OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOL-XOM AShYo BIRJASIDA OʻTKAZILADIGAN BIRJA SAVDOLARIDA PAXTA MOMIGʻINI SOTISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 19-mayda 1681-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 30-iyuldagi 310-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1681-1, 30.07.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-martdagi PQ-24-sonli “Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash maqsad hamda vazifalariga doir dastur toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mol-xomashyo birjasida oʻtkaziladigan birja savdolarida paxta momigʻini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” Assotsiatsiyasi, “OʻzRTXB” OAJning 2004-yil 5-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi auksion savdolarida paxta momigʻini sotish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi 26, 01/24-17, 47, 10/773-A, 4201/155-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (2004-yil 12-may, roʻyxat raqami 1353 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 19-son, 228-modda).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
9-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
106-son
Davlat mulki qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
01/UzRTSB-18/02-son
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasining
2007-yil 9-apreldagi 9, 106, 01/UzRTSB-18/02-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 9-apreldagi 9, 106, 01/UzRTSB-18/02-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Mol-xomashyo birjasida oʻtkaziladigan birja savdolarida paxta momigʻini sotish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) muvofiq paxta momigʻini sotish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom paxta momigʻini yetkazib beruvchi va undan foydalanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi korxona va tashkilotlariga tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomga muvofiq sotib olingan paxta momigʻi faqat Oʻzbekiston Respublikasi ichida qayta ishlash uchun ishlatilishi mumkin.
3. Paxta momigʻini sotish Oʻzbekiston Respublikasi mol-xomashyo birjasida (keyingi oʻrinlarda Birja deb yuritiladi) elektron birja savdolari tizimidan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
II. Asosiy tushunchalar
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
mahsulot — ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha tasdiqlangan koʻrsatkichlarga muvofiq birja savdolarida isteʼmolchilarga sotiladigan paxta momigʻi;
birja savdolari elektron tizimi — birja aʼzolariga respublikaning har bir geografik nuqtasidan aniq vaqt rejimida uzoq masofadan turib birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi;
hisob-kitob-kliring palatasi (keyingi oʻrinlarda HKKP deb yuritiladi) — birja bitishuvlari boʻyicha kliring, hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlovchi Birjaning tuzilmaviy boʻlinmasi;
sotuvchi — birja savdolarida mahsulot sotuvchi “Paxtasanoat” uyushmasining hududiy aksiyadorlik birlashmalari (“Paxtasanoat” HAB) va boshqa yuridik shaxslar;
xaridor — belgilangan tartibda paxta momigʻini qayta ishlash uchun zarur quvvatlarga ega boʻlgan va paxta momigʻidan foydalanib mahsulot ishlab chiqaruvchi Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi — taʼsis shartnomasi hamda tasdiqlangan paxta momigʻini ishlab chiqarish va yetkazib berish balansi doirasida birja savdolarining oʻtkazilishi ustidan monitoring olib boruvchi tashkilot;
bitishuv bayonnomasi — xaridor va sotuvchiga birja savdolarini oʻtkazish yakunlari boʻyicha beriladigan, sotuvchi, xaridor va birja brokeri tomonidan imzolangan, taraflarni belgilangan muddatda talab va taklif narxi boʻyicha birja savdolari natijalariga koʻra xarid qilingan hajmda mahsulotning oldi-sotdi shartnomasini tuzish majburiyatini yuklaydigan hujjat;
zakalat — Birjada amalga oshiriladigan bitishuvlarni bajarilishi kafolatini taʼminlash uchun xaridorlar va sotuvchilar tomonidan Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi depozit hisobvaragʻiga topshiriladigan bitishuvlarni kafolatli taʼminlash mablagʻi;
narxlar kotirovkasi — birja savdolarining bir kuni uchun Birjada oʻtkaziladigan savdo sessiyalari natijalari boʻyicha aniqlangan mahsulotga oʻrtacha narx;
toʻlangan bitishuvlar reyestri — tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning toʻliq qoplanishini taʼminlaydigan miqdordagi mablagʻlarning xaridorning HKKPdagi shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjat.
III. Paxta momigʻi hajmlarini shakllantirish, birja savdolarini tayyorlash va oʻtkazish tartibi
5. Paxta momigʻini sotish hajmlari har yili tasdiqlanadigan paxta momigʻi ishlab chiqarish va yetkazib berish koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
6. Sotuvchilar navbatdagi yil uchun tasdiqlangan paxta momigʻi ishlab chiqarish va yetkazib berish koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, har oyda, keyingi oy boshlanishidan oʻn kun oldin Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan, birja savdolari orqali har oyda sotilish uchun moʻljallangan mahsulot hajmi koʻrsatilgan jadvallarni Birjaga taqdim etadi.
7. Sotuvchilar yiliga bir marta Birja bilan birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisida sotuvchilarning birja savdolarida ishtirok etish shartlari, shartnoma tuzgan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari koʻrsatilgan shartnomalar tuzadi.
Savdolar muntazam ravishda ish kunlarida oʻtkazib boriladi.
8. Sotuvchilar Birja bilan tuzilgan birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomalarga muvofiq mahsulotning butun assortimentini eʼlon qilingan hajmlarga muvofiq birja savdolariga muntazam ravishda qoʻyib borilishini kafolatlaydi.
9. Birja birja savdolarida mustaqil ravishda ishtirok etish istagini bildirgan sotuvchi va xaridorlarga brokerlik oʻrinlarini taqdim etadi.
10. Birja savdolarida mustaqil ravishda ishtirok etish uchun sotuvchi va xaridorning vakillari birja faoliyatini tartibga soluvchi tegishli davlat organidan birja savdosining malakali ishtirokchisi shahodatnomasini oʻrnatilgan tartibda olishlari va birja savdolarining elektron tizimidagi kompyuter terminalida ishlash koʻnikmalariga ega boʻlishlari lozim.
11. Birja xaridor va sotuvchi vakillariga birja savdolari elektron tizimiga ulangan kompyuter terminalida ishlash koʻnikmalariga ega boʻlish borasida yordam beradi.
12. Birja savdolarida broker orqali ishtirok etish uchun xaridor brokerga davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi ilova qilingan ariza taqdim etadi.
13. Brokerlik xizmat koʻrsatish:
sotuvchi va brokyerlar oʻrtasida — mahsulot sotish uchun;
xaridor va broker oʻrtasida — mahsulot xarid qilish uchun tuzilgan topshiriq shartnomasi asosida amalga oshiriladi
Xaridor va sotuvchi brokerni tanlashda erkindir.
14. Brokerning komissiya haqi miqdori Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va OʻzRMXB tomonidan tasdiqlagan brokerning komissiya haqi tarif jadvalini inobatga olgan holda, broker va xaridor oʻrtasidagi erishilgan kelishuv asosida belgilanadi.
15. Birja savdolarining oʻtkazilishi, birja sessiyalarining davomiyligi, sotuvga qoʻyiladigan mahsulotlar hajmi toʻgʻrisidagi axborot Birja tomonidan xaridorlarga majburiy tartibda brokyerlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa axborot kanallari, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali yetkaziladi.
Axborotga sotuvchining mahsuloti joylashgan joyi, shuningdek boshlangʻich narxi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi shart.
16. Mahsulotning boshlangʻich narxi “Paxtasanoat” HAB bilan kelishilgan tarzda “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi tomonidan sertifikatlash xarajatlari, shuningdek yetkazib beruvchilarning komissiya haqlarini hisobga olgan holda ulgurji-preyskurant narxidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
17. Birja barcha savdo ishtirokchilariga, ularning hududiy joylashishidan qatʼi nazar, elektron savdolarda bir vaqtda ishtirok etish imkonini taʼminlab berishi shart.
18. Savdolarni oʻtkazish, elektron birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va bitishuvni roʻyxatga olish ishlari birja savdolari elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
19. Bitishuvni roʻyxatdan oʻtkazish kuni Birja brokerga bitishuv bayonnomasi va namunaviy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun taqdim etadi.
20. Oldi-sotdi shartnomasi bitishuv bayonnomasida nazarda tutilgan shartlarda u olingan kunda rasmiylashtiriladi. Bitishuv bayonnomasi shartlarining bajarilishi tomonlar uchun majburiy hisoblanadi.
21. Savdoda sotilmay qolgan mahsulot hajmi keyingi savdolarga koʻchiriladi.
22. Birja tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqi sotuvchi va xaridorlar uchun bitishuv summasining 0,05 foizi miqdorida oʻrnatiladi.
23. Mahsulotni tuzilgan oldi-sotdi shartnomalar boʻyicha sotish oldindan toʻlovni toʻliq toʻlash yoki yetkazib beriladigan mahsulotning har bir partiyasi uchun chaqirib olinmaydigan akkreditiv qoʻyish sharti bilan amalga oshiriladi.
24. Oldingi yillardagi hosilga talab mavjud boʻlmaganda, broker (Sotuvchi) “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan kelishgan holda, boshlangʻich narx qadamini har savdo sessiyasida 4 foizi miqdorida, lekin boshlangʻich narxning 20 foizidan ortmagan holda kamaytirib borishi, talab yuqori boʻlganda esa — narxni cheklanmagan miqdorda koʻtarishi mumkin.
Birja savdolarida mahsulotni sotishdan tushgan tushum va boshlangʻich narx oʻrtasida hosil boʻlgan farq sotuvchilar ixtiyorida qoladi.
IV. Birja savdosi ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro hisob- kitoblarni amalga oshirish, bitishuvlar bajarilishi kafolatini taʼminlash
25. Birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar bajarilishining moliyaviy kafolatini taʼminlash uchun birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar Birja HKKP orqali amalga oshiriladi.
26. Hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida, HKKP Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash va birja bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻini ochadi. Ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda ikkilamchi depozit hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisidagi arizaga muvofiq ochiladi.
27. Sotuvchi va xaridorlarning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlari harakatini nazorat qilish uchun HKKP har bir sotuvchi va xaridorga foydalanuvchining shaxsiy raqamiga (bundan keyin FShR deb yuritiladi) mos keluvchi alohida shaxsiy hisobvaraq ochadi.
Sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlari ushbu shaxsiy hisobvaraqlarda HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha hisobvaragʻi doirasida hisobga olinadi.
HKKP birja savdolari ishtirokchilarini ularga xizmat koʻrsatish shartlari, ularning mablagʻlari holati toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilib turishi shart.
HKKP tomonidan mijozning shaxsiy hisobvaragʻi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etilishi man etiladi.
28. Birja mijozlarning soʻrovlariga koʻra ularni birja kliringi natijalari, ular mablagʻlarining holati va joriy kunida belgilangan savdolar limitlari toʻgʻrisida xabardor qilib turishi shart.
29. Sotuvchilar va xaridorlar Birjaga xizmat qiluvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga birja savdolariga qoʻyilgan mahsulot umumiy qiymatining va moʻljallanayotgan bitishuv hajmining 2 foizigacha boʻlgan miqdoridagi zakalatni depozitga qoʻyadi.
Xaridorlar Birjada deponentga qoʻyilgan zakalat hisobga olingan holda toʻlash moʻljallanayotgan mablagʻ hajmida bitishuvlar tuzishga haqlidir.
30. Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlaridan:
bitishuvlar boʻyicha majburiyatlar bajarilishi va ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun;
bitishuv amalga oshirilmagan yoki bekor qilingan taqdirda, HKKPdagi hisobvaraqning egasi — mijozning bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qaytarish uchun;
deponentga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan Birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
31. Birja bitishuvi roʻyxatga olinganidan keyin besh bank ish kunida xaridor tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qoʻshimcha mablagʻlarni oʻtkazishi shart. Bunda, mablagʻni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadi” ustunida xaridorning FShRi majburiy tartibda koʻrsatilishi shart.
HKKP xaridordan mablagʻ kelib tushgan vaqtdan boshlab bir bank ish kunida sotuvchiga toʻlangan bitishuvlar reyestrini taqdim etishi shart.
HKKP tomonidan taqdim etilgan toʻlangan bitishuvlar reyestri sotuvchining mahsulotni xaridorga yuklab joʻnatishiga asos boʻladi.
32. Agar xaridor ushbu Nizomning 31-bandida belgilangan muddatda birja shartnomasiga muvofiq mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻtkazilishini taʼminlamasa, HKKP koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin sotuvchi hamda Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida darhol maʼlum qiladi va Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi uchun sotuvchining hisobvaragʻiga jarima chorasi sifatida zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni kiritadi.
Sotuvchi tomonidan mahsulotni xaridorga oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda yuklab joʻnatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmasa, HKKP shartnomada belgilangan muddat oʻtganidan keyin Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda mahsulotni yetkazib berish uchun belgilangan qiymatdan 2 foiz miqdordagi mablagʻni jarima chorasi sifatida xaridor hisobiga kiritadi va xaridor, sotuvchi va Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar qiladi.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
33. Mahsulot sotuvchi tomonidan xaridor oʻzining majburiyatlarini bajarganligi faktini HKKP tomonidan tasdiqlanmasdan joʻnatilgan taqdirda, Birja roʻyxatdan oʻtkazilgan birja shartnomasi boʻyicha xaridor tomonidan majburiyatlar vijdonsizlarcha bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
34. Mahsulot joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini tovarni tanlab olish akti va xaridor va sotuvchi (yoki ularning vakolatli vakillari) imzolari bilan tasdiqlangan yuk xatining nusxasi tasdiqlaydi.
Yuk xati nusxasining taqdim etilishi HKKP tomonidan bir bank ish kunida xaridorning shaxsiy hisobvaragʻidagi mablagʻlarni sotuvchining unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga oʻtkazish va bitishuvni yopish uchun asos boʻladi.
35. Birja aʼzolari, birja savdolari ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasidagi birja savdo qoidalarida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha yuzaga keladigan nizolar Birja arbitraj komissiyasi yoki sud orqali hal qilinadi. Arbitraj komissiyasi tomonidan nizolarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar undirilishi man etiladi.
36. Shartnomaviy majburiyatlarning bajarilmasligi yoki toʻliq hajmda bajarilmasligi uchun tomonlar shartnomaga muvofiq javobgar boʻladi.
V. Ushbu Nizom bajarilishi yuzasidan axborot taʼminoti va bajarilishi ustidan monitoring olib borish
37. Birjaning kotirovka hayʼati oʻtkazilgan birja savdolari natijalari boʻyicha birjada sotilgan mahsulotning birja narxlari kotirovkasini aniqlaydi va har hafta ommaviy axborot vositalari va Internet tizimi sahifalarida eʼlon qilib boradi.
38. “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi va Birja paxta momigʻini ishlab chiqarish va Oʻzbekiston Respublikasi mol-xomashyo birjasi orqali yetkazib berishning tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishining doimiy monitoringini amalga oshiradi.
39. Sotuvchilar va Birja hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga birja savdosiga qoʻyilgan va sotilgan mahsulot hajmlari, ushbu Nizomga muvofiq sotilgan mahsulotning haqiqatda yetkazib berilishi, shu jumladan aniq sotuvchilar va xaridorlar koʻrsatilgan axborotni taqdim etadi.
Birja tomonidan boshqa axborotlarning taqdim etilishi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
VI. Yakuniy qoida
40. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi va “OʻzRMXB” OAJ bilan kelishilgan.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-aprel
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-aprel
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi F. OMONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 6-aprel
“Oʻzbekiston Respublikasi mol-xomashyo birjasi” OAJ boshqaruv raisi T. TOʻXTABOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 7-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 21-son, 219-modda)