O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI TIZIMIDA FUQAROLARNING QONUNChILIK BUZILIShI YuZASIDAN ShIKOYAT VA ARIZALARINI KO‘RIB ChIQISh BOShQARMASINI TUZISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 268-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-sonli Farmoniga binoan inson huquqlari kafolatlarini yanada kengaytirish, qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, fuqarolar huquqlarining poymol qilinishi hollarining oldini olishni ta’minlashda adliya va sud organlari xodimlarining mas’uliyatini oshirish, ularning fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlariga e’tiborini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati tarkibida 1-ilovaga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari adliya boshqarmalari tarkibida 2-ilovaga muvofiq Fuqarolarning qonunchilikning buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish boshqarmasi va guruhlari tashkil etilsin.
Adliya vazirligi 10 kun muddat ichida ushbu boshqarmaning Nizomini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
2. Shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish boshqarma va guruhlarining vazifalari quyidagicha belgilansin:
— fuqarolarning qonuniy haq-huquqlari poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, bu xususdagi va shikoyatlarni diqqat-e’tibor bilan har tomonlama xolisona ko‘rib chiqish;
— ariza va shikoyatlarni O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga to‘la rioya qilgan holda ko‘rib chiqishni ta’minlash, bu masalada sansalorlik, rasmiyatchilikka va to‘rachilikka yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rilgan shikoyatlar yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqida fuqarolarga yozma yoki og‘zaki tarzda ma’lum qilish, o‘rinli bo‘lmagan masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
— qonunchilikning buzilishi holatlari yuzasidan tushgan shikoyatlarni joylarda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan birgalikda tekshirib adolatli qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash choralarini ko‘rish, qonunchilikning buzilishi hollarini keltirib chiqarish sabab va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf qilish;
— adliya tizimidagi idoralarning shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyatini o‘rganish va bu boradagi ishlarni umumlashtirish, shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.
3. Adliya vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari fuqarolarning qonunchilik buzilishi holatlariga tegishli murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalarini hay’atda muhokamaga kiritib asosli qarorlar qabul qilishi, belgilangan vazifalarning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishi, shuningdek fuqarolarni shikoyat qilganlik uchun ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik, bu masalalarda rahbar xodimlarning mas’uliyatini oshirishi muhim ekanligi ta’kidlansin.
4. Respublika tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, hokimliklar mutasaddi idoralari qonunchilikning buzilish holatlari yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar joylarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy vaziyat hosil qilishini, qonunlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlasinlar.
5. Adliya vazirligi, uning boshqarmasi va joylardagi guruhlari fuqarolarning qonunchilikning buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyati to‘g‘risida aholi turli tabaqalarini muttasil ravishda xabardor qilib tursinlar, bu borada ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor bersinlar.
O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga fuqarolarning qonunchilikning buzilish holatlari bo‘yicha murojaatlarining ko‘rib chiqilishi masalasini keng yoritish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2003-y., 15-16-son, 138-modda)
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida tashkil etilayotgan boshqarmani ta’minlash uchun zarur mablag‘lar ajratsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B.H. G‘ulomov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-iyul,
345-son
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Fuqarolarning qonunchilik buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish boshqarmasining
TUZILMASI
| Boshqarma boshlig‘i | — 1 |
| Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari | — 1 |
| Bosh maslahatchi | — 3 |
| Etakchi maslahatchi | — 3 |
| Katta maslahatchi | — 3 |
| Katta nozir | — 2 |
| JAMI: | 13 |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari adliya boshqarmalaridagi Fuqarolarning qonunchilik buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish guruhlarining
TUZILMASI
|
Mintaqalar |
Bosh maslahatchi | Etakchi maslahatchi |
Jami |
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 1 | 1 | 2 |
| Andijon viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Buxoro viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Jizzax viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Navoiy viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Namangan viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Samarqand viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Sirdaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Surxondaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Farg‘ona viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Qashqadaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Xorazm viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Toshkent viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Toshkent shahri | 1 | 1 | 2 |
| JAMI: | 14 | 14 | 28 |