O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT HAYVONOT BOG‘I KOLLEKSIYALARINI TO‘LDIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Toshkent hayvonot bog‘i kolleksiyalarini hayvonlar va qushlarning noyob va ekzotik, shu jumladan “Qizil kitob”ga kiritilgan turlari bilan to‘ldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent hayvonot bog‘iga, o‘zining iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, hayvonlar va qushlarni xorijiy mamlakatlarning hayvonot bog‘lari va muassasalari bilan almashtirishga, shuningdek ularni yuridik va jismoniy shaxslardan bepul qabul qilib olishga ruxsat etilsin.
2. Toshkent hayvonot bog‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga keltiriladigan hayvonlar va qushlar, vitaminlar, ozuqalar, veterinariya preparatlari va biologik preparatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha 2012-yil 31-dekabrgacha bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shab qoladigan mablag‘lar Toshkent hayvonot bog‘ining hayvonlar va qushlar kolleksiyalarini to‘ldirish va kengaytirish uchun maqsadli ravishda yo‘naltiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi Toshkent hayvonot bog‘i bilan birgalikda hayvonot bog‘i kolleksiyasini O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan hayvonlar va qushlar bilan kengaytirish va boyitish tadbirlarining aniq rejasini ishlab chiqsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent hayvonot bog‘i kolleksiyalarini to‘ldirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 10-yanvardagi 7-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-yanvar,
15-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 5-son, 18-modda)