Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
KIChIK VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki tomonlama munosabatlar bitimlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasida Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik prinsiplari toʻgʻrisida 1992-yil 27-iyunda imzolangan Shartnomaga amal qilib,
kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirish orqali kelgusida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga intilib,
tenglik va oʻzaro manfaat prinsiplarini eʼtirof etib,
ushbu hamkorlik ham sanoat rivojlanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasidagi aloqalarni kuchaytirish sohasida keng imkoniyatlar yaratishiga ishonib,
kichik biznes korxonalarining ikki mamlakatning iqtisodiyotida ijtimoiy va iqtisodiy rolining muhimligini anglab,
ikki mamlakatda korxonalarni tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash misollariga asoslangan kichik hamda xususiy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda oʻzaro manfaatdorlikni tasdiqlab,
sanoat hamkorlikning istiqbolli doiralarini rivojlantirish va kichik biznes korxonalarini tashkil etish, mustahkamlash hamda innovatsiyalardan foydalanish vositasida xususiy tarmoqni rivojlantirish maqsadlarini koʻzlab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishda Tomonlar quyidagi prinsiplarga amal qiladilar:
— Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlarini oʻzaro hurmat qilish;
— kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda Tomonlardan har birining toʻliq mustaqilligi;
— tenglik, sherikchilik va oʻzaro manfaatli prinsiplariga asoslangan sanoat, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, axborot-kommunikatsion texnologiyalar, fan, investitsiyalar, savdo va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik shakllariga erishish.
2-modda
Tomonlar oʻzaro hamkorlikning quyidagi maqsadlarini belgilab oldilar:
— kichik va xususiy tadbirkorlik borasidagi siyosatni rivojlantirish maqsadida ilgʻor tajribalarni oʻzaro almashish uchun Tomonlar oʻrtasidagi aloqalar va hamkorlikni kuchaytirish;
— Tomonlarning kichik va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash;
— yangi korxonalar tashkil etish, shuningdek amal qilayotgan korxonalar uchun mexanizm hamda uslublar dasturini belgilash;
— kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan xalqaro standartlar asosida texnologik hamda tashkiliy innovatsiyalarni yaxshilashga yoʻnaltirish uchun mumkin boʻlgan xatti-harakatlar va choralarni belgilash;
— kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish, xususan, qoʻshma taʼlim tizimlari, biznes-inkubatorlar va texnoparklar orqali maxsus loyihalarni tuzish;
— kichik va xususiy tadbirkorlik kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ushbu sohadagi mutaxassislarning malakasini oshirish;
— kichik biznes korxonalarini rivojlantirishga qaratilgan bevosita investitsiyalar, shu jumladan imtiyozli kreditlar, zaymlarni jalb qilishga koʻmaklashish.
3-modda
Quyidagilar ushbu Bitimni amalga oshirishda Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston tomonidan:
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi.
Pokiston tomonidan:
Sanoat, ishlab chiqarish va maxsus tashabbuslar vazirligi.
4-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida Iqtisodiy-savdo hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 27-iyunda imzolangan Bitimga muvofiq tuzilgan Oʻzbek-Pokiston savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya doirasida kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida hamkorlik boʻyicha Kichik komissiya (bundan keyin “Kichik komissiya” deb ataladi) tashkil etadilar.
Kichik komissiya majlislari, qoidaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbek-Pokiston hukumatlararo qoʻshma komissiya majlislari doirasida oʻtkaziladi.
Majlis davomida Kichik komissiya Tomonlarga hisobot va kelgusi davr uchun ishchi dasturni taqdim etishi lozim. Birinchi hisobot Kichik komissiya tuzilgan davrdan boshlab olti oy davomida taqdim etiladi.
Kichik komissiyaga hamkorlikda rahbarlik qilish har bir Tomonning, ushbu Bitimni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakolatli organidan bitta vakil tomonidan amalga oshiriladi. Kichik komissiya aʼzolari va soni aniq zaruriyatlardan kelib chiqib, Hamraislar tomonidan belgilanadi. Zarur boʻlganda, Tomonlarning roziligi bilan Kichik komissiya tarkibida oʻziga xos masalalarga javob beradigan ichki guruhlar ham tashkil etilishi mumkin.
5-modda
Kichik komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Ushbu Bitim maqsadlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbek-Pokiston hukumatlararo qoʻshma komissiya majlislarini tayyorlash va oʻtkazishda ishtirok etish.
2. Iqtisodiy va huquqiy holatni, amaldagi dasturlarni tahlil qilish, rivojlanish istiqbollarini belgilash, ikki mamlakatning jamoatchiligi va xususiy tashkilotlari ishtirokida tomonlar bilan uchrashuvlar va seminarlar oʻtkazish.
3. Ustuvor loyihalar boʻyicha kichik va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi yoʻnalishlarini belgilash.
4. Ikki mamlakat tadbirkorlarining tegishli protseduralar oʻtkazilgach, ishbilarmonlar hamkorligi yuzasidan mahalliy sheriklarning tavsiyalari.
5. Oʻquv dasturlari, seminarlar, koʻrgazmalar, tajriba almashishlarni tashkil etish va oʻtkazish.
6. Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha mahalliy loyihalarni birgalikda aniqlash maqsadida “fokus guruhlari”ni tuzish.
7. Quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilgan tajriba loyihalarini amalga oshirish:
• kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq yoʻnaltirilgan dasturlarni rivojlantirish va amalga oshirish;
• kichik biznes korxonalarini texnik jihozlash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
• ikki mamlakat investorlari ishtirokida qoʻshma korxonalar tashkil etish;
• ikki mamlakatning kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha bevosita aloqalarni oʻrnatishga koʻmaklashish.
Tajriba loyihalari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
• loyihalarning texnik, iqtisodiy va moliyaviy asoslarini tayyorlash;
• loyihalarni axborot va maslahat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash;
• loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy manbalarini aniqlash;
• loyihalarni amalga oshirish;
• loyihalarning amalga oshirish jarayonini kuzatish (koʻmaklashish);
• loyihalarning bajarilishi ustidan monitoring olib borish.
8. Amaldagi faoliyatni, erishilgan natijalarni baholash hamda kelgusidagi harakatlarni belgilash.
9. Natijalarni yakunlash.
6-modda
Tomonlar davlatlari milliy qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari hisoblangan Tomonlar davlatlari fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirish protseduralarini yengillashtirishga intiladilar.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq yuzaga keladigan bahs va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali tartibga solinadi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil davomida amal qiladi va Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida navbatdagi muddat tugashidan kamida olti oy ilgari diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi bir yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Islomobod shahrida 2006-yil 2-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, ingliz tilidagi matn asos sifatida qabul qilinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 2-3-son)