O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2008—2012 YILLAR DAVRIDA IShLAB ChIQARISh QUVVATLARINI MODERNIZATSIYA QILISh ASOSIDA SIFATLI SPORT ANJOMLARI, INVENTARLARI VA ASBOB-USKUNALARI IShLAB ChIQARIShNI KENGAYTIRISh DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ommaviy bolalar sportini yanada rivojlantirish, bolalar sport komplekslarini sifatli sport inventarlari bilan ta’minlash, ixtisoslashtirilgan korxonalarni zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari bilan jihozlash va shu asosda yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-dekabrdagi 625-f-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Mamlakat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sport inventarlari va asbob-uskunalarini o‘rganish bo‘yicha ekspert komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 2008—2012-yillar davrida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish asosida sifatli sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishni kengaytirish dasturi (keyingi o‘rinlarda matnda Dastur deb yuritiladi) ma’qullansin, Dastur:
1-ilovaga* muvofiq sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar ro‘yxatini, ular ishlab chiqaradigan mahsulot turlari bilan;
2-ilovaga* muvofiq 2008—2012-yillar davrida sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha investitsiyalar loyihalari ro‘yxatini;
3-ilovaga* muvofiq 2008—2012-yillarda sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalariga bo‘lgan ehtiyojning prognoz parametrlarini;
4-ilovaga* muvofiq 2008—2012-yillar davrida ixtisoslashtirilgan korxonalar tomonidan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishning maqsadli parametrlarini;
5-ilovaga* muvofiq 2008—2012-yillar davrida ishlab chiqariladigan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining sifatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini o‘z ichiga oladi.
Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish asosida sifatli sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishni kengaytirish dasturi amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha Ishchi komissiya tarkibi (keyingi o‘rinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin, unga sifatli sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish funksiyasi yuklansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar uch oy muddatda:
ishlab chiqariladigan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarini standartlashtirish (shu jumladan, mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga texnik topshiriq) bo‘yicha amaldagi va yangidan ishlab chiqiladigan normativ hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan kelishgan holda ishlab chiqariladigan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining har bir turini standartlashtirish (shu jumladan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga texnik topshiriqlar) bo‘yicha normativ hujjatlarni “O‘zstandart” agentligida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsinlar;
sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining o‘zlashtiriladigan turlarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalar pasportini, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori bilan ma’qullangan, 2006 — 2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturiga kiritish uchun ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda taqdim etsinlar.
3. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda mo‘ljallangan tarmoq kooperatsiyasi yarmarkalari doirasida ommaviy sport bilan shug‘ullanish uchun mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan sport kiyimlarining ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi o‘tkazilishini tashkil etsinlar.
“O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Iqtisodiyot vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘tkazilgan ko‘rgazma natijalariga ko‘ra bir oy muddatda, sport kiyimlari turlari bo‘yicha aniqlangan talabni hisobga olgan holda, sifatli sport kiyimlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Ishchi komissiyaga tasdiqlangan Dastur parametrlariga, shu jumladan yangi loyihalar va korxonalarni kiritish bilan bog‘liq tuzatishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Ishchi komissiya Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot taqdim etgan holda Dasturda nazarda tutilgan loyihalar va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi “Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasi negizida sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining ixtisoslashtirilgan sinov laboratoriyasini tashkil etish va uni jihozlash yuzasidan taklif kiritsin.
7. Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturining amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya, belgilangan tartibda, sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarish korxonalarining loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori bilan ma’qullangan, 2006—2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Qosimov va Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 20-fevral,
26-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 8-9-son, 39-modda)