Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini Boshqarish davlat qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini Boshqarish davlat qoʻmitasining
Qarori
BIRJA SAVDOLARIDA SEMENT SOTISh TARTIBI HAQIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 2-mayda 1677-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 23-avgustdagi 358-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1677-3, 23.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil 5-son, 57-modda) muvofiq qaror qilamiz:
1. Birja savdolarida sement sotish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
23-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
50-son
Davlat mulki qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-aprel,
01/UzRTSB-18/11-son
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasining
2007-yil 9-apreldagi 23, 50, 01/UzRTSB-18/11-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 9-apreldagi 23, 50, 01/UzRTSB-18/11-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Birja savdolarida sementni sotish tartibi haqida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) muvofiq sementni sotish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom sementni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan korxona va tashkilotlarga tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomga muvofiq sotib olingan sement faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin.
3. Sementni sotish tovar-xomashyo birjalarida (keyingi oʻrinlarda Birja deb yuritiladi) elektron birja savdolari tizimidan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
II. Asosiy tushunchalar
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
mahsulot — ishlab chiqarish va foydalanishning tasdiqlangan balansiga muvofiq birja savdolarida isteʼmolchilarga sotiladigan sement;
birja savdolari elektron tizimi — birja aʼzolariga respublikaning har bir geografik nuqtasidan aniq vaqt rejimida uzoq masofadan turib birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi;
hisob kitob-kliring palatasi (keyingi oʻrinlarda HKKP deb yuritiladi) — birja bitishuvlari boʻyicha kliring, hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlovchi Birjaning tuzilmaviy boʻlinmasi;
sotuvchi — mahsulot ishlab chiqaruvchi, uni birja savdolariga qoʻyuvchi va sotuvchi Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari;
Oldingi tahrirga qarang.
xaridor — ishlarni bajarish va mahsulot ishlab chiqarish, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda sotish uchun sementni xarid qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasining 2012-yil 8-fevraldagi 3, 14, 01/19-18/03-sonli qarori (roʻyxat raqami 1677-2, 02.03.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 8-9-son, 93-modda)
zakalat — Birjada amalga oshiriladigan bitishuvlar bajarilishi kafolatini taʼminlash uchun xaridorlar va sotuvchilar tomonidan Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi depozit hisobvaragʻiga kiritiladigan bitishuvlarni kafolatli taʼminlash mablagʻi;
bitishuv bayonnomasi — xaridor va sotuvchiga birja savdolarini oʻtkazish yakunlari boʻyicha beriladigan, sotuvchi, xaridor va birja brokeri tomonidan imzolangan, taraflarni belgilangan muddatda talab va taklif narxi boʻyicha birja savdolari natijalariga koʻra xarid qilingan hajmda mahsulotning oldi-sotdi shartnomasini tuzish majburiyatini yuklaydigan hujjat;
narxlar kotirovkasi — birja savdolarining bir kuni uchun Birjada oʻtkazilgan savdo sessiyalari natijalari boʻyicha aniqlangan mahsulotga oʻrtacha narx;
toʻlangan bitishuvlar reyestri — tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning toʻliq qoplanilishini taʼminlaydigan miqdordagi mablagʻlarning xaridorning HKKPdagi shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjat.
III. Sement hajmlarini shakllantirish va uni sotish tartibi
5. Sementni sotish hajmlari har yili tasdiqlanadigan sement ishlab chiqarish va foydalanish koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
6. Sotuvchilar navbatdagi yil uchun tasdiqlangan sement ishlab chiqarish va foydalanish balansidan kelib chiqib, har chorakda, keyingi chorak boshlanishidan oʻn kun oldin Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan, dekadalar boʻyicha taqsimlangan, birja savdolari orqali har oyda sotilish uchun moʻljallangan mahsulot hajmi koʻrsatilgan jadvallarni Birjaga taqdim etadi.
7. Sotuvchilar yiliga bir marta Birja bilan birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisida sotuvchilarning birja savdolarida ishtirok etish shartlari, shartnoma tuzgan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilangan shartnomalar tuzadi.
Savdolar muntazam ravishda ish kunlari oʻtkazib boriladi.
8. Birja savdolari Oʻzbekiston Respublikasi “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga va birja savdolari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Birja savdolarining oʻtkazilishi, birja sessiyalarining davomiyligi, sotuvga qoʻyiladigan mahsulotlar hajmi toʻgʻrisidagi axborot Birja tomonidan xaridorlarga majburiy tartibda brokyerlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa axborot kanallari, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali yetkaziladi.
Axborotga mahsulotni joylashgan joyi, uni ishlab chiqargan korxona, shuningdek boshlangʻich narxi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi shart.
10. Birja barcha savdo ishtirokchilariga, ularning hududiy joylashishidan qatʼi nazar, elektron savdolarda bir vaqtda ishtirok etish imkonini taʼminlab berishi shart.
11. Savdolarni oʻtkazish, qoʻyilgan zakalat summasiga muvofiq har bir savdo boʻyicha ishtirokchilarni kiritish va chetlatish, elektron birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish elektron birja savdolari tizimi bilan amalga oshiriladi.
12. Bitishuvni roʻyxatdan oʻtkazish kuni Birja brokerga bitishuv bayonnomasi va namunaviy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun taqdim etadi.
13. Oldi-sotdi shartnomasi bitishuv bayonnomasida nazarda tutilgan shartlarda u olingan kunda rasmiylashtiriladi. Bitishuv bayonnomasi shartlarining bajarilishi tomonlar uchun majburiy hisoblanadi.
14. Savdoda sotilmay qolgan mahsulot hajmi keyingi savdolarga koʻchiriladi. Bunda, sotuvchilar mahsulotni toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha faqat birja savdolariga qoʻyilgan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida sotilmagan hajmlarda oldingi haftadagi birja savdolari natijalarida vujudga kelgan oʻrtacha narxlar boʻyicha sotish huquqiga ega.
15. Birja tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqi sotuvchi va xaridorlar uchun Birja tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Birja xizmatlari tariflariga muvofiq oʻrnatiladi.
16. Xaridor tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, sotuvchi mahsulotni qayta savdoga qoʻyadi.
17. Mahsulotni tuzilgan oldi-sotdi shartnomalar boʻyicha sotish oldindan toʻlovni toʻliq toʻlash yoki yetkazib beriladigan mahsulotning har bir partiyasi uchun chaqirib olinmaydigan akkreditiv qoʻyish sharti bilan amalga oshiriladi.
IV. Sement narxlarini aniqlash va oʻzaro hisob-kitoblar mexanizmi
18. Mahsulotni birja savdolariga qoʻyishning boshlangʻich narxi sotuvchi tomonidan deklaratsiyalanadigan narx (monopolist korxonalar uchun) va ulgurji sotish narxi (boshqa korxonalar uchun) darajasida belgilanadi.
19. Birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar bajarilishining moliyaviy kafolatini taʼminlash uchun birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar Birja HKKP orqali amalga oshiriladi.
20. Hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida, HKKP Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash va birja bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻini ochadi. Ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda ikkilamchi depozit hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisidagi arizaga muvofiq ochiladi.
21. Sotuvchi va xaridorlarning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlari harakatini nazorat qilish uchun HKKP har bir sotuvchi va xaridorga foydalanuvchining shaxsiy raqamiga (bundan keyin FShR deb yuritiladi) mos keluvchi alohida shaxsiy hisobvaraq ochadi.
Sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlari ushbu shaxsiy hisobvaraqlarda HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha hisobvaragʻi doirasida hisobga olinadi.
22. HKKP birja savdolari ishtirokchilarini ularga xizmat koʻrsatish shartlari, ularning mablagʻlari holati toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilib turishi shart.
HKKP tomonidan mijozning shaxsiy hisobvaragʻi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etilishi man etiladi.
23. Birja mijozlarning soʻrovlariga koʻra ularni birja kliringi natijalari, ular mablagʻlarining holati va joriy kunida belgilangan savdolar limitlari toʻgʻrisida xabardor qilib turishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Sotuvchilar va xaridorlar Birjaga xizmat qiluvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga birja savdolariga qoʻyilgan mahsulot umumiy qiymatining va moʻljallanayotgan bitishuv hajmining 10 foizigacha boʻlgan miqdoridagi zakalatni depozitga qoʻyadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasining 2010-yil 3-sentabrdagi 99, 73 va 01/19-18/06-sonli qarori (roʻyxat raqami 1677-1, 16.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 327-modda)
25. Xaridorlar Birjada deponentga qoʻyilgan zakalat hisobga olingan holda toʻlash moʻljallanayotgan mablagʻ hajmida bitishuvlar tuzishga haqlidir.
26. Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlaridan:
bitishuvlar boʻyicha majburiyatlar bajarilishi va ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun;
bitishuv amalga oshirilmagan yoki bekor qilingan taqdirda, HKKPdagi hisobvaraqning egasi — mijozning bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qaytarish uchun;
deponentga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan Birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
27. Birja bitishuvi roʻyxatga olinganidan keyin besh bank ish kunida xaridor tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qoʻshimcha mablagʻlarni oʻtkazishi shart. Bunda, mablagʻni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadi” ustunida xaridorning FShRi majburiy tartibda koʻrsatilishi shart.
Mahsulot temir yoʻl transporti orqali joʻnatilganda, birja bitishuvi roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin besh bank kuni mobaynida xaridor temir yoʻl tariflari qiymatini toʻliq qoplash uchun sotuvchining asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga mablagʻ oʻtkazishi shart.
28. HKKP xaridordan mablagʻ kelib tushgan vaqtdan boshlab bir bank ish kunida sotuvchiga toʻlangan bitishuvlar reyestrini taqdim etishi shart.
29. Agar xaridor ushbu Nizomning 27-bandida belgilangan muddatda birja shartnomasiga muvofiq mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻtkazilishini taʼminlamasa, HKKP koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin sotuvchi hamda Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida darhol maʼlum qiladi va Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi uchun sotuvchining hisobvaragʻiga jarima chorasi sifatida zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni kiritadi.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Sotuvchi tomonidan mahsulotni xaridorga oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda yuklab joʻnatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmasa, HKKP shartnomada belgilangan muddat oʻtganidan keyin Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda mahsulotni yetkazib berish uchun belgilangan qiymatdan 10 foizigacha miqdordagi mablagʻni jarima chorasi sifatida xaridor hisobiga kiritadi va xaridor, sotuvchi va Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar qiladi.
(30-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasining 2010-yil 3-sentabrdagi 99, 73 va 01/19-18/06-sonli qarori (roʻyxat raqami 1677-1, 16.09.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 327-modda)
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
31. HKKP tomonidan taqdim etilgan toʻlangan bitishuvlar reyestri sotuvchining mahsulotni xaridorga yuklab joʻnatishga asos boʻladi.
Mahsulot sotuvchi tomonidan xaridor oʻzining majburiyatlarini bajarganligi faktini HKKP tomonidan tasdiqlanmasdan joʻnatilgan taqdirda, Birja roʻyxatdan oʻtkazilgan birja shartnomasi boʻyicha xaridor tomonidan majburiyatlar vijdonsizlarcha bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
32. Mahsulot joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini xaridor va sotuvchi (yoki ularning vakolatli vakillari) imzolari bilan tasdiqlangan yuk xatining nusxasi tasdiqlaydi.
Mahsulot temir yoʻl transporti orqali joʻnatilganda mahsulot joʻnatilganligi faktini temir yoʻl yuk xatining nusxasi tasdiqlaydi.
Yuk xati nusxasining taqdim etilishi HKKP tomonidan bir bank ish kunida xaridorning shaxsiy hisobvaragʻidagi mablagʻlarni sotuvchining unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga oʻtkazish va bitishuvni yopish uchun asos boʻladi.
33. Mahsulotni birja savdolari gʻoliblariga yuklab joʻnatish oldi-sotdi shartnomalarida nazarda tutilgan muddatlarda sotuvchining naryadlari boʻyicha amalga oshiriladi.
V. Tomonlarning javobgarligi va nizolarning hal etilishi
34. Xaridor bilan sotuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalardagi majburiyatlarning bajarilmaganligi uchun tomonlarning javobgarligi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
35. Birja aʼzolari, birja savdolari ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasidagi birja savdo qoidalarida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha yuzaga keladigan nizolar Birja arbitraj komissiyasi yoki sud orqali hal qilinadi. Arbitraj komissiyasi tomonidan nizolarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar undirilishi man etiladi.
36. Xaridorlar va sotuvchilar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
VI. Axborot taʼminoti va mazkur Nizom bajarilishi yuzasidan monitoring
37. Birja kotirovka hayʼati oʻtkazilgan birja savdolari natijalari boʻyicha Birjaning birjada sotilgan mahsulot baholarining birja kotirovkalarini aniqlaydi va ularni har hafta ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi sahifalarida eʼlon qilib boradi.
38. Sement korxonalari va Birja hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasiga mahsulotning birja savdolariga chiqarish, sotish va ushbu Nizomga muvofiq sotilgan mahsulotning haqiqatda yetkazib berilgan hajmlari toʻgʻrisida maʼlumotni taqdim etadi.
VII. Yakuniy qoida
39. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari” Kompaniyasi va “OʻzRMXB” OAJ bilan kelishilgan.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-aprel
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-aprel
“Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi raisi E. AKRAMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 6-aprel
“Oʻzbekiston Respublikasi mol xomashyo birjasi” OAJ boshqaruv raisi T. TOʻXTABOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 7-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 17-18-son, 190-modda; 2010-y., 37-son, 327-modda; 2012-y., 8-9-son, 93-modda)