘amlash uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat bug‘doyi sifatining amaldagi standartlari va talablariga muvofiq sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
23. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi don mahsulotlari korxonasiga tushirilgan paytdan boshlab va uni saqlashning butun davri mobaynida har bir partiyaning sifati va holati ustidan muntazam nazorat tashkil etiladi.
Nazorat bug‘doyning harorati, namligi, don zaxiralarining zararkunandalar bilan zararlanganligi, hidi, rangi va amaldagi standartlar bilan normalanadigan boshqa sifat ko‘rsatkichlari yuzasidan amalga oshiriladi.
24. Don mahsulotlari korxonasi tomonidan, bug‘doyning biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda va uning saqlanishini ta’minlash maqsadida bug‘doyning joyini o‘zgartirish, shamollatish, quritish, bug‘doyni saqlashning qishki rejimiga o‘tkazish, zararsizlantirish bo‘yicha operatsiyalar va saqlashning belgilangan rejimini ta’minlashga doir boshqa operatsiyalar amalga oshiriladi.
V. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini qayta g‘amlash va joyini o‘zgartirish tartibi
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilangan don mahsulotlari korxonalari o‘rtasida sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini qayta g‘amlash va joyini o‘zgartirish umuman tizim bo‘yicha saqlash hajmini o‘zgartirmasdan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining naryadlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
26. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini qayta g‘amlashda dastlab bug‘doy sug‘urta fondiga g‘amlanadi va faqat g‘amlanganlikni tasdiqlaydigan dalolatnomalar olingandan keyin sug‘urta fondidagi oziq-ovqat donining tegishli miqdori chiqariladi.
27. Oziq-ovqat bug‘doyini qayta g‘amlash va joyini o‘zgartirish faqat nihoyatda zarur hollarda (tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar, miqdor va sifat jihatidan saqlanishiga xavf tug‘ilganda) sug‘urta fondini oqilona joylashtirishga zarar yetkazilmasdan amalga oshirilishi kerak.
Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini mintaqalararo yoki mintaqa ichida qayta g‘amlash va joyini o‘zgartirishga limit ajratish to‘g‘risida buyurtmanomalar taqdim etishda bunday qayta g‘amlash yoki joyini o‘zgartirish zarurligi batafsil asoslanadi.
VI. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini yangilash tartibi
28. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini yangilash Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda har yili yangi hosildan amalga oshiriladi.
29. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini yangilash korxonalar tomonidan, uni sug‘urta fondidan chiqarish va sug‘urta fondiga qo‘yish oralig‘idagi vaqtda uzilishsiz amalga oshiriladi.
Yangi hosildan oziq-ovqat bug‘doyi sug‘urta fondiga to‘liq hajmda g‘amlangungacha ilgari g‘amlangan bug‘doy sotilishi mumkin emas.
VII. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyidan foydalanish tartibi
30. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyidan faqat Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida:
ichki bozor ehtiyojini qondirish, birinchi navbatda, aholining un va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish uchun;
davlat resurslaridagi oziq-ovqat bug‘doyidan foydalanish balansining boshqa moddalari bo‘yicha foydalaniladi.
31. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyidan foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar (keyingi o‘rinlarda tashabbuskorlar deb ataladi) Vazirlar Mahkamasiga sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyidan muayyan miqdorda bug‘doy ajratish zarurligi to‘g‘risida takliflar kiritishadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati (keyingi o‘rinlarda Kotibiyat deb ataladi) tashabbuskorlarning murojaatnomalarini xulosa tayyorlash uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga yuboradi.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
32. Iqtisodiyot vazirligi ikki kun muddatda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda tashabbuskorlarning murojaatnomalarini o‘rganadi, bunda bug‘doy, unning qo‘shimcha hajmlariga ehtiyojning asoslanganligi, ulardan foydalanishning maqsadi, ehtiyojning hisob-kitoblari, mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari masalalarini hal etish bo‘yicha erishiladigan natijalarni tahlil qilish va boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
33. Iqtisodiyot vazirligi tashabbuskorlarning murojaatnomalarini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra sug‘urta fondidan bug‘doy ajratishning maqsadga muvofiq ekanligi yoki emasligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan taklifi Kotibiyat tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Kotibiyat Iqtisodiyot va sanoat vazirligining taklifini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra ikki kun muddatda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga qaror qabul qilish uchun taklif kiritadi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
35. Ijobiy qarorga kelingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tegishli Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda tayyorlash yuzasidan topshiriq beradi.
36. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish yuzasidan bir kun muddatda korxonalarga buyruq (naryad)lar beradi.
Buyruq (naryad)larda korxonaning nomi, oziq-ovqat bug‘doyining miqdori (so‘z bilan), sifati, foydalanishning maqsadi va bajarish muddati ko‘rsatilishi kerak. Sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish yuzasidan naryadlar ularda ko‘rsatilgan muddat mobaynida haqiqiy hisoblanadi, ushbu muddat tugagach ular o‘z kuchini yo‘qotadi.
37. Korxona rahbari sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish yuzasidan buyruq (naryad) olingach sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish to‘g‘risida bosh buxgalterga va ishlab chiqarish-texnika laboratoriyasi boshlig‘iga tegishli topshiriq beradi.
Sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish bo‘yicha barcha hujjatlar faqat korxona rahbari tomonidan, u bo‘lmaganda — uning vazifalari tegishli buyruq asosida zimmasiga yuklangan shaxs tomonidan imzolanishi kerak.
38. Sug‘urta fondidan oziq-ovqat bug‘doyi sotish bajarganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma bilan ikki nusxada rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa korxonada qoladi hamda oziq-ovqat bug‘doyining mavjud miqdori va harakati to‘g‘risida belgilangan shakldagi har oylik hisobot tarkibida aks ettiriladi.
VIII. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyiga doir operatsiyalar bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish va hisob-kitoblarni amalga oshirish
39. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi qiymatini to‘lash bo‘yicha moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
40. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini saqlash xarajatlari korxonalar hisobidan amalga oshiriladi hamda un va don uchun ulgurji — sotish narxlarini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan hisobga olinadi.
41. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini qiymati bo‘yicha hisobga olish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan ulgurji — hisob narxi bo‘yicha alohida yuritiladi.
42. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini qayta g‘amlash, bug‘doyning joyini o‘zgartirish va yangilash bo‘yicha operatsiyalar qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar jalb etmasdan amalga oshiriladi.
IX. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyini saqlash va unga doir operatsiyalarni amalga oshirishning belgilangan tartibi buzilganligi uchun javobgarlik
43. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyi sifatining yomonlashishiga, uning o‘zboshimchalik bilan, buyruq (naryad)larsiz yoki muddati o‘tgan buyruq (naryad)lar bo‘yicha sotilishiga, yuklab jo‘natilishiga va foydalanilishiga, buyruq (naryad)lardagi ko‘rsatkichlarga muvofiq bo‘lmagan sifat bilan boshqa joyga yuklab jo‘natilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizom talablari buzilganligi uchun aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsan javob beradilar:
(43-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
a) don mahsulotlari korxonasi rahbari — sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyining to‘liq va sifatli saqlanishi, to‘g‘ri va ishonchli hisobga olinishi uchun;
b) moddiy javobgar shaxslar — bug‘doy vaznining to‘g‘ri aniqlanishi, bug‘doyga doir barcha operatsiyalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi va to‘g‘ri rasmiylashtirilishi, shuningdek bug‘doy harakati to‘g‘risidagi hisobotlarning o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun;
v) tarozibonlar — sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyining to‘g‘ri tortib ko‘rilishi va tortib ko‘rilgan miqdorining hujjatlarda to‘g‘ri aks ettirilishi uchun;
g) korxonaning bosh buxgalteri va unga bo‘ysunuvchi, bug‘doyning miqdori va sifati bo‘yicha hisobini bevosita yurituvchi xodimlar — bug‘doyni hisobga olish, operatsiyalarni rasmiylashtirish va nobud bo‘lgan bug‘doyni hisobdan chiqarish tartibi buzilganligi uchun;
d) ishlab chiqarish — texnika laboratoriyasi boshlig‘i va laborantlar — oziq-ovqat bug‘doyi sifatining to‘g‘ri aniqlanishi hamda daftarlar va hujjatlarda sifat ko‘rsatkichlarining to‘g‘ri aks ettirilishi uchun shaxsan javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
44. Sug‘urta fondidagi oziq-ovqat bug‘doyining miqdor va sifat bo‘yicha saqlanishi ta’minlanmagan taqdirda aybdor shaxslar yetkazilgan zararni qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda to‘laydilar.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oziq-ovqat bug‘doyining sug‘urta fondini g‘amlash, saqlash, yangilash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
| | | | | | | | | |
|
Ishlab chiqarish-texnika komissiyasining | ||||||||
| | Qayerdan _______________________________ | |||||||
| |
(korxonaning nomi) |
| | | ||||
| | Kimga _________________________________ | |||||||
| |
(vazirlik, idora, tashkilot) |
| | | ||||
| T/r | Don mahsulotlarining nomi | Miqdori | Klassi | Hosil olingan yil | Iflosligi, % | Namligi, % | Sof vazni, g/l | Don aralashmasi, % |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| |
|
|
|
| ||||
| |
(korxona rahbari) |
|
(imzo, muhr) |
| ||||
| |
____________________________ |
|
________________ |
| ||||
| |
(bosh buxgalter) |
|
(imzo) |
| ||||
| |
____________________________ |
|
________________ |
| ||||
| |
(laboratoriya mudiri) |
|
(imzo) |
| ||||
| |
____________________________ |
|
________________ |
| ||||
| |
(elevator mudiri) |
|
(imzo) |
| ||||
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 14-15-son, 100-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son, 25.09.2018-y., 09/18/759/2026-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)