Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining
Buyrugʻi
OʻSIMLIK DUNYoSI OBʼEKTLARIDAN MAXSUS FOYDALANISh TOʻGʻRISIDAGI RUXSATNOMA BLANKALARI NAMUNALARINI HAMDA DAVLAT OʻRMON FONDIGA KIRMAYDIGAN DARAXTLAR VA BUTALARNI KESISh, ShUNINGDEK DAVLAT OʻRMON FONDI ERLARIGA KIRMAYDIGAN ZAXIRA ERLARIDA PIChAN OʻRISh VA ChORVA MOLLARINI OʻTLATISh UChUN BERILADIGAN RUXSATNOMALAR BLANKALARINI TOʻLDIRISh VA HISOBINI YuRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 4-iyunda 1686-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2015-yil 17-martdagi 4-sonli “Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish toʻgʻrisidagi ruxsatnoma blankalari namunalarini hamda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini toʻldirish va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1686-1, 23.03.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-oktabrdagi 508-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish, ularni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq hamda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini toʻldirish va hisobini yuritishni tartibga solish maqsadida buyuraman:
1. Quyidagilar:
a) Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish toʻgʻrisidagi ruxsatnomalar namunalari:
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun ruxsatnoma 1-ilovaga muvofiq;
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va mol boqish uchun ruxsatnoma 2-ilovaga muvofiq;
b) Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini toʻldirish va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan oʻn kun oʻtgandan soʻng kuchga kiritilsin.
3. Ushbu buyruq bajarilishini nazorat qilish Davlat bionazorati boshligʻi K. Abilovga yuklatilsin.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisi B. ALIXONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 15-may,
01-705-son
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini toʻldirish va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-oktabrdagi 508-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish, ularni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini toʻldirish va hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Yoʻriqnoma davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalarini berishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqlidir.
I. Umumiy qoidalar
1. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalar blankalari qatʼiy hisobotdagi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri, hisobga olish raqamlariga ega va himoya darajalari bilan taʼminlangan, ikki tarafiga mahalliy davlat hokimiyati organining oʻzbek va rus tillaridagi nomi joylashtirilgan hujjatlar hisoblanadi.
Ruxsatnoma blankalari tasdiqlangan namunalarga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mustaqil tayyorlanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishmasdan ruxsatnoma blankalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Har bir ruxsatnoma blankasi bosmaxona raqami va indeksga ega boʻladi. Indeks raqamdan oldin joylashtiriladi.
Blanka indeksi davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarda pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatishga tegishli hududda ruxsatnoma beradigan davlat hokimiyati organini identifikatsiyalaydi.
4. Blankalarni rangli himoyasi mazkur Yoʻriqnomaning 14-15-bandlariga muvofiq belgilanadi.
5. Ruxsatnomalarning asl nusxasi tabiatdan foydalanuvchiga beriladi, uning bir nusxasi tegishli tabiatni muhofaza qilish organiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi ruxsatnomani bergan mahalliy davlat hokimiyati organida qoldiriladi.
6. Mazkur Yoʻriqnoma maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi indekslar beriladi:
QR — Qoraqalpogʻiston Respublikasi;
AN — Andijon viloyat hokimiyati;
BX — Buxoro viloyat hokimiyati;
JZ — Jizzax viloyat hokimiyati;
NM — Namangan viloyat hokimiyati;
NV — Navoiy viloyat hokimiyati;
SR — Sirdaryo viloyat hokimiyati;
SM — Samarqand viloyat hokimiyati;
SX — Surxondaryo viloyat hokimiyati;
TSh — Toshkent shahar hokimiyati;
TV — Toshkent viloyat hokimiyati;
FR — Fargʻona viloyat hokimiyati;
XR — Xorazm viloyat hokimiyati;
QSh — Qashqadaryo viloyat hokimiyati.
II. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun beriladigan ruxsatnomalarni rasmiylashtirish
7. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun beriladigan ruxsatnoma blankasida quyidagilar koʻrsatiladi:
tashkilot nomi, tashkilot rahbari yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
ruxsatnoma amal qiladigan hudud (viloyat, tuman, muayyan hudud yoki uchastka manzili);
kesiladigan daraxtlar va butalarning miqdori, oʻsimlik turi (navi) daraxt tanasi diametri;
ruxsatnoma berish uchun asos (davlat hokimiyati organi nomi, hujjatning sanasi va raqami);
ruxsatnomaning amal qilish muddati.
8. Koʻp miqdordagi daraxtlar va butalar turi (navi)ni kesishga ruxsatnoma berilishida ularning tavsifi blankaning oldi tarafiga sigʻmaganda, uning orqa tarafini toʻldirishga yoʻl qoʻyiladi.
9. Blanka toʻldirilishiga masʼul boʻlgan shaxs tomonidan foydalanuvchi uchun ijro etilishi majburiy boʻlgan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun beriladigan ruxsatnomani (hududni rekultivatsiya qilish, kesishdan keyin qolgan qoldiqlarni tozalash va h. k.) berish shartlari kiritilishi mumkin.
10. Ruxsatnoma blankasi mahalliy davlat hokimiyati organining mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
III. Davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnomalarni rasmiylashtirish
11. Davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnoma blankasida quyidagilar koʻrsatiladi:
tashkilot nomi, tashkilot rahbari yoki jismoniy shaxs familiyasi, ismi, otasining ismi;
ruxsatnoma amal qiladigan hudud (viloyat, tuman, muayyan hudud yoki uchastka manzili);
chorva mollarini oʻtlatish uchun ajratilgan maydon, chorva mollarining tur tarkibi va uning miqdori (chorva mollarini oʻtlatish uchun ruxsatnoma berilayotganda);
ruxsatnoma berish uchun asos (davlat hokimiyati organi nomi, hujjatning sanasi va raqami);
ruxsatnomaning amal qilish muddati.
Foydalanishning bitta turi uchun ruxsatnoma berilganda (pichan oʻrish yoki chorva mollarini oʻtlatish), blankada koʻrsatilgan foydalanishning boshqa turlari chiziqcha bilan oʻchiriladi.
12. Blanka toʻldirilishiga masʼul boʻlgan shaxs tomonidan foydalanuvchi uchun ijro etilishi majburiy boʻlgan pichanni oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun ruxsatnomalar (oʻsimliklarni noyob turlarini saqlash, turli turdagi qushlar tomonidan tuxumlar qoʻyadigan joylarda chorva mollarini oʻtlatishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha va h.k.) berish shartlari kiritilishi mumkin.
13. Ruxsatnoma blankasi mahalliy davlat hokimiyati organining mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
IV. Ruxsatnoma blankalarining rangli himoyasi
14. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun beriladigan ruxsatnoma blankalari och yashil rangdagi A-4 format qogʻozida ishlab chiqariladi. Qogʻoz varagʻiga mayda shtrixlangan rasm kiritiladi. Varaqning oʻng tepa burchagi diaganalidan ikkita pushti rang chiziqlar oʻtkaziladi.
15. Davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnoma blankalari och sariq rangdagi A-4 format qogʻozida ishlab chiqariladi. Qogʻoz varagʻiga mayda shtrixlangan rasm kiritiladi. Varaqning oʻng tepa burchagi dioganalidan ikkita havo rang chiziqlar oʻtkaziladi.
V. Blankalarning hisobi va berilgan ruxsatnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish
16. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, shuningdek davlat oʻrmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish uchun beriladigan ruxsatnoma blankalari va ularning berilishining qatʼiy hisobi qonun hujjatlari asosida oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni berish vakolati berilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yuritiladi.
17. Blankalar toʻldirish jarayonida buzilganda, ular qonun hujjatlarida qatʼiy hisobot hujjatlari uchun belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi va yoʻq qilinadi.
18. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan berilgan ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalarining tartibi raqamlangan va tikilgan tegishli jurnallarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 23-son, 244-modda)