Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish boʻyicha kengash tuzish toʻgʻrisida
Mazkur Farmoyish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi PF-4974-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ijtimoiy yoʻnaltirilgan rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini rivojlantirish hamda takomillashtirish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish boʻyicha kengash (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) tuzilsin.
*1-ilova berilmaydi.
3. Kengash faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
davlat va jamiyat qurilishini, sud-huquq tizimini demokratik yangilash sohasidagi huquqiy maydonni shakllantirish jarayonini tanqidiy tahlil etish; davlat va jamiyat qurilishi, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar va maqsadli vazifalarni hisobga olgan holda qonun ijodkorligi ishlarining samaradorligini oshirish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash;
qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan davlat va vakillik organlarining, tashkilot va muassasalarning, shuningdek ilmiy jamoatchilikning qonun ijodkorligi faoliyati hamda davlat va jamiyat qurilishini normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish sohasida ularning toʻlaqonligi va uygʻunligini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini demokratlashtirish va shakllantirish jarayonini chuqurlashtirish sharoitlarida sud hokimiyatini isloh qilishdagi faoliyatlarini muvofiqlashtirish, saʼy-harakatlarini birlashtirish;
islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishi sohasidagi kamchiliklar (“oq dogʻlar”)ni aniqlash; davlat va jamiyat qurilishining aniq muammolarini hal etish uchun zarur boʻlgan qonunlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, qonun ijodkorligi faoliyatida takroriylik, parallellikni istisno etuvchi tizimlilik va izchillikni taʼminlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi norma va qoidalarining qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlarda amalga oshirilishi toʻliqligining monitoringi; Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi qoidalarini toʻla amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qonunlarni qabul qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
mamlakat qonunchiligida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari ustuvorligini hamda inson huquqlarining birlamchiligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari)ni yanada rivojlantirish hamda takomillashtirishni, fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita va samarali ishtirok etishini taʼminlaydigan qonunlarni qabul qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
ommaviy axborot vositalarining faoliyatini, ularning haqiqiy mustaqilligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan qonun bilan tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish yuzasidan tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-fevraldagi F-3582-sonli Farmoyishiga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat-huquqiy, sud tizimini takomillashtirish hamda aholining huquqiy ongini oshirish masalalari boʻyicha Kengash tuzish toʻgʻrisida” 2001-yil 12-noyabrdagi F—1471-son Farmoyishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar boʻyicha ekspertlar guruhini Mamlakatni isloh qilish va yangilashning huquqiy bazasini rivojlantirish hamda takomillashtirish masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisining xizmati etib qayta tashkil qilish toʻgʻrisida” 2003-yil 20-avgustdagi F–1828-son Farmoyishining 3-bandi.
6. Ushbu Farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi B. Mirboboyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 13-mart,
F-1924-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 13-martdagi F-1924-son Farmoyishiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish boʻyicha kengash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish boʻyicha kengashning (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Kengashga davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilishga qaratilgan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish yuklatiladi.
3. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.
II. Kengashning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari
4. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
davlat va jamiyat qurilishini, sud-huquq tizimini demokratik yangilash sohasidagi huquqiy maydonni shakllantirish jarayonini tanqidiy tahlil etish; davlat va jamiyat qurilishi, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar va maqsadli vazifalarni hisobga olgan holda qonun ijodkorligi ishlarining samaradorligini oshirish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash;
qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan davlat va vakillik organlarining, tashkilot va muassasalarning, shuningdek ilmiy jamoatchilikning qonun ijodkorligi faoliyati hamda davlat va jamiyat qurilishini normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish, ularning toʻlaqonligi va uygʻunligini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini demokratlashtirish hamda shakllantirish jarayonini chuqurlashtirish sharoitlarida sud hokimiyatini isloh qilish sohasidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirish, saʼy-harakatlarini birlashtirish;
islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishi sohasidagi kamchiliklar (“oq dogʻlar”)ni aniqlash; davlat va jamiyat qurilishining aniq muammolarini hal etish uchun zarur boʻlgan qonunlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, qonun ijodkorligi faoliyatida takroriylik, parallellikni istisno etuvchi tizimlilik va izchillikni taʼminlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi norma va qoidalarining qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlarda amalga oshirilishi toʻliqligining monitoringi; Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi qoidalarini toʻla amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qonunlarni qabul qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
mamlakat qonunchiligida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari ustuvorligini hamda inson huquqlarining birlamchiligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari)ni yanada rivojlantirish hamda takomillashtirishni, fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita va samarali ishtirok etishini taʼminlaydigan qonunlarni qabul qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
ommaviy axborot vositalarining faoliyatini, ularning haqiqiy mustaqilligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan qonun bilan tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, fuqarolarning huquqiy madaniyati, huquqiy ongini yuksaltirish yuzasidan tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish.
III. Kengashning vakolatlari
5. Kengash:
amaldagi qonun hujjatlarini chuqur tahlil etilishini tashkil qiladi va qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash dasturlarini qabul qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi; qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan davlat va vakillik organlarining, tashkilot va muassasalarning qonun ijodkorligi hamda davlat va jamiyat qurilishini normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish, sud hokimiyatini isloh qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida amalga oshirilishi monitoringini tashkil etadi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi prinsiplari va normalarining toʻla amalga oshirilishi uchun zarur boʻlgan qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich, izchil qabul qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
ilgʻor xorijiy mamlakatlarning davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi sohasidagi qonunchilikni rivojlantirish hamda takomillashtirish boʻyicha tajribasini chuqur tahlil qilish asosida uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga tadbiq etilishi masalalarini koʻradi;
fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari)ni rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy faolligini oshirish, aholining davlat va jamiyat boshqaruvida samarali ishtirok etishini taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqadi va tayyorlaydi;
shaxsning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini samarali himoya qilinishini, davlat-huquqiy, sud sohasida insonparvarlik va odillik prinsiplarini izchil amalga oshirilishini kafolatlaydigan qonunlarni tayyorlash dasturlarini ishlab chiqadi;
jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, aholining, ayniqsa yoshlarning, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini oshirish, ilmiy jamoalarning davlat-huquqiy va sud tizimini takomillashtirish borasidagi dolzarb muammolarni hal qilishga, qonunchilik va huquqning qoʻllanilishi amaliyotida ilmiy izlanishlarning natijalaridan samarali foydalanishda koʻmaklashishga, milliy huquq maktabini shakllantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini safarbar etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
6. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslardan Kengash oldida turgan vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni belgilangan tartibda talab qilish hamda olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa ijroiya hokimiyat organlarining maʼlumotlar bankidan belgilangan tartibda foydalanish;
kengashga yuklatilgan ayrim vazifalarni amalga oshirish uchun ishchi guruhlari va komissiyalari tuzish, ularda ishtirok etish uchun olimlar va amaliyotchi-mutaxassislarni jalb etish.
IV. Kengash ishini tashkil etish
7. Kengash uning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
8. Kengash raisi uning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va Kengashga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun masʼuldir.
9. Kengashning faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik va kollegiallik prinsiplariga asoslanadi.
10. Kengash majlislari uning vakolati doirasiga kiruvchi masalalarning tayyorlik darajasiga koʻra, lekin kamida yil choragida bir marta oʻtkaziladi.
11. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchiligi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Kengash majlisida Kengash raisi va kotibi tomonidan imzolanadigan bayonnoma yuritiladi.
12. Kengash faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha, shuningdek tadbirlar dasturiga kiritiladigan masalalarni tayyorlash uchun uning aʼzolari tarkibidan ishchi guruhlari tuzilishi mumkin. Ishchi guruhlari faoliyatining yoʻnalishlari va tarkibi Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
13. Kengash faoliyati bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal qilish, Kengash ishi haqidagi maʼruzalarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Mamlakatni isloh qilish va yangilashning huquqiy bazasini rivojlantirish hamda takomillashtirish masalalari boʻyicha davlat maslahatchisining xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
14. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 11-son, 125-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi 2007-y., 2-son, 89-modda; 2017-y., 10-son, 144-modda)