Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“SIQISh KOMPRESSOR STANSIYASI QURISh BILAN POMUQ KONINI OBOD QILIShNI YAKUNLASh” INVESTITSIYa LOYIHASINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pomuq konidan gaz kondensatini qazib olish samaradorligini oshirish, gaz va kondensat qoldiqlari zaxiralarini yanada toʻliq chiqarib olish, tovarbop gazning standart talablariga mos sifatini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Siqish kompressor stansiyasi qurish bilan Pomuq konini obod qilishni yakunlash” investitsiya loyihasining (keyingi matnlarda “Loyiha” deb yuritiladi) dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-fevraldagi 68-f-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan;
“Oʻzbekneftgaz” MXK tomonidan tanlov savdolari oʻtkazilgan va asosiy texnologik uskunalarni olib kelish uchun jami ekvivalenti 45,5 mln. dollarga teng (27,7 mln. yevro va 6,8 mln. dollar) miqdorda shartnomalar tuzilgan;
mazkur Loyihani amalga oshirish uchun “Oʻzbekneftgaz” MXKga 21,0 mln. dollar miqdorida kredit berish shartlari Koreya taraqqiyot banki bilan kelishib olingan.
2. Belgilansinki, Loyihani moliyalashtirish:
“Oʻzbekneftgaz” MXKning ekvivalenti 20,02 mln. dollarga teng shaxsiy mablagʻlari hisobidan;
1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 6 yil boʻlgan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 1,0 %li marjasini qoʻshganda yillik 7,0 %li stavka bilan “Oʻzsanoatqurilishbank” AK orqali qayta moliyalashtiriladigan 20,6 mln. dollar miqdoridagi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi krediti hisobidan;
1,5 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 5 yil boʻlgan, yillik Libor + 0,6 %li stavka bilan “Oʻzbekiston — Koreya taraqqiyot banki” orqali beriladigan 21 mln. dollar miqdoridagi Koreya taraqqiyot banki krediti hisobidan amalga oshiriladi.
“Oʻzbekneftgaz” MXK qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishga hamda Loyihani amalga oshirishga masʼul boʻlgan qarz oluvchi va ijro etuvchi organ hisoblanadi. Kreditlarni uzish va ularga foizlarni toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Oʻzbekneftgaz” MXKning valyuta mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Siqish kompressor stansiyasi qurish bilan Pomuq konini obod qilishni yakunlash” loyihasi TIAning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Koreya taraqqiyot banki kreditlari boʻyicha asosiy qarzni uzish va foizlar toʻlashning prognoz jadvallari 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Koreya taraqqiyot banki ushbu Loyihani amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov manbaidan undiriladigan daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Oʻzsanoatqurilishbank” AK va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda pudratchilar tomonidan qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 18-dekabr,
PQ-749-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 12-son, 652-modda; 2008-y., 6-son, 330-modda)