Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINI OʻRGANIShNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Hayotimizning asosiy Qonuni boʻlmish Oʻzbekiston Konstitutsiyasining jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatini, maʼno-mazmuni va mohiyatini oʻrganish, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri va madaniyatini tarbiyalash hamda yuksaltirish, shuningdek, Konstitutsiyani bilish, uning mazmun-mohiyatini targʻib va tashviq qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi boʻyicha bolalar va oʻquvchilarda mustahkam bilimlarni shakllantirish hamda Konstitutsiya mohiyatini keng omma ongiga singdirishga qaratilgan Konstitutsiyani oʻrganish dasturini yaratish, uning asosida maxsus oʻquv kurslarini ishlab chiqish va tegishli metodikalarni tayyorlash boʻyicha ilovaga muvofiq komissiya tasdiqlansin.
Komissiyaga taʼlim turlari boʻyicha mutaxassislardan iborat ekspert guruhlarini tashkil etishga ruxsat berilsin.
2. Komissiya Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat matbuot qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda taʼlimning barcha turlarida Konstitutsiyani oʻrganish uchun zarur boʻlgan dasturlar, kurslar, metodik koʻrsatmalar va boshqa didaktik vositalarga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqsinlar;
2001-yil 1-aprelga qadar “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish” maxsus oʻquv kurslarini barcha taʼlim turlari uchun ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
barcha taʼlim turlari uchun bolalar va oʻquvchilarni, yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, huquqiy ong va madaniyatini shakllantirishga qaratilgan Konstitutsiyani oʻrganish boʻyicha darsliklar va maxsus adabiyotlarni 2001-yil 1-avgustga qadar yaratsinlar, chop etsinlar va joylarga yetkazishni tashkil etsinlar.
3. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi taʼlim muassasalariga ega boʻlgan boshqa vazirlik va idoralar:
2001-yil 1-avgustga qadar “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish” kurslari boʻyicha maktabgacha taʼlim turidagi tarbiyachi va metodistlar, umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilar, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim va oliy taʼlim turlarida dars beruvchi professor-oʻqituvchilarni tayyorlasinlar;
2001-2002 oʻquv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish” kurslarini oʻqitishga kirishsinlar;
kurs mazmunining sifatli oʻzlashtirilishini taʼminlash maqsadida uning yakuni boʻyicha oʻquvchi va talabalar orasida kollokvium va sinovlar oʻtkazsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, Respublika “Mahalla”, jamgʻarmasi, tegishli jamoat tashkilotlari Konstitutsiyani oʻrganish dasturi asosida oʻquv-uslubiy, ilmiy-ommabop va boshqa vositalar yordamida, mutaxassislarni keng jalb qilgan holda fuqarolar oʻrtasida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning oʻrni va ahamiyati boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini olib borsinlar, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish uchun zarur chora-tadbirlar belgilasinlar va amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzteleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, “Tasviriy oyina” uyushmasi ommaviy axborot vositalarida mazkur masala boʻyicha doimiy ruknlar turkumi, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar hamda tasviriy vositalar tashkil etsinlar.
6. Mazkur Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 4-yanvar,
F-1322-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 4-yanvardagi F-1322- son farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish Dasturini yaratish va maxsus oʻquv kursini ishlab chiqish boʻyicha komissiya tarkibi
| 1. | Oʻrazayev Sh. Z. | — | Ichki ishlar akademiyasi, kafedra mudiri, akademik, yuridik fanlari doktori, komissiya raisi |
| 2. | Saidov A. X. | — | Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori |
| 3. | Xusanov O. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi prorektori, yuridik fanlari doktori |
| 4. | Eshonov B. E. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, yuridik fanlari doktori |
| 5. | Ismoilov N. M. | — | Oliy Majlis Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi |
| 6. | Shoumarov Gʻ. B. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining bosh konsultanti |
| 7. | Akbarov M. O. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi |
| 8. | Gʻulomov S. S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| 9. | Joʻrayev R. X. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| 10. | Xusanov J. X. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi rahbari |
| 11. | Polvon-zoda A. A. | — | Adliya vaziri |
| 12. | Boboyev X. B. | — | Toshkent yuridik instituti rektori, yuridik fanlari doktori |
| 13. | Jalilov Sh. I. | — | “Mahalla” jamgʻarmasi raisi, yuridik fanlari doktori |
| 14. | Boliyev A. | — | “Maʼnaviyat va maʼrifat” kengashining masʼul kotibi |
| 15. | Latipov I. | — | “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi |
| 16. | Toʻlaganov A. T. | — | Toshkent yuridik instituti kafeda mudiri, yuridik fanlari doktori |
| 17. | Axmedov D. Q. | — | Toshkent yuridik instituti professori |
| 18. | Odilqoriyev X. O. | — | Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshligʻi, yuridik fanlari doktori |
| 19. | Karimova O. A. | — | Toshkent davlat pedagogika universiteti kafedra mudiri, dotsent |
| 20. | Rasuleva M. Sh. | — | Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, dotsent |
| 21. | Omonova O. | — | Andijon shahar 27-sonli maktabning huquq oʻqituvchisi |