OʻzbekistOn Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
BOJXONA IShI SOHASIDA OʻZARO KOʻMAKLAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki Tomonning bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish hamda oʻzaro koʻmaklashishga intilib,
ikki Tomonning bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida hamkorlik yordamida ikkala Tomon oʻrtasida tovarlar va yoʻlovchilar harakatlanishiga koʻmaklashish istagida,
bojxona qonun hujjatlarining buzilishi ikkala Tomonning iqtisodiy, ijtimoiy va soliq manfaatlariga ziyon yetkazishini eʼtiborga olib,
bojxona huquqbuzarligiga qarshi yoʻnaltirilgan harakatlar ikkala Tomon bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasidagi hamkorlikning yanada samarali vositasi boʻlishi mumkinligiga amin boʻlib,
ahdlashuvchi Tomonlar qabul qilgan va ularga nisbatan qoʻllaniladigan xalqaro konvensiyalar doirasida yuklatiladigan majburiyatlarni eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Bojxona qonun hujjatlari” atamasi tovarlarning import, eksport, harakatlanish yoki saqlash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqarish va nazoratni amalga oshirish uchun yuklatilgan maxsus yuklatilgan vakolatlar doirasida qabul qilgan yoʻriqnomalarni anglatadi;
2 “Bojxona maʼmuriyatlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasida Davlat bojxona qoʻmitasini, Xitoy Xalq Respublikasida Bosh bojxona maʼmuriyatini anglatadi;
3. “Huquqbuzarlik” atamasi har qanday bojxona qonun hujjatlarini buzish yoki buzishga boʻlgan urinishni anglatadi;
4. “Bojxona bojlari va soliqlari” atamasi bojxona qonun hujjatlariga muvofiq undiriladigan bojxona bojlari hamda barcha turdagi bojlar, soliqlar va yigʻimlarni anglatadi.
2-modda
Tomonlar bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalari va oʻzlarining tegishli mamlakatlari ichki qonun hujjatlarining qoidalariga muvofiq oʻz vakolatlari hamda masʼuliyatlari doirasida bir-birlariga oʻzaro koʻmaklashadilar.
Tomonlar ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq oʻzlarining bojxona maʼmuriyatlari orqali har qanday huquqbuzarligining oldini olish, tergov qilish va ularga qarshi kurashda bir-birlariga oʻzaro koʻmaklashishga rozilik bildirdilar.
3-modda
Tomonlar bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq bojxona qonun hujjatlariga rioya qilishni taʼminlashda yordam berish maqsadida tegishli axborotni almashadilar:
— bojxona bojlari, soliqlari va toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishini taʼminlashda;
— tovarlar qiymatini aniq belgilashda;
— tovarlarning tarif stavkalarini, tasniflanishi va kelib chiqishini aniqlashda;
— ikki tomon savdosi boʻyicha statistik maʼlumotlarda;
— tovarlar, transport vositalari va pochta joʻnatmalari ustidan nazorat usullariga;
— bojxona huquqbuzarlikni sodir etishning asosiy va yangi uslublari, ularni tekshirish hamda ularga qarshi kurashish uslublari;
— bojxona qonun hujjatlari va qoidalari;
— bojxona protseduralarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish hamda bojxona boshqaruvini takomillashtirish;
— bojxona faoliyati nazoratida kompyuter texnologiyalari va texnik vositalarni qoʻllashda;
— oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi boshqa masalalarda.
4-modda
1. Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq quyidagilar boʻyicha tajriba almashadilar:
— bojxona qiymatlarining uygʻunlashgan tizimi va baholash metodlarini qoʻllash;
— xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish va xalqaro konvensiyalarni qoʻllash;
— bojxona xodimlarini oʻqitish va qayta tayyorlash.
2. Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq bojxona ishi sohasida hamkorlik qiladilar, jumladan:
— bojxona maʼmuriyatlari xodimlari almashinuvi;
— bojxona xodimlarini oʻqitish;
— bojxona masalalariga oid kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlarni almashish.
5-modda
Bir Tomon bojxona maʼmuriyati soʻroviga binoan boshqa Tomon bojxona maʼmuriyati oʻxshash, yaʼni Tomonlar oʻzaro tashqi savdo munosabatlarida bojxona huquqbuzarligini amalga oshirish maqsadida foydalanishda gumon qilinayotgan soʻrov bergan Tomonning tovarlari va transport vositalari haqida axborot beradi.
6-modda
Bir Tomon bojxona maʼmuriyati oʻz tashabbusi bilan yoki boshqa Tomon bojxona maʼmuriyati soʻroviga koʻra bojxona huquqbuzarligini fosh qilishda yordamlashuvchi xususan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, oʻq-dori, qurol-aslaha va portlovchi moddalar, tarixiy, badiiy, madaniy va arxeologik qimmatliklarni namoyon etuvchi predmetlar bilan bogʻliq boʻlgan axborotni taqdim etadi.
7-modda
Ushbu Bitim doirasida soʻrab olingan yoki taqdim etilgan har qanday axborot, hujjatlar va boshqa materiallar maxfiylik rejimida boʻladi hamda ulardan faqat ushbu Bitimda koʻrsatilgan maqsadlardagina foydalaniladi. Bunday axborot, hujjatlar va boshqa materiallarga nisbatan qabul qilib oluvchi mamlakat oʻzining hududida shunga oʻxshash axborot, hujjatlar yoki boshqa materiallarga qoʻllaniladigan himoyalash vositalari hamda rasmiy maxfiylik darajasini joriy etadi.
8-modda
1. Ushbu Bitimga muvofiq soʻrovlar yozma ravishda ingliz tilida yuboriladi va ushbu soʻrovlarni bajarish uchun zarur hujjatlar soʻrovga ilova qilinadi. Agar zarurat tugʻilsa, shoshilinch ravishda ogʻzaki soʻrovlar ham qabul qilinishi mumkin, biroq, ular zudlik bilan yozma ravishda tasdiqlanishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan soʻrovlar quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
— soʻrov yuborayotgan bojxona maʼmuriyati nomi;
— soʻralgan axborot va/yoki jarayonlar tafsiloti;
— soʻrovning sababi;
— bojxona qonun hujjatlari va qoidalariga tegishli boʻlgan qisqacha tafsiloti;
— soʻrovga daxldor jismoniy va yuridik shaxsning nomi va manzili;
9-modda
1. Agar bir Tomon bojxona maʼmuriyati soʻrovni bajarish uning davlati suverenitetiga, xavfsizligiga va boshqa oʻta muhim milliy manfaatlariga ziyon yetkazadi yoki har qanday korxona, uyushma yoxud shaxsiy yoki bu Tomon amaldagi qonun hujjatlarini buzadigan qonuniy tijorat manfaatlariga zid keladi deb hisoblasa, u koʻmaklashishni rad etishi yoki muayyan shartlar va talablarga amal qilinganidagina koʻmaklashishi mumkin.
2. Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov rad etiladigan boʻlsa, soʻrov olayotgan tomon bojxona maʼmuriyati zudlik bilan bunday qaror va uning sababi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi.
3 Agar bir Tomon bojxona maʼmuriyati oʻzi xuddi shunday soʻrovnoma olganidan koʻmaklashishga qodir boʻlmasa u oʻz soʻrovida bunga eʼtibor qaratishi lozim. Bunday soʻrovni qondirish masalasini soʻralayotgan Tomon bojxona maʼmuriyatining oʻzi hal qiladi.
10-modda
1. Ushbu Bitim doirasida hamkorlik va koʻmaklashish tegishli bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida bevosita aloqalar orqali olib boriladi.
2. Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitimni talqin etish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan barcha masalalarni oʻzaro maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
3. Ushbu Bitimni bajarish masalalarini koʻrib chiqish maqsadida Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari zarur deb hisoblaganda navbatma-navbat ikki davlat hududida oʻzaro uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib oladilar. Bojxona maʼmuriyatlari uchrashuv vaqti, joyi, uchrashuv kun tartibi hamda ishtirok etuvchilar yuzasidan oldindan kelishib oladilar.
11-modda
Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitimni bajarishga bogʻliq ravishda kelib chiqadigan barcha xarajatlarni qoplashi uchun talabnomalarni rad etadilar, bojxona xizmatchilari boʻlmagan ekspertlar, guvohlar va tarjimonlar bundan mustasno.
12-modda
1. Ushbu Bitimning alohida qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar yoki ularning bojxona maʼmuriyatlari qoʻshimcha bitim yoki bayonnomalarni tuzishlari mumkin.
2. Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga alohida bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro konvensiyalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida va Xitoy Xalq Respublikasi bojxona hududida qoʻllaniladi.
15-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha milliy huquqiy talablarni bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Ushbu Bitim oxirgi yozma xabarnoma olingandan soʻng kuchga kiradi.
Tomonlarning har biri istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborib, Ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan boshqa Tomonni xabardor qilishi mumkin. Ushbu Bitim bunday yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab olti oy oʻtgach, amal qilishdan toʻxtaydi.
Pekin shahrida, 2005-yil 25-mayda ikki nusxada, oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005-y., 2—4-son)