O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“V.P. ChKALOV NOMIDAGI TOShKENT AVIATSIYA IShLAB ChIQARISh BIRLAShMASI” DAVLAT-AKSIYADORLIK JAMIYATI FAOLIYATINI MAQBULLAShTIRISh VA UNI MOLIYAVIY SOG‘LOMLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati tuzilmasini yanada takomillashtirish va faoliyatini maqbullashtirish, birlashmaning moliyaviy holatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining:
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “V” hududini mulkiy komplekslar shaklida va Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Guliston” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini, shuningdek aviatsiya birlashmasining ixtisosli bo‘lmagan 1-ilovaga* muvofiq ijtimoiy obyektlarini ochiq savdoda sotish;
Toshkent shahridagi “B” hududidagi 110 kV quvvatli yordamchi stansiya joylashgan 1 ga maydonli yer uchastkasini va Farg‘ona shahridagi “A” hududidagi 110 kV quvvatli yordamchi stansiyani joylashgan yer uchastkasi bilan birgalikda “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati balansidan “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansiga berish;
Farg‘ona shahridagi “V” hududidagi 10,0 ga maydonli yer uchastkasini “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati balansidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga berish;
birlashmaning umumiy maydoni 113,2 ga bo‘lgan 2-ilovaga* muvofiq boshqa hududlarini, ularda joylashgan inshootlar bilan birgalikda Toshkent shahar, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari balansiga berish va keyinchalik ularni belgilangan tartibda ochiq savdoga qo‘yish;
Andijon va Farg‘ona mexanika zavodlarini 2009-yil 1-yanvardan boshlab “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining tugallangan balansga ega bo‘lgan shu’ba korxonalariga aylantirish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.
Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 3-ilovaga* muvofiq tarkibda ishchi guruh tashkil etilsin.
* 1, 2 va 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Birlashma xodimlarining umumiy sonini 2,2 ming nafarga, shu jumladan boshqaruv xodimlarini — 365 nafarga qisqartirishni nazarda tutadigan “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining yangilangan tashkiliy tuzilmasi, uning ijro etuvchi apparati va ishlab chiqarish tuzilmasi 4, 5 va 6-ilovalarga* muvofiq ma’qullansin.
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati bosh direktoriga Kuzatuvchi kengashning roziligi bilan xodimlarning shtatdagi belgilangan soni doirasida birlashmaning ijro etuvchi apparati tashkiliy tuzilmasiga va uning ishlab chiqarish tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
* 4, 5 va 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilansinki:
mazkur qarorga muvofiq “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansiga berilayotgan aktivlar qiymati topshirayotgan va qabul qilayotgan tomonlar uchun daromad (foyda) solig‘ini hisoblab chiqishda soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
Toshkent shahridagi “V” hududni, “Guliston” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini va 1-ilovaga muvofiq obyektlarni sotishdan tushgan tushum “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining “O‘zsanoatqurilishbank”dagi maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi;
2-ilovaga muvofiq obyektlarni sotishdan tushgan tushum, Davlat mulki qo‘mitasi tasarrufida qoladigan 3 foizdan va Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qaroriga muvofiq hokimliklarning tasarrufiga tushadigan 25 foizdan tashqari, “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining ko‘rsatib o‘tilgan maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi;
ko‘rsatib o‘tilgan maxsus hisob raqamining mablag‘laridan faqat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini qayta joylashtirish va “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati va Farg‘ona mexanika zavodining tashqi to‘siqlari yangi uchastkalarini qurish xarajatlarini qoplashga, shuningdek “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatini zamonaviy kompyuter texnikasi va texnologiyalari, foydalanishni nazorat qilish tizimlari bilan jihozlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga sarflanadi;
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining bankdagi hisob raqamiga tushadigan 10 mln so‘mdan ortiq milliy va xorijiy valyutadagi (ekvivalentda) boshqa pul mablag‘larini sarflash faqat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi, mehnatga haq to‘lash fondidan yagona ijtimoiy to‘lovlar bilan birgalikda ish haqi to‘lash, budjetga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek yoqilg‘i-energetika resurslari uchun to‘lovlar bundan mustasno;
mablag‘larni sarflash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining bosh direktoriga, bosh direktorning iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosariga va bosh buxgalterga yuklanadi.
4. “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati (Sultonov):
2007-yil 1-iyuldan boshlab samolyot mahsulotlari ishlab chiqarishga xarajatlarning buxgalteriya hisobini har bir mahsulot bo‘yicha alohida subhisob raqamlarida amalga oshirsin;
ikki oy muddatda “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda belgilangan tartibda “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining hududlari va obyektlarining, birinchi navbatda mazkur qarorga muvofiq o‘zgaga berilayotgan hududlar va obyektlarning, ularga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan holda, kadastr suratga olinishini ta’minlasin;
2007-yil 1-avgustgacha “Xobas-TAPO” qo‘shma korxonasining boshqa muassislari bilan “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining qo‘shma korxona sarmoyasidagi ulushini Davlat mulki qo‘mitasiga berish yuzasidan muzokaralar olib borsin va ko‘rsatib o‘tilgan ulushni belgilangan tartibda bersin;
2007-yil 1-sentabrgacha ushbu qarorda ko‘rsatilgan hududlar va obyektlarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati hokimliklari balansiga bersin;
2007-yil oxirigacha birlashma bo‘linmalarini 5 va 6-ilovalarga muvofiq qayta tashkil etsin va xodimlar sonini belgilangan parametrlarga muvofiq qisqartirsin;
2008-yil oxirigacha manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, Andijon va Farg‘ona mexanika zavodlari yuridik shaxs etib qayta tashkil qilingandan keyin ular tomonidan aviatsiya mahsulotlari ishlab chiqarishni davom ettirish hamda ushbu sohada xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlar va ruxsat beruvchi hujjatlar olinishini ta’minlasin.
5. Toshkent shahar (To‘xtayev) Toshkent viloyati (Niyozov) va Farg‘ona viloyati (Abdullayev) hokimliklari “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining 2-ilovaga muvofiq hududlarini ularda joylashgan inshootlar bilan birgalikda qabul qilib olgandan keyin ikki oy muddatda:
ko‘rsatib o‘tilgan hududlar ochiq savdoga qo‘yiladigan yer uchastkalari bo‘yicha planga tushirilishini hamda tegishli yer uchastkalari va inshootlar baholanishini ta’minlasinlar;
tegishli yer uchastkalarini ularda joylashgan inshootlar bilan birgalikda, shuningdek imoratlar qurilmagan yer uchastkalarini belgilangan tartibda ochiq savdoga qo‘ysinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi 2007-yil oxirigacha “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitaliga, unda davlatning ulushi kamida 51 foiz bo‘lishini saqlab qolgan holda, ushbu qarorga muvofiq birlashma aktivlarining bir qismi o‘zgaga berilishi bilan bog‘liq bo‘lgan davlatga tegishli aksiyalar ulushi yuzasidan tuzatish kiritilishini ta’minlasin.
“V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati ushbu qarorga muvofiq uning ustav kapitaliga tuzatish kiritishda aksiyalar emissiyasi prospekti qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganligi uchun istisno tariqasida yig‘imlardan ozod qilinsin.
7. Toshkent shahar hokimligi (To‘xtayev) “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahridagi obyektlari va hududlari kadastr suratga olingandan keyin bir oy muddatda jamiyatining ishlab chiqarish bo‘linmalari egallab turgan yer uchastkalarini (mazkur qarorga muvofiq o‘zgaga berilayotgan yer uchastkalaridan tashqari) shahar hududiga, ikkinchi zonaga kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqsin;
Toshkent viloyati hokimligi (Niyozov) bir oy muddatda “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining uchish sinov-transport kompleksi hududini (ushbu qarorga muvofiq o‘zgaga berilayotgan uchastkalar bundan mustasno) lalmi yerlarga kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 3-iyul,
136-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 27-28-son, 285-modda)