Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“USMON MUSʼHAFI”NI TALAB DARAJASIDA SAQLASHNI TAʼMINLASH TOʻGʻRISIDA
Islom olamida ulkan ahamiyatga ega boʻlgan yodgorlik hisoblangan Qurʼonning eng qadimiy nusxalaridan biri — “Usmon Musʼhafi”ni noyob qoʻlyozma sifatida taʼmirlash va talab darajasida saqlash, bebaho maʼnaviy boyligimizni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Usmon Musʼhafi”ni taʼmirlash va uni talab darajasida saqlash masalalarini tashkil etish boʻyicha Respublika komissiyasi ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Respublika komissiyasiga:
bir oy muddatda mamlakatimizdagi va xorijdagi yetakchi mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhini tuzish;
ekspertlar guruhining ishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish topshirilsin.
3. Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ekspertlar guruhi xulosalari asosida “Usmon Musʼhafi”ni taʼmirlash va saqlash yuzasidan tadbirlar rejasini 2007-yil 1-oktabrga qadar Respublika komissiyasiga taqdim etsin.
4. Moliya vazirligi:
tegishli hisob-kitoblar asosida xorijiy ekspertlarning Toshkentga kelib-ketish va ishlash xarajatlari uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan zarur mablagʻ ajratilishini;
Respublika komissiyasi tasdiqlagan sarf-xarajatlar asosida Madaniyat va sport ishlari vazirligiga zarur mablagʻ ajratilishini 2008-yil budjet parametrlariga kiritilishini nazarda tutsin.
5. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 8-iyun,
115-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 23-son, 240-modda)