OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI BUDJETDAN TAShQARI RESPUBLIKA MAQSADLI KITOB JAMGʻARMASI MABLAGʻLARI HISOBIDAN QISQA MUDDATLI MAQSADLI SSUDALARNI BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 27-sentabrda 1722-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 16-sentabrdagi 406-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1722-1, 16.09.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 1-iyundagi PQ-363-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 23-son, 204-modda) asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli maqsadli ssudalarni berish tartibini belgilash maqsadida buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli maqsadli ssudalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-avgust,
80-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli maqsadli ssudalarni berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 1-iyundagi PQ-363-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 23-son, 204-modda) asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli maqsadli ssudalarni berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli maqsadli ssudalar (keyingi oʻrinlarda ssuda deb yuritiladi) nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob savdo korxonalariga qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
II. Ssuda berish maqsadi va muddatlari
2. Ssudalar aylanma mablagʻlari yetishmovchiligiga duch kelayotgan va chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan respublika umumtaʼlim maktablarining darsliklarini ishlab chiqarish uchun taqsimlangan kvotalariga ega boʻlgan nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob savdo korxonalariga (keyingi oʻrinlarda ssuda oluvchilar deb yuritiladi) aylanma mablagʻlarini vaqtinchalik toʻldirish uchun beriladi.
3. Ssudalar Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb yuritiladi) taklifiga koʻra ssuda oluvchilarga 6 (olti) kalendar oyigacha boʻlgan muddatga taqsimlangan kvotalar asosida darsliklarni ishlab chiqarish uchun zarur summalar doirasida beriladi.
III. Ssuda berish shartlari
4. Ssudaga zarurat boʻlganda, ssuda oluvchilar ssuda berish haqida taklif kiritish toʻgʻrisida yozma ravishda soʻrov bilan Agentlikka murojaat qiladi. Bunday soʻrov bilan murojaat qilishga ssuda oluvchilarda chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan umumtaʼlim maktablarining darsliklarini ishlab chiqarish uchun aylanma mablagʻlarining yetishmovchiligi asos boʻladi. Soʻrovda soʻraladigan ssudaning maqsadi va miqdori, ssuda va uning foizlarini qaytarish muddati koʻrsatiladi. Soʻrovga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan umumtaʼlim maktablarining darsliklarini ishlab chiqarish uchun taqsimlangan kvotalarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
b) soʻrov asoslari va aylanma mablagʻlar yetishmovchiligining sabablari;
v) ssuda oluvchining bank hisobvaragʻiga pul tushumlarining (pul oqimining) prognozi albatta koʻrsatilgan biznes-reja;
g) roʻyxatga olingan joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-sonli shakl);
d) roʻyxatga olingan joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan oxirgi hisobot davri uchun moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-sonli shakl);
e) roʻyxatga olingan joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan debitor va kreditor qarzdorligi haqidagi maʼlumotnomalar (2a-sonli shakl);
j) qonunchilikka muvofiq muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorliklarning solishtirma dalolatnomalari.
5. Barcha hujjatlar ssuda oluvchi tomonidan uch nusxada tayyorlanadi, shundan ikki nusxasi Agentlikka taqdim etiladi, uchinchi nusxa esa ssuda oluvchida saqlanadi.
6. Agentlik, ssuda oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻn kun mobaynida koʻrib chiqib, tegishli ssuda oluvchiga ssuda berish toʻgʻrisida yozma taklif bilan Jamgʻarma Ijro direksiyasiga murojaat qiladi.
7. Agentlik, ssuda berish toʻgʻrisida yozma taklifni Jamgʻarma Ijro direksiyasiga tayyorlashda, ssuda oluvchilarga qoʻyiladigan quyidagi asosiy talablarga amal qiladi:
a) ssuda oluvchining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi va sud majburiyatlari mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot, shuningdek faoliyatning mazkur turini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
b) chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan darsliklarini nashr etish hajmini bajarish uchun zarur boʻlgan ishlab chiqarish bazasi, mehnat resurslari va malakali mutaxassislar mavjudligi;
v) ssuda soʻrovining asoslanishi;
g) darsliklarni, shu jumladan oʻquv adabiyotlarni nashr etishga doir ish tajribasi (kamida olti oy);
8. Agentlikning ssuda berish toʻgʻrisidagi yozma taklifiga mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning bir nusxasi ilova qilinadi.
9. Zaruriyat boʻlganda, Jamgʻarma Ijro direksiyasi tomonidan qaror qabul qilinishi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar va hisob-kitoblar ssuda oluvchidan soʻralishi mumkin.
10. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilgan taqdirda, ssuda berish toʻgʻrisidagi taklif koʻrib chiqilmaydi va hujjatlar uch kun ichida ssuda oluvchiga qaytariladi.
11. Ssudalar quyidagi ssuda oluvchilarga berilmaydi:
a) chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan umumtaʼlim maktablarining darsliklarini ishlab chiqarish uchun taqsimlangan kvotalariga ega boʻlmaganlarga;
b) soʻnggi 12 oy mobaynida zarar bilan faoliyat yuritganlarga;
v) ssuda ajratish toʻgʻrisida soʻralgan sana holatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan 6 oydan kam boʻlgan muddat davomida oʻz faoliyatini yuritayotganlarga;
g) bundan oldin berilgan ssudalar boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarini zarur tarzda bajarmaganlarga;
d) qayta tashkil etish (boʻlish, qoʻshish va hokazo), tugatish yoki bankrotlik, sud muhokamasi bosqichida turganlarga;
e) mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan talablarga javob bermaydiganlarga.
12. Ssuda va uning foizlarini qaytarmaslik xavfining oldini olish maqsadida, ssuda oluvchi qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bank kafolati koʻrinishida olinadigan ssudaning taʼminotiga ega boʻlishi lozim.
IV. Ssuda berish tartibi
13. Jamgʻarma Ijro direksiyasi, Agentlikdan kelib tushgan ssuda berish toʻgʻrisidagi taklifni va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi, ssuda oluvchining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini va ssuda berishning asoslarini tahlil qiladi, shuningdek ssuda berish yoki rad javobini qaytarish toʻgʻrisida aniq takliflar bilan yozma xulosalarni tayyorlaydi.
Ajratish uchun taklif etiladigan ssudaning hajmi va qoplash muddatlari boʻlgan ijobiy yozma xulosa kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga kiritiladi.
Salbiy xulosa boʻlgan taqdirda, ssuda ajratilmasligining aniq sabablari va asoslari koʻrsatilgan holda Agentlikka yozma ravishda rad javobi yuboriladi.
14. Ssuda ajratish toʻgʻrisidagi soʻrovning hisob-kitoblari va asosliligining koʻrib chiqilishi hamda ssuda ajratish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorning qabul qilinishi, taklif qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh ish kuni mobaynida Jamgʻarma Ijro direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri bilan kelishilgandan soʻng uch kun ichida ssuda ajratish toʻgʻrisidagi ijobiy xulosa asosida ssuda oluvchi va Jamgʻarma Ijro direksiyasi orasida ssuda ajratish toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
16. Ssuda, ssuda berish toʻgʻrisida shartnomada belgilangan muddatlarda, Jamgʻarmaning yagona jamlangan hisobvaragʻidan toʻlov topshiriqnomasi asosida xizmat koʻrsatuvchi bankda maxsus ochilgan ssuda oluvchining hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
17. Darsliklarni ochiq savdosini rivojlantirishda ssuda oluvchilarga koʻmak koʻrsatish maqsadida ssudadan foydalanish uchun foiz stavkasining miqdori Jamgʻarma bilan ssuda oluvchining oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanadi va ssuda ajratish kunida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq boʻla olmaydi.
V. Ssuda va uning foizlarini qoplash tartibi
18. Ssuda va uning foizlarini qoplanishi ssuda ajratish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda qatʼiy amalga oshiriladi.
Ssuda oluvchi, ssudadan haqiqatda foydalanilganlik davri uchun ssudaning toʻliq summasi va uning foizlarini muddatdan oldin qaytarishga haqlidir.
19. Ssuda va uning foizlarini qoplanishi ssuda oluvchining hisobvaragʻidan pul koʻchirish yoʻli bilan toʻlov topshiriqnomasi asosida Jamgʻarmaning yagona jamlangan hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
20. Ssuda va uning foizlari (toʻlanmagan qismi) oʻz muddatida qoplanmagan taqdirda, mablagʻlarning undirilishi, qonunchilikda belgilangan tartibda, ssuda oluvchining asosiy va ikkilamchi, shu jumladan boshqa banklarda ochilgan hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi.
21. Jamgʻarma Ijro direksiyasi, ssudadan foydalanishning butun muddati mobaynida, ajratilgan ssudadan samarali foydalanilishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi.
22. Jamgʻarma tomonidan olib borilgan monitoring yoki nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar jarayonida ajratilgan ssudalarning maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, Jamgʻarma, qonunchilikda belgilangan tartibda, ssudaning maqsadsiz ishlatilgan qismini muddatdan oldin ssuda oluvchidan undirishga haqlidir.
VI. Ssuda oluvchilarning javobgarligi
23. Ssuda oluvchilarning rahbarlari, mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻgʻriligi va xolisligiga, shuningdek ssudadan maqsadli foydalanish va belgilangan muddatda olingan ssuda va uning foizlari qaytarilishiga shaxsan javobgardir.
24. Olingan ssudadan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, ssuda oluvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
VII. Yakuniy qoidalar
25. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri T. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori B. ALIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 409-modda)