YO‘LLARDA HARAKATLANISh
QOIDALARI
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 19-yanvar 1994-yilda 16-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2001-yil 20-apreldagi 52-mh-sonli buyrug‘iga asosan Davlat reyestridan chiqarilgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu yo‘llarda harakatlanish Qoidalari* O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yo‘llarda harakatlanishning yagona tartibini belgilovchi me’yoriy hujjatdir. Yo‘llardagi harakatlanishga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan barcha me’yoriy hujjatlar ushbu Qoidalarning talablariga asoslanishi shart.
* Matnda qoidalar deb yozish mumkin.
1.2. O‘zbekistonda transport vositalarining o‘ng tomonlama harakatlanish tartibi amalda bo‘ladi.
1.3. Yo‘llarda harakatlanish ishtirokchilari ushbu Qoidalarni bilishlari, militsiya xodimlari, yo‘l kommunal xo‘jaliklari, temir yo‘l kesishmalari, sol kechuvida xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlar, svetofor ishoralari, yo‘l belgilari (1-ilova), qatnov qismidagi chiziqlar (2-ilova) talablarini bajarishlari shart.
Harakatlanishni tartibga solishga vakil shaxslar berilgan vakolat doirasida harakat qilishlari, ularda tegishli guvohnoma va taniqli belgilari (qo‘lbog‘ich, jezla, qizil nur qaytargichli doiracha, bayroqcha) bo‘lishi lozim.
1.4. Ushbu Qoidalarga amal qilayotgan har bir harakat ishtirokchisi, boshqa shaxslar ham qoida talablarini bajaradi deb hisoblashga haqli.
1.5. Yo‘llarda harakatlanish ishtirokchilari va boshqa shaxslar harakatga xavf yoki to‘sqinlik tug‘dirmasligi, yo‘l va yo‘l inshootlari, davlat, jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarga zarar yetkazmasliklari kerak.
1.6 Fuqarolar, tashkilotlar va shirkatlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan yo‘l belgilarini o‘rnatish taqiqlanadi.
1.7 Respublika hududidagi joriy standart talablariga javob bermaydigan transport vositalaridan foydalanish man etiladi.
1.8. Yo‘llarda harakatlanish qoidalari barcha o‘rta maktablarda, maxsus bilim yurtlarida, maktabgacha bo‘lgan bolalar muassasalarida o‘qitilishi lozim.
1.9. Yo‘llarda harakatlanish ishtirokchilari o‘zaro xushmuomala bo‘lishlari lozim.
1.10. “Yo‘llarda harakatlanish qoidalari”ni qayta chop etish va ko‘paytirish Respublika IIV DAN Boshqarmasi boshlig‘ining roziligi bilan amalga oshiriladi.
1.11. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Qonunchiligiga binoan javobgarlikka tortiladi.
II. ASOSIY TUShUNChALAR VA ATAMALAR
“Yo‘llarda harakatlanish ishtirokchisi” —haydovchi, piyoda, yo‘lovchi, chorva mollarini boshqaruvchi, yo‘lni ta’mirlovchilar, yo‘llarda harakatlanishni tartibga solayotgan shaxslar.
“Haydovchi” — transport vositasini boshqarayotgan shaxs.
“Piyoda” — transport vositasidan tashqarida bo‘lgan, yo‘lda ish bilan band bo‘lmagan holda harakatlanayotgan shaxs. Velosiped, moped, mototsikl, chana yetaklagan, aravacha yoki bolalar kajavasini tortib ketayotgan, nogironlarning yurgizgichsiz kajavasida harakatlanayotgan shaxslar ham piyoda hisoblanadilar.
“Yo‘lovchi” — transport vositasida ketayotgan (haydovchidan tashqari) shaxs.
“Imtiyoz” — harakatning boshqa ishtirokchilaridan oldin harakatlanish huquqi.
“Yo‘l berish” — yo‘llarda harakatlanish ishtirokchisining boshqa ishtirokchiga xavfsiz harakatlanish uchun imkon yaratib berishi.
“To‘xtash” — transport vositasini 10 daqiqadan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtashi.
“To‘xtab turish” — transport vositasini 10 daqiqadan ortiq to‘xtab turishi.
“Majburiy to‘xtash” — militsiya xodimining talabiga ko‘ra, texnik nuqson, tashilayotgan yuk xavf tug‘dirganda, yo‘llarda, sun’iy inshootlarda, temir yo‘l kesishmalarida nosozliklar paydo bo‘lganda, haydovchi va yo‘lovchining holatiga, ob-havo sharoitiga bog‘liq holda transport vositasi harakatining to‘xtatilishi.
“Quvib o‘tish” — yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib bir yoki bir necha transport vositasidan o‘zib ketish va yana o‘z qatnov qismiga qaytib o‘tish.
“Etarli ko‘rinmaslik” — qattiq shamol, dovul, chang-to‘zon, tuman, yomg‘ir va qor yog‘ishi tufayli hamda g‘ira-shira qorong‘iliqda ko‘rish masofasining 300 metrdan kam bo‘lgan holati.
“Qorong‘i vaqt” — oqshomdan tonggacha bo‘lgan vaqt.
“Yo‘l” — harakatlanishda foydalaniladigan ko‘cha, shoxko‘cha, tor ko‘chaning butun eni, qatnov qismi bilan bir sathdagi tramvay yo‘li, yo‘l yoqasi, ajratuvchi bo‘laklar va trotuar.
“Asosiy yo‘l” — tuproqli yo‘lga nisbatan qoplamasi bo‘lgan, kesishayotgan yo‘lga nisbatan imtiyozli yo‘l belgilari bilan belgilangan yo‘l. Ikkinchi darajali yo‘lning chorrahaga tutash qismining qoplamali bo‘lishi uni asosiy yo‘l bilan teng huquqli qilmaydi.
“Sun’iy inshootlar” — yo‘llarning qatnov qismidagi ko‘priklar, yer osti yo‘llari va hokazo.
“Qatnov qismi” — yo‘lning transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qismi. Yo‘lning qatnov qismi bir nechta bo‘lishi mumkin, ajratuvchi bo‘laklar ularning chegarasi hisoblanadi.
Tramvay yo‘li relssiz transport vositalarining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qatnov qismining chegarasi hisoblanadi.
“Ajratuvchi bo‘lak” — yo‘lning yonma-yon qatnov qismlarini maxsus baland qurilma va uning ikki yonidagi yotiq chiziq hamda ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan joy bilan ajratuvchi, transport vositalarining harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan qismi.
“Harakatlanish bo‘lagi” — transport vositalarining bir qatorda harakatlanishi uchun yetarli kenglikka ega bo‘lgan, chiziqlar va yo‘l belgilari bilan belgilangan yoki belgilanmagan qatnov qismining bo‘ylama bo‘lagi.
“Chorraha” — yo‘llarning o‘zaro bir sathda kesishishidan hosil bo‘lgan maydon. Yo‘l yoqasida joylashgan muassasa, tashkilot, korxona hududining kirish va chiqish yo‘llaridan hosil bo‘lgan kesishmalar chorraha hisoblanmaydi.
“Trotuar” — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, va maxsus qurilmalar (bordyur, panjara) bilan ajratilib, piyodalarning harakati uchun mo‘ljallangan yo‘lning bir qismi.
“Piyodalar yo‘lkasi” — yo‘lning piyodalar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan, transport harakati taqiqlangan qismi.
“Piyodalar o‘tish joyi” — yo‘lning piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan, maxsus chiziqlar va belgilar bilan ajratilgan qismi.
“Temir yo‘l kesishmasi” — yo‘lning temir yo‘l bilan bir satxda kesishgan joyi.
“Aholi yashaydigan joy” — aholi doimiy istiqomat qilayotgan kirish va chiqish yo‘llari 5. 225. 25 belgilari bilan ko‘rsatilgan hudud.
“Transport vositasi” — odamlar yoki yuklarni tashishga mo‘ljallangan moslama.
“Mexanik transport vositasi” — yurgizgich (dvigatel) bilan jihozlangan transport vositasi, bu atama traktor va o‘ziyurar moslamalarni ham o‘z ichiga oladi.
“Mototsikl”, “Motoroller” — kajavali yoki kajavasiz, ikki yoki uch g‘ildirakli mexanik transport vositasi.
“Moped” — yurgizgichning (dvigatelning) ish hajmi 50 santimetr kubgacha bo‘lgan, tezligi soatiga 50 km dan oshmaydigan mexanik transport vositasi.
“Velosiped” — odamning, mushak kuchi bilan harakatlantiriladigan transport vositasi (nogironlar kajavasidan tashqari).
“Umum foydalanadigan transport vositasi” — belgilangan yo‘nalishda yo‘lovchi tashish uchun harakatlanadigan avtobus, trolleybus, tramvay va belgilangan yo‘nalishdagi taksilar.
“Tirkama” — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanuvchi moslama. Bu atama yarim tirkamalar va uzaytirilgan tirkamalarni ham o‘z ichiga oladi.
“To‘la vazn” — ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan belgilangan, aslahalangan transport vositasining haydovchi, yo‘lovchi, yuk bilan birga ruxsat etilgan eng yuqori vazni (miqdori).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va h. k.) transport vositalarining to‘la vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalari to‘la vaznining yig‘indisi kiradi.
III. HAYDOVChILARNING UMUMIY MAJBURIYATLARI
3.1. Mexanik transport vositasi haydovchisi quyidagi hujjatlarni yonida olib yurishga majbur:
— tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma va uning taloni;
— transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida hujjat;
— yo‘l yoki yo‘nalish varaqasi (xususiy transport vositalari egalaridan tashqari), tashilayotgan yukning hujjatlari;
— transport vositasining egasi yonida bo‘lmaganida, transport vositasidan foydalanish huquqini beruvchi qonuniy rasmiylashtirilgan ishonch qog‘ozi, shartnoma yoki umumiy egalik huquqi to‘g‘risidagi guvohnomasi bo‘lishi lozim. Haydovchilar mazkur hujjatlarni DAN va militsiya xodimlari talab etganda berishlari lozim.
3.2. Haydovchi (shaxsiy transport vositalarining egalaridan tashqari) umum foydalanadigan transport vositalarini tekshiruv-taftish xizmati xodimlariga to‘xtashi va yo‘l varaqasi, yuk hujjatlarini tekshirish uchun berishi shart.
3.3. Shaxsiy transport vositasining egasi yoki ishonch qog‘oziga ega shaxs tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan boshqa shaxsga o‘zining transport vositasini vaqtincha boshqarishga ruxsat etishi mumkin. Ammo o‘zi yonida bo‘lishi kerak.
3.4. Transport vositasida O‘zbekistonga kelayotgan yoki xorijga ketayotgan haydovchida:
— transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida hujjat (oldi-sotdi shartnomasi, notarial tasdiqlangan ishonch qog‘ozi, bojxona guvohnomasi);
— 1968-yilgi “Yo‘llarda harakatlanish haqidagi Konvensiya” talabiga muvofiq haydovchilik guvohnomasi;
— transport vositasida u tark etayotgan davlatning raqam va farqlovchi belgisi bo‘lishi shart.
3.5. Haydovchining majburiyatlari :
— harakatlanishdan oldin transport vositasining sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirish;
— transport vositasining texnik holatini kuzatib borish;
— mototsikl, motoroller, mopedni maxsus bosh kiyimda boshqarish, yo‘lovchilarni ham maxsus bosh kiyim bilan ta’minlash;
— harakatlanishdan oldin yo‘lovchilarning transport vositasiga to‘liq chiqib, joylarini egallagan bo‘lishlariga, odam tashish uchun maxsus jihozlangan yuk tashuvchi transport vositalarida odam tashiyotganda yo‘lovchilarni mazkur qoidaning 7.5 bandi talablarini bajarganliklariga ishonch hosil qilgan bo‘lishi, transport vositasining eshiklarini yopishi shart.
— haydovchi o‘z harakatida piyoda, xususan bolalar, nogiron va qariyalarga, velosipedchilarga nisbatan nihoyatda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi lozim;
— haydovchi yo‘llardan foydalanuvchilarga, uning chekkasida yashovchi kishilarga yuqori darajada shovqin solib, suv sachratib va chang ko‘tarib, noqulayliklar tug‘dirmaslikka harakat qilishi lozim.
3.6. Haydovchi quyidagi hollarda transport xizmati ko‘rsatishi shart:
— xizmat vazifasi bilan bog‘liq hollarda militsiya xodimlariga;
— tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarga;
— yo‘ltransporti hodisasi tufayli shikastlangan transport vositalarini shatakka olib borishda (faqat yuk avtomobillari haydovchilari);
— tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shu yo‘nalishda ketayotgan tibbiyot xodimlariga, shuningdek harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, hayoti xavf ostida qolgan bemorni yaqin oradagi davolash muassasasiga olib borishda (maxsus va diplomatik transport vositalari bundan mustasno).
3.7. Militsiya va tibbiyot xodimlari haydovchi talab qilganda o‘z guvohnomalarini ko‘rsatishlari, haydovchining yo‘l varaqasiga yurilgan vaqti, bosib o‘tilgan masofa, o‘z ismi-sharifi, mansabi, tashkilotning nomini yozib berishlari lozim.
3.8. Nogiron taniqli belgisi bilan belgilangan, nogironlar boshqarayotgan transport vositalar va kajavali yoki kajavasiz mototsikllar 3.2., 3.3 va 3.28 belgilari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. Qo‘shimcha 7.18 belgisi bo‘lganda 3.27 belgisining ta’sir chegarasida to‘xtashga ruxsat etiladi.
3.9. Haydovchiga quyidagilar man qilinadi:
— har qanday mastlik (me’yoridan qat’i nazar) yoki giyohvand moddalar ta’sirida betoblik, harakatlanish xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’siri ostida transport vositasini boshqarish;
— har qanday mastlik yoki giyohvand moddalar, harakatlanishga tahdid soladigan darajada charchagan, e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’siridagi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan tegishli toifadagi guvohnomasi bo‘lmagan yoki bo‘lsada, yo‘l varaqasida ismi-sharifi ko‘rsatilmagan shaxslarga transportni boshqarish uchun topshirish;
— texnik nosoz transport vositalarini boshqarish;
— moped, motoroller va mototsikllarni ovoz o‘chirgich (glushitel)siz boshqarish yoki uni olib qo‘yib yurish;
— tegishli ruxsatsiz transport vositalariga maxsus texnik jihozlari (ratsiya, sirena va h. k.)ni o‘rnatish.
IV. MAXSUS TRANSPORT VOSITALARINING IMTIYOZLARI
4.1. Maxsus rangga ega bo‘lgan (GOST 2139275) ko‘k rangli yalt-yalt etuvchi chiroqmayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishora yoqilgan tezkor (operativ) transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, ushbu Qoidalarning (DAN xodimlari ko‘rsatmasidan va qoidaning 3.9 bandi, 26-bobning bandlarida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari) talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Chiroqmayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishora yoqib borayotgan transport vositalarining kuzatuvidagi transport vositalarining haydovchilari ham shu imtiyozdan foydalanadilar.
4.2. Haydovchilar ko‘k rangli mayoqcha yoki maxsus tovush moslamasini qo‘llab yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga yo‘l berishlari, zarur bo‘lganda bu transport vositalarini bemalol o‘tib ketishlari uchun transport vositasini yo‘lning o‘ng tomoniga olib, to‘xtashlari shart.
Yaqinlashib kelayotgan transport vositalarida yaltirovchi ko‘k va qizil rangli mayoqchalar yoqilgan bo‘lsada yo‘nalishda, ikkitadan ortiq, harakat bo‘lagi bo‘lmagan yo‘llarda shu yo‘nalishdagi, ajratuvchi bo‘lak bo‘lmaganda esa qarama-qarshi tomondagi transport vositalarining haydovchilari ham yo‘l chetida to‘xtashlari shart. Saf oxirida borayotgan ko‘k yoki yashil rangli mayoqcha yoqilgan transport vositasi o‘tib ketgachgina harakatni boshlashga ruxsat etiladi.
4.3. Yaltirovchi zarg‘aldoq rangli mayoqchasi yoqilgan, yo‘ldan foydalanish xizmatiga tegishli moslama va transport vositalarining haydovchilari ish bajarish jarayonida harakat xavfsizligini ta’minlash sharti bilan ushbu qoidalarning yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari hamda 11.4., 11.5., 11.7 va 18.1 bandlaridagi talablardan chetga chiqishlari mumkin.
Zarg‘aldoq rangli mayoqcha harakatlanishda imtiyoz bermaydi. U haydovchilarning e’tiborini jalb etish va xavf-xatardan ogohlantirish uchungina xizmat qiladi.
V. YO‘L-TRANSPORT HODISASI RO‘Y BERGANDA HAYDOVChINING VAZIFASI
5.1. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchi:
— darhol transport vositasini to‘xtatishi, majburiy to‘xtaganini bildiruvchi chiroqni yoqishi yoki belgi o‘rnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni qo‘zg‘atmasligi;
— shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam berish uchun zaruriy choralarni ko‘rishi, “Tez tibbiy yordam” xizmatini chaqirishi, agar buning imkoni bo‘lmasa, shikastlanganlarni o‘z transportida yoki boshqa yo‘lovchi transportida yaqin oradagi davolash muassasasiga olib borishi, u yerda o‘z ismi-sharifi, transport vositasining davlat raqam belgisini aytishi va voqea sodir bo‘lgan joyga qaytib kelishi;
— hodisa haqida militsiyaga xabar berishi, guvohlarning ismi-sharifi, manzilgohini yozib olishi, militsiya xodimlari kelishini kutishi;
— hodisa izlarini saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rishi, voqea joyini to‘sib qo‘yishi va u yerdan chetlab o‘tishni tashkillashtirishi;
— boshqa transport vositalari qatnovini ta’minlash zarur bo‘lganda, guvohlar ishtirokida, avvalo transport vositasining, hodisaga aloqador narsalar va izlarning holatini qayd etib, keyin qatnov qismini bo‘shatishi kerak.
5.2. Yo‘l-transport hodisasida shikastlanganlar bo‘lmasa, yetkazilgan moddiy zarar qimmatga tushmasa, transport vositasi harakatlanishini taqiqlovchi nosozliklar bo‘lmasa, haydovchilar o‘zaro rozilik bildirsalar, hodisa chizmasini tuzib, uni imzolab, yaqin oradagi DAN maskaniga yoki militsiya idorasiga hodisani rasmiylashtirish uchun borishlari mumkin.
VI. PIYODALARNING VAZIFALARI
6.1. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo‘lkasidan o‘ng tomonlama, agar ular bo‘lmasa, yo‘l yoqasidagi yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi bo‘lagi bor yo‘llarda tashqi chekkasidan) bir qator bo‘lib yurishlari kerak.
Aholi yashamaydigan joylarning yo‘l yoqasida yoki qatnov qismining chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatiga qarshi, nogironlar yurgizgichsiz kajavasida harakatlanayotgan, mototsikl, moped, velosiped yetaklab borayotgan shaxslar esa transport vositalarining harakati bo‘ylab yurishlari kerak.
Eslatma:
Piyodalar yo‘lkasida, trotuarlarda, yo‘lning marzalarida piyodalar, xususan nogiron va qariyalar harakatiga xalaqit beruvchi qurilma va jihozlar o‘rnatish man etiladi.
6.2. Odamlar guruhi qatnov qismining o‘ng tomonidan saf qatorini to‘rttadan oshirmay yurishlari mumkin. Saflar oldi va orqasidagi kuzatuvchilar chap tomonda qizil bayroqcha ko‘tarib, qorong‘i va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida esa oldinda oq, orqada qizil rangli chiroqcha ko‘tarib borishlari kerak.
Bolalar guruhiga faqat trotuar va piyodalar yo‘lkasida ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasida katta yoshdagilar kuzatuvida yurishlariga ruxsat etiladi.
6.3 Piyodalar yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tishiga mo‘ljallangan joyidan, u bo‘lmagan chorrahalarda trotuar chizig‘i yoki yo‘l yoqasi bo‘ylab harakatlanishga xavf tug‘dirmasdan, kesib o‘tishlari lozim.
6.4. Piyodalar svetofor yoki harakatni tartibga soluvchining ishorasiga bo‘ysunishlari shart.
Piyodalar zarurat bo‘lmaganda qatnov qismida ushlanib qolmasliklari, to‘xtamasliklari kerak. O‘tishga ulgurmagan piyodalar xavfsizlik orolchasida yoki qarama-qarshi yo‘nalishdagi harakat oqimini ajratuvchi chiziqlarda to‘xtab turishlari lozim. Xavfsizlikka ishonch hosil qilingachgina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin.
6.5 Piyodalarga man qilinadi:
— ajratuvchi bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda piyodalarning o‘tishi mo‘ljallanmagan, yo‘l to‘siqlari o‘rnatilgan joylardan qatnov qismini kesib o‘tish;
— yo‘lning qatnov qismida turishlari;
— chorrahalarda va yo‘lning qatnov qismida to‘xtagan transport vositalarining oynalari va boshqa qismlarini (ayniqsa bolalar tomonidan) o‘zboshimchalik bilan tozalash;
— yaqinlashib kelayotgan transport vositasining yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan, ko‘rinishni cheklovchi biror to‘siq yoki to‘xtab turgan transport vositasi orqasidan to‘satdan chiqish;
— harakatlanayotgan transport vositasiga osilish, transport vositasi eshiklarini yopilishiga to‘sqinlik qilish.
— 6.6. belgisi bilan belgilangan yo‘lda piyodalar o‘tish, dam olish yoki to‘xtab turish joylaridan tashqarida yurish.
VII. YO‘LOVChILARNING VAZIFALARI
7.1. Avtobus, trolleybus, tramvay, taksilarni faqat bekatlarda, ular bo‘lmagan taqdirda yo‘l yoqasida turib kutish lozim.
7.2. Yo‘lovchi transport vositasi to‘xtagandan keyingina undan tushishi yoki chiqishi mumkin. Yo‘lovchilarni transport qatnovi qismi tomonidan tushishi va chiqishi, piyodalar yo‘lakchasi yoki yo‘l yoqasi tomonidan iloji bo‘lmagan hollarda, boshqa harakat ishtirokchilarining harakatiga xalaqit bermaydigan hamda xavf tug‘dirmaydigan sharoitdagina ruxsat etiladi.
7.3. Tramvay bekatlarida yo‘lovchilarni tushirish va chiqarish maydonlari bo‘lmasa, yo‘lovchilar tramvay to‘xtaganidan keyingina yo‘lning qatnov qismiga chiqishlari mumkin. Tramvaydan tushgan yo‘lovchilar yo‘lning qatnov qismini tezda tark etishlari lozim.
7.4. Yo‘lovchilar transport harakatlanayotgan vaqtda haydovchini chalg‘itmasliklari kerak.
7.5. Yuk tashuvchi transport vositalari harakatlanayotgan vaqtda uning yukxonasida bo‘lgan yo‘lovchilarga tik turish, bortda yoki undan baland yuk ustida o‘tirish taqiqlanadi.
7.6. To‘xtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yo‘lni kesib o‘tishi shart.
VIII. YO‘LLARDA HARAKATLANIShNI TARTIBGA SOLISh
8.1. Yo‘llarda harakatlanish svetoforning yashil, sariq, qizil va oq rangli yoritgichlari hamda DAN xodimining (tartibga soluvchi) ishoralari bilan tartibga solinadi.
Svetofor yoritgichlari quyidagilarni bildiradi:
— doirasimon yashil yoritgich harakatlanishga ruxsat beradi;
— qora asosga olingan, yashil yo‘naltirgichli yoritgich ko‘rsatilgan yo‘nalishda harakatlanishga ruxsat beradi;
— svetoforning qo‘shimcha qismidagi yashil yo‘naltirgich ham shu ma’noni anglatadi (chapga burilishga ruxsat etuvchi yo‘naltirgich orqaga qayrilishga ham ruxsat beradi);
— miltillovchi yashil yoritgich harakatlanishga ruxsat beradi, ta’sir vaqti tugayotgani va taqiqlovchi yoritgich yonishidan ogoh qiladi;
— yashil yoritgichning o‘chishiga qancha soniya qolgani haqida haydovchilarni ogohlantirish uchun raqamli tablo qo‘llanishi mumkin;
— sariq yoritgich harakatni taqiqlaydi, yoritgichlar rangi almashishi haqida ogohlantiradi;
— miltillovchi sariq yoritgich yoki navbat bilan miltillovchi ikkita sariq yoritgich harakatlanishga ruxsat beradi va harakatlanish tartibga solinmagan chorraha yoki piyodalar o‘tish joyi borligidan xabardor qiladi;
— qizil yoritgich, jumladan miltillovchi yoki navbatma navbat miltillovchi ikkita qizil yoritgich harakatlanishni taqiqlaydi.
Qizil va sariq yoritgichlarning bir vaqtda yonishi harakatni taqiqlaydi va tez orada yashil yoritgich yonishi haqida axborot beradi.
Qizil va sariq yoritgichlardagi qora tasvirli yo‘naltirgichlar bu yoritgichlar ma’nosini o‘zgartirmaydi, balki u svetoforning yashil yoritgichi yonganda ruxsat etilgan harakat yo‘nalishi haqida axborot beradi.
Svetoforning asosiy yashil yoritgichiga tushirilgan qora tasvirli yo‘naltirgich, qo‘shimcha qism yoritgichidan farqli boshqa yo‘nalishda harakatlanishga ruxsat beradi va haydovchilarga qo‘shimcha qism borligini bildiradi.
Svetofor yoritgichlarida odamlar tasvirining ko‘rinishi, piyodalar harakatini yo‘naltiradi.
8.2. Yo‘l qatnov qismining harakat yo‘nalishi qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan bo‘laklarida “X” simon qizil yoritqichli, yashil rangli yo‘naltirgichi pastga qaratilgan reversiv svetoforlar qo‘llaniladi.
Ular qaysi bo‘lak ustiga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha bo‘lakdagi harakatlanishni taqiqlaydi yoki ruxsat beradi.
Yoritgichlari o‘chirilgan reversiv svetofor ikki tomoni 1.9 chizig‘i bilan belgilangan yo‘l bo‘lagi ustiga qo‘yilgan bo‘lsa, bu bo‘lakka kirish taqiqlanadi.
8.3. Tramvaylarning harakati, shuningdek alohida bo‘lakda harakatlanuvchi umum foydalanadigan boshqa transport vositalarining harakatini tartibga solish uchun “T” simon oq rangli, to‘rtta yoritqichli svetoforlar qo‘llanishi mumkin. Pastki va yuqorigi bir necha yoki bitta yoritgichi barobar yonganda harakatlanishga ruxsat beriladi. Ulardan chapdagisi chapga, o‘rtadagisi to‘g‘riga, o‘ngdagisi o‘ng tomonga harakatlanishga ruxsat beradi. Yuqoridagi uchta yoritgich yonsa harakatlanish taqiqlanadi.
8.4. Tartibga soluvchining gavda hamda qo‘llarining holati ishora hisoblanadi va quyidagi ma’noni bildiradi:
— qo‘llar yon tomonga uzatilsa yoki pastga tushirilsa chap va o‘ng tomondan tramvay uchun to‘g‘riga, relssiz transport vositasi uchun to‘g‘ri va o‘ngga harakatlanish, piyodalar uchun esa qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat etiladi;
— ko‘krak va orqa tomondagi barcha transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
O‘ng qo‘l oldinga uzatilgan:
— chap yonidan tramvay uchun chapga, relssiz transport vositalari uchun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishga ruxsat etiladi.
— ko‘krak tomondan barcha transport vositalari uchun faqat o‘ng tomonga harakatlanishga ruxsat etiladi;
— piyodalarga tartibga soluvchining orqa tomonidan qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat etiladi.
— orqa va o‘ng tomondagi transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
Qo‘l yuqoriga ko‘tarilgan:
— barcha transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
Tartibga soluvchi haydovchi va piyodalar uchun tushunarli bo‘lgan boshqa ishoralarni ham berishi mumkin.
Tartibga soluvchi ishoralarning yaqqol ko‘rinishini ta’minlash maqsadida yoritgichli tayoqcha, qizil yoritgichli yoki nur qaytargichli doiracha qo‘llashi, harakatlanuvchilar e’tiborini jalb etish uchun hushtakdan foydalanishi mumkin.
8.5. Haydovchilar svetofor yoki tartibga soluvchining tanlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘i (ular bo‘lmaganida, kesishmaning qatnov qismi oldida) yoki piyodalar o‘tish joyiga yetmasdan, boshqa tartibga solingan joylarda esa svetofor oldida to‘xtashlari kerak.
8.6. Sariq yoritgich yonganda yoki tartibga soluvchi qo‘lini yuqori ko‘targanda to‘xtash kerak, chorrahaga kirgan haydovchilar harakatni davom ettirishlari mumkin. Qatnov qismida bo‘lgan piyodalar esa o‘tishni tugatishlari yoki xavfsizlik orolchasida yo qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalarining oqimini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari kerak.
8.7. Haydovchi va piyodalar svetofor yoritgichlariga, yo‘l belgilari, tortilgan chiziqlarga zid bo‘lishiga qaramay, tartibga soluvchining ishora va ko‘rsatkichlariga bo‘ysunishlari kerak.
IX. OGOHLANTIRUVChI IShORALAR
9.1. Burilishni ko‘rsatuvchi yorug‘lik yoki qo‘l bilan berilayotgan ishoralar, tovushli ishoralar; fara chirog‘ini uchib-yoqilishi, kunduz kuni yaqinni yorituvchi fara chirog‘ini yoqilishi, majburiy to‘xtashni anglatuvchi chiroqlar — ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi.
9.2. Haydovchi harakatlanishni boshlash, qayta tizilish, qayrilish, burilish, to‘xtash oldidan burilishni bildiruvchi yorug‘lik ko‘rsatkichlari bilan, ular nosoz yoki umuman bo‘lmagan taqdirda qo‘l ishorasi orqali ogohlantirishi shart.
9.3. Chap qo‘lni yonga yoki o‘ng qo‘lni tirsakdan yuqoriga qarata bukish chapga burilish ma’nosini bildiradi.
O‘ng qo‘lni yonga yoki chap qo‘lni tirsakdan yuqoriga qarata bukish o‘ngga burilishni bildiradi.
O‘ng yoki chap qo‘lni yuqori ko‘tarish — to‘xtash dyemakdir.
9.4. Burilish ko‘rsatkichi yoki qo‘l bilan berilayotgan ishora manyovr bajarilishidan oldin berilishi va manyovr tugallanishi bilan to‘xtatilishi (qo‘l bilan berilayotgan ishora esa, manyovr boshlanishidan oldin tugatilishi mumkin) lozim. Bunday ishoralar boshqa harakat qatnashchilarini chalg‘itmasligi kerak.
Haydovchi orqada kelayotgan, quvib o‘tishni boshlagan haydovchiga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilgachgina chapga burilish yoki qayrilish ishorasini berishi kerak.
Ogohlantiruvchi ishoralar uni berayotgan haydovchiga imtiyoz bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish mas’uliyatidan ozod qilmaydi.
9.5. Aholi yashaydigan joylarda tovush moslamalaridan faqat yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadidagina foydalanish mumkin. Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan o‘rnatilgan tovush moslamasini boshqa xil tovush chiqaruvchi moslamalar bilan almashtirish taqiqlanadi.
9.6. Quvib o‘tilayotgan transport vositasi haydovchisining e’tiborini jalb qilish uchun fara (chiroq)larni o‘chirib yoqish, aholi yashamaydigan joylarda esa tovush moslamasidan ham foydalanish mumkin.
9.7 Boshqa haydovchilarning ko‘zini qamashtirishi mumkin bo‘lgan hollarda faralarning uzoqni yorituvchi (orqa tomonni ko‘rsatuvchi ko‘zgu orqali ham) chiroqlaridan ogohlantiruvchi ishora sifatida foydalanish taqiqlanadi.
9.8 Kunduzi harakatlanayotgan transport vositasining yaqinni yorituvchi chiroqlari quyidagi hollarda yoqilishi kerak:
— saflanib harakatlanganda;
— transport oqimi yo‘nalishiga qarshi 5.9 belgisi bilan belgilangan bo‘lakda harakatlanayotganda;
— avtobus yoki maxsus jihozlangan yuk avtomobillarida bolalar guruhi tashilayotganda;
— yirik hajmli (tashqi o‘lchamlari) va og‘ir vaznli yuklar tashilayotganda;
— mexanik transport vositasi shatakka olinganda.
Sun’iy tarzda yoritilgan yer osti yo‘llari (tonnellar)da harakatlanayotgan transport vositasining gabarit chiroqlari yoki faralarning yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan bo‘lishi kerak.
9.9. Shatakka olingan transport vositasining gabarit chiroqlari har qanday sharoitda yoqilgan bo‘lishi shart. Agar ular texnik nosoz bo‘lsa, shatakka olingan transport vositasining orqasiga majburiy to‘xtash (keyingi matnlarda “Falokat” deb beriladi) belgisi o‘rnatilishi kerak.
9.10. To‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtalganda, yo‘lning yoritilmagan qismida yoki yetarli ko‘rinmaslik sharoitida to‘xtalganda, to‘xtab turilganda, gabarit yoki to‘xtab turish chiroqlari buzuq bo‘lsa, majburiy to‘xtash yoritgichlari yoqilishi kerak.
9.11. Majburiy to‘xtash yoritgichi bo‘lmasa yoki nosoz bo‘lsa, shuningdek biror yo‘nalishda yo‘lning 100 metrdan kamroq qismi ko‘rinadigan joylarda majburiy to‘xtagan mexanik transport vositasining (kajavasiz mototsikldan boshqa) haydovchisi aholi yashaydigan joylarda transport vositasining orqa qismiga 1520 metr, aholi yashamaydigan joylarda esa 30-40 metr yetmasdan harakat yo‘nalishiga qarab, “Falokat” belgisini yoki fonar, fonus, yalt-yalt etuvchi qizil belgi o‘rnatishi kerak.
X. HARAKATLANIShNI BOShLASh, YO‘NALIShLARNI O‘ZGARTIRISh
10.1. Haydovchi harakatlanishni boshlashda, qayta tizilishda, yo‘nalishni o‘zgartirganda boshqa harakatlanish ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashi shart.
10.2. Hovli, to‘xtab turish joyi, yonilg‘i quyish tarmog‘i va yo‘lga bevosita tutashgan boshqa joylardan yo‘lga chiqayotgan haydovchi o‘zi kesib o‘tayotgan harakat yo‘lidagi transport vositalari va piyodalarga yo‘l berishi kerak.
10.3. Haydovchi qayta tizilishda qo‘shni qatorda harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l berishi lozim. Yonma-yon harakatlanayotgan transport vositalari bir vaqtda qayta tizilayotganda, haydovchi o‘ng tomonidagi transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
10.4. Haydovchi aylanma harakatlanish tashkil qilingan chorrahadan tashqari hollarda o‘ngga, chapga burilish yoki qayrilishda tegishli chetki holatni egallashi shart.
Haydovchi burilishni shunday bajarishi kerakki, transport vositasi qatnov qismlarining kesishmasidan chiqishda qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagiga tushib qolmasin.
10.5. Transport vositasi gabarit o‘lchamlari yoki boshqa sabablari tufayli chetki bo‘lakdan burila olmasa, boshqa transport vositalariga xalaqit bermagan holda burilishni ushbu Qoidalar talabidan chetga chiqib amalga oshirishiga yo‘l qo‘yiladi. Xavfsiz harakatlanishni ta’minlash uchun haydovchi boshqa shaxslar yordamidan foydalanishi lozim.
10.6. Relssiz transport vositasining haydovchisi chorrahadan tashqari yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilishda ro‘paradan kelayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Agar qatnov qismining kengligi chetki chap bo‘lakdan qayrilish uchun yetarli bo‘lmasa, uni qatnov qismining o‘ng chetidan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda qayrilayotgan haydovchi o‘zi bilan bir yo‘nalishdagi va ro‘paradagi transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
10.7. Transport vositalarining harakat yo‘nalishlari kesishadigan hollarda (o‘tish navbati ushbu Qoidalarning 15.3., 15.10, 15.13 bandlari, svetoforning, tartibga soluvchining ishoralari, yo‘l belgilari talablari va boshqa ko‘zda tutilmagan holatlar bundan mustasno), o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga yo‘l berilishi kerak.
10.8. Sekinlashish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda burilmoqchi bo‘layotgan haydovchi o‘z vaqtida shu bo‘lakka tizilishi va tezlikni kamaytirishi lozim;
Yo‘lga chiqish joyida tezlanish bo‘lagi bo‘lsa, haydovchi harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berib, so‘ng oqimga qo‘shilishi kerak.
10.9. Quyidagi holatlarda qayrilish taqiqlanadi:
— piyodalarni o‘tish joylarida;
— tonellarda;
— ko‘priklarda;
— osma yo‘llar, osma ko‘priksimon inshootlar va ularning ostida;
— temir yo‘l kesishmasida;
— yo‘lning ko‘rinishi bir yo‘nalishda 100 metrdan kam bo‘lsa.
10.10. Transport vositasini orqaga harakatlantirayotgan haydovchi harakatning boshqa ishtirokchilariga xalal bermasligi kerak. Zarur bo‘lganida xavfsiz harakatlanishni ta’minlash uchun boshqa shaxslarning yordamidan foydalanish lozim.
XI. YO‘LNING QATNOV QISMIDA TRANSPORT VOSITALARINING JOYLAShUVI
11.1 Relssiz transport vositalari harakatlanadigan bo‘laklar soni yo‘l chiziqlari yoki maxsus belgilar (5.8.1, 5.8.2, 5.8.7, 5.8.8) bilan belgilanadi. Bunday chiziqlar yoki belgilar bo‘lmagan taqdirda, harakat qismining kengligi, transport vositalarining gabarit o‘lchamlari va ular orasidagi zaruriy oraliq (interval)larni hisobga olgan holda haydovchining o‘zi aniqlaydi.
11.2 Ikki tomonlama harakatlaniladigan to‘rt yoki undan ortiq bo‘lakli yo‘llarda, qarshi harakatlanishga mo‘ljallangan tomonga chiqish taqiqlanadi.
11.3. Ikki tomonlama harakatlaniladigan uch bo‘lakli yo‘llarda o‘rta bo‘lakka faqat chetlab o‘tish, quvib o‘tish, chapga burilish va qayrilish uchungina chiqishga ruxsat etiladi. Yo‘lning qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan chetki chap bo‘lagiga chiqish taqiqlanadi.
11.4 Aholi yashamaydigan joylarda haydovchi transport vositasini imkoni boricha qatnov qismining o‘ng chetiga yaqinroq olib harakatlanishi kerak.
Aholi yashaydigan joylarda yo‘lning bir yo‘nalishdagi har qanday bo‘lagida harakatlanishga ruxsat etiladi. Bir yo‘nalishda uch yoki undan ko‘p bo‘lak bo‘lsa, chetki chap bo‘lakka faqat boshqa bo‘laklar serqatnov bo‘lganda hamda chapga burilish, qayrilish, bir tomonlama harakatlanadigan yo‘llarda esa to‘xtash uchun chiqishga ruxsat etiladi.
To‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk tashuvchi transport vositalari yo‘lning chap bo‘lagiga faqat chapga burilish, qayrilish, bir tomonlama harakatlanadigan yo‘llarda esa yuk ortish, tushirish uchun chiqishlari mumkin.
11.5. Tezligini soatiga 40 km dan oshirishi mumkin bo‘lmagan yoki texnik sabablarga ko‘ra tezlikni bundan oshira olmaydigan transport vositalari quvib o‘tish, o‘zib ketish, aylanib o‘tish burilish yoki qayrilib olishdagi tizilishdan boshqa hollarda, faqat yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida harakatlanishlari kerak.
11.6. Bo‘laklar, harakat yo‘nalishi alohida belgilar bilan belgilanmagan, serqatnov (tirband) bo‘lganda aylanib o‘tish, o‘zib ketish, chorrahadan o‘tish vaqtida chapda joylashgan bir yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanishga ruxsat etiladi. Biroq bu tramvay harakatiga xalal bermasligi kerak.
Qarama-qarshi yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanish taqiqlanadi. |
11.7. Chiziqlar bilan bo‘laklarga ajratilgan yo‘llarda transport vositalari bo‘laklar bo‘ylab harakatlanishlari shart. Qayta tizilish vaqtidagina uzuq-uzuq chiziqlarni bosib o‘tishga ruxsat etiladi.
11.8. 5. 37. belgisi bilan ifodalangan reversiv harakatli yo‘lga burilayotgan haydovchi yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagi bo‘ylab harakatlanishi kerak.
Reversiv svetofordan yoki boshqa bo‘laklarda ham harakatlanishga ruxsat beruvchi 5.8.7. belgidan o‘tilgandan keyingina qayta tizilish mumkin.
11.9. Hamma bo‘laklar band bo‘lgan serqatnov yo‘llarda harakatlanish bo‘lagini faqat burilish, qayrilish, to‘xtash uchungina o‘zgartirishga ruxsat etiladi.
11.10 Trotuar bo‘ylab joylashgan savdo va boshqa korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarining trotuarda xavfsizlikni to‘la ta’minlaydigan holda harakatlanishiga ruxsat etiladi.
11.11 Sekin harakatlanuvchi transport vositalarining haydovchilari, qo‘shimcha yo‘l bo‘lagiga tegishli belgi o‘rnatilgan bo‘lsa, shu bo‘lakdan foydalanishlari lozim.
XII. HARAKATLANISh TEZLIGI VA ORALIQ MASOFA
12.1. Haydovchi belgilangan tezlikni oshirmasligi, harakatning serqatnovligi, transport vositasi va yukning xususiyati, holati, yo‘l, ob-havo sharoiti, shuningdek yo‘nalishdagi ko‘rinishni hisobga olgan holda harakatlanishi kerak.
Haydovchi biror xavf yoki to‘siqni aniqlaganda transport vositasining tezligini, zarur bo‘lsa tuxtagunga qadar kamaytirishi, to‘siqni boshqa harakat ishtirokchilari uchun xavfsiz tarzda aylanib o‘tishi hamda uni bartaraf etish chorasini ko‘rishi kerak.
12.2 Aholi yashaydigan joylarda barcha transport vositalarining tezligi soatiga 70 km dan oshmasligi kerak.
12.3 Aholi yashamaydigan joylarda:
— yengil va to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari tezlikni soatiga 100 km dan;
— barcha turdagi avtobuslar, tirkamali yengil va to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari tezlikni soatiga 90 km dan;
— mototsikl haydovchilariga tezlikni soatiga 70 km dan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
12.4. Haydovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
— tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan me’yordan oshirish;
— transport vositasiga o‘rnatilgan taniqlik belgisida ko‘rsatilgan tezlikdan oshirish;
— besabab juda sekin yurib, boshqa transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit berish;
— zaruratsiz transportni keskin to‘xtatish.
12.5 Haydovchi, oldindagi transport vositasi keskin to‘xtaganda, urilib ketmaslikni kafolatlovchi oraliq masofani va xavfsizlikni ta’minlaydigan yonlama oraliq masofani ta’minlamog‘i shart.
12.6 Tezlikni soatiga 50 km dan oshirish mumkin bo‘lmagan transport vositasining, shuningdek to‘la vazni 12 tonnadan ortiq bo‘lgan transport vositasining haydovchisi aholi yashamaydigan joylardagi yo‘llarda harakatlanganda oraliq masofani shunday saqlashi kerakki, quvib o‘tayotgan boshqa transport vositasi yo‘lning o‘ng tomoniga bemalol qayta tizila olsin. Agar haydovchi quvib o‘tishga tayyorlanayotgan yoki harakat serqatnov bo‘lsa, yuqoridagi talab o‘z kuchini yo‘qotadi.
XIII. QUVIB O‘TISh VA QARAMA-QARShI HARAKATLANISh
13.1. Haydovchi quvib o‘tishni boshlashdan oldin:
— orqada harakatlanayotgan haydovchining uni quvib o‘tishiga harakat qilmayotganiga;
— oldinda ketayotgan transport vositasi haydovchisining chapga burilishga (qayta tizilishga) ogohlantirish ishorasini bermaganligiga;
— quvib o‘tish vaqtida ro‘paradan kelayotgan transport vositasiga to‘sqinlik qilmasligiga;
— quvib o‘tishni tugallaganda, quvib o‘tilayotgan transport vositasiga to‘sqinlik qilmasdan qayta tizila olishiga ishonch hosil qilishi kerak.
13.2. Quvib o‘tilayotgan transport vositasi haydovchisining tezlikni oshirib yoki boshqa xil harakatlar bilan quvib o‘tayotgan haydovchiga to‘sqinlik qilishi taqiqlanadi.
13.3. Quyidagi hollarda quvib o‘tish taqiqlanadi:
— kesib o‘tilayotgan yo‘lga nisbatan asosiy bo‘lgan yo‘llarda quvib o‘tish hollaridan tashqari, barcha chorrahalarda;
— temir yo‘l kesishmasida va ularga 100 metrdan kam masofa qolganda;
— tepalikning yuqori qismida, keskin burilishlarda va yo‘lning ko‘rinishi cheklangan boshqa joylarida.
13.4. Aholi yashamaydigan joylarda yo‘llarning kengligi, holati, sekin harakatlanayotgan katta hajmli yoki ma’lum tezlikka amal qilayotgan transport vositasini quvib o‘tishga xalaqit bersa, uning haydovchisi mumkin qadar yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlanishi, zarur hollarda esa to‘xtab, orqada to‘planib qolgan transport vositalarini o‘tkazib yuborishi kerak.
13.5. Agar qarama-qarshi harakatlanishdagi yo‘lning biror bo‘lagida to‘siq bo‘lsa, to‘siq o‘z tomonida bo‘lgan haydovchi yo‘l berishi kerak.
Tegishli belgilar qo‘yilgan tepaliklarda to‘siq bo‘lsa, uning qaysi tomondaligidan qat’i nazar, nishablik tomonga qarab harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi yo‘l berishi kerak.
XIV. TO‘XTASh VA TO‘XTAB TURISh
14.1. Transport vositalarining yo‘lni o‘ng tomonida, yo‘l yoqasida, mumkin qadar o‘ngroqda to‘xtashi va to‘xtab turishiga ruxsat etiladi.
Aholi yashaydigan joylarda yo‘lning chap tomonida to‘xtash va to‘xtab turishga faqat harakatlanish bir tomonlama bo‘lgan yo‘llarda, hamda o‘rtasida tramvay izlari bo‘lmagan, har qaysi yo‘nalishda bittagina bo‘lagi bor yo‘llarda ruxsat etiladi.
14.2. Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining faqat bir qator bo‘lib to‘xtashi va to‘xtab turishiga ruxsat etiladi.
Kajavasiz mototsikllar, mopedlar va velosipedlarni esa ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.
Boshqa transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmaydigan joylarda transport vositalarini qatnov qismining chetiga burchak ko‘rinishida qo‘yishga ruxsat etiladi.
14.3. Aholi yashamaydigan joylarda uzoq vaqt to‘xtab turish (dam olish, tunab qolish va h. k.) ga faqat to‘xtab turish maydonchasi yoki yo‘ldan tashqarida ruxsat etiladi.
14.4. Transport vositasini o‘z-o‘zidan yurib ketishi yoki haydovchi yo‘qligida undan foydalanishga imkon bermaydigan zarur choralar ko‘rilgan holdagina haydovchi o‘z joyini tashlab ketishi yoki transport vositasini qarovsiz qoldirishi mumkin.
14.5. To‘xtab turish joylari trotuarga yaqin bo‘lsa, trotuarga yondoshib to‘xtab turishga ruxsat etiladi. To‘xtab turish usuli maxsus belgilar bilan ko‘rsatilganda unga to‘la amal qilinishi shart.
Yengil transport vositalar va mototsikllarga yo‘lga tutash trotuar chetida to‘xtab turish piyodalar harakatlanishiga xalaqit bermaslik sharti bilangina ruxsat etiladi.
14.6. Xavfsizlikka tahdid tug‘dirsa yoki harakatlanishning boshqa ishtirokchilariga xalaqit beradigan bo‘lsa, to‘xtagan transport vositasining eshiklarini ochish taqiqlanadi.
14.7. Quyidagi hollarda to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlanadi:
— tramvay harakatiga xalaqit bersa tramvay izlarida va tramvay izlariga yaqin joylarda;
— temir yo‘l kesishmalarida, tonellar, osma ko‘priklar, ko‘priklar, osma yo‘llar ostida;
— to‘xtagan transport vositasi bilan sidirg‘a chiziq orasida 3 metrdan kamroq masofa qolgan joylarda;
— piyodalarning o‘tish joylari va ularga 5 metrdan kamroq masofa qolganda;
— qatnov qismini kesib o‘tish chegarasiga 5 metrdan kamroq masofa qolganda (sidirg‘a chiziq tortilgan yoki yo‘lni ajratuvchi qismi bo‘lgan uch tomonli chorrahalarda yondoshgan yo‘lning qarshi tomonida to‘xtash va to‘xtab turish bundan mustasno);
— to‘xtash maydoniga, ular bo‘lmaganda esa umum foydalanadigan transport vositalari yoki taksi bekatlarini ko‘rsatuvchi belgilarga 15 metrdan yaqinda;
— transport vositasi svetofor yoritgichlarini yoki belgilarni boshqa haydovchilardan to‘sib qo‘yadigan joylarda.
14.8. To‘xtab turish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
— aholi yashamaydigan joylardagi yo‘lning xavfli burilishlarida, yo‘lning loaqal bir yo‘nalishida 100 metrdan kam masofa ko‘rinadigan joylarda;
— temir yo‘l kesishmalariga aholi yashaydigan joylarda 50 metrdan kam, aholi yashamaydigan joylarda esa 100 metrdan kam qolganda;
— ko‘priklarda, osma ko‘prik va osma yo‘llarda;
transport vositalari yoki piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan boshqa joylarda.
XV. ChORRAHALARDA HARAKATLANISh
15.1. Haydovchi chapga burilishda yoki qayrilishda qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
15.2. Chapga yoki o‘ngga burilayotgan haydovchi o‘zi burilayotgan yo‘lning qatnov qismidan o‘tayotgan piyodaga, velosipedchiga yo‘l berishi kerak.
15.3. Harakatlanishga ruxsat bir vaqtda berilganda, avval harakatlanish imtiyozi tramvay haydovchisiga beriladi.
15.4. Haydovchi to‘xtashga majbur bo‘lgan har qanday holatda ham chorraha yoki yo‘lning qatnov qismlari kesishadigan joyni band qilmasligi kerak.
TARTIBGA SOLINGAN ChORRAHALARDA HARAKATLANISh
15.5. Svetoforning ruxsat etuvchi yoritgichlari yonganda chorrahaga kirgan haydovchi, undan chiqish paytida to‘xtash chizig‘i bo‘lmasa, svetoforning boshqa yoritgichlari yonishidan qat’i nazar, ko‘zda tutilgan yo‘nalishda chiqib ketishi kerak. Biroq, chorrahada haydovchining yuradigan yo‘lida joylashgan svetoforlar oldida to‘xtash chizig‘i bo‘lsa, u har bir svetofor yoritgichi ishorasiga amal qilishi kerak.
15.6 Haydovchi svetoforning ruxsat etuvchi yoritgichi yonganda harakatlanishni boshlagan, burilishni yoki qayrilishni tugatayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
15.7 Svetoforning sariq yoki qizil chirog‘i qo‘shimcha qismi bilan yonganda, yo‘naltirgich ko‘rsatib turgan yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi boshqa yo‘nalishdagi transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
“T” simon chorrahalarda to‘g‘riga harakatlanishni ko‘rsatib turgan qo‘shimcha qismli svetofor yonib turgan bo‘lsa, yo‘lning qaysi bo‘lagida to‘xtash chizig‘i bo‘lmasa, transport vositalariga shu bo‘lakdan to‘g‘riga harakatlanishga ruxsat etiladi.
15.8. Harakatlanish qo‘shimcha qismli svetofor bilan tartibga solingan chorrahada, burilish imkonini beradigan bo‘lakda harakatlanayotgan haydovchining to‘xtashi orqadagi transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa, u yo‘naltirgich ko‘rsatayotgan yo‘nalishda harakatni davom ettirishi lozim.
15.9. Agar tartibga solingan chorrahada svetofor o‘chirilgan yoki miltillovchi sariq chiroq ishlayotgan bo‘lsa, haydovchi o‘rnatilgan imtiyoz belgilariga amal qilishi kerak.
TARTIBGA SOLINMAGAN ChORRAHALARDAN O‘TISh
15.10. Teng ahamiyatga ega bo‘lmagan yo‘llar chorrahasida, asosiy yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l beriladi.
15.11. Teng ahamiyatli yo‘llar chorrahasida haydovchi o‘ngdan kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
15.12. Asosiy yo‘lning yo‘nalishi chorrahada o‘zgarganda, asosiy yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar o‘zaro teng ahamiyatli yo‘llar chorrahasidan o‘tish qoidasiga amal qilishi kerak. Ikkinchi darajali yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar ham o‘zaro shu qoidaga amal qilishlari lozim.
15.13. Agar haydovchi o‘zi harakatlanayotgan yo‘lning qoplamasi bor-yo‘qligini aniqlay olmasa (qorong‘i vaqtda, loy, qor va h. k., imtiyoz belgilari bo‘lmasa, unda bu yo‘lni ikkinchi darajali deb hisoblash kerak.
XVI. PIYODALARNING O‘TISh, UMUM FOYDALANADIGAN TRANSPORT VOSITALARINING TO‘XTASh JOYLARI
16.1. Haydovchi piyodalarning tartibga solinmagan o‘tish joylariga yaqinlasharkan, shu yo‘nalishning qatnov qismida bo‘lgan piyodalarni o‘tkazib yuborish uchun tezlikni kamaytirishi yoki to‘xtashi kerak.
16.2. Piyodalarning tartibga solinmagan o‘tish joyi oldida biror transport vositasi to‘xtagan yoki to‘xtayotgan bo‘lsa, boshqa transport vositasining haydovchisi to‘xtab turgan transport oldida piyodalar yo‘qligiga ishonch hosil qilganidan keyingina harakatni davom ettirishi mumkin.
16.3. Haydovchi har qanday hollarda ko‘zi ojiz piyodalarga yo‘l berishi kerak. Ko‘zi ojiz piyodalar qo‘lida oq hassa yoki hushtak bo‘lishi mumkin.
16.4. Haydovchi svetoforning yashil chirog‘i yoki tartibga soluvchining ruxsat ishorasiga qaramay, piyodalarning shu yo‘nalish bo‘yicha o‘tib bo‘lishlariga imkon berishi kerak.
16.5. Haydovchi harakatlanishning tirbandligi va boshqa sabablar tufayli to‘xtashga majbur bo‘lgan taqdirda ham yo‘lning piyodalar o‘tish joyini band qilmasligi kerak.
16.6. Haydovchi bekatda (yo‘l o‘rtasida) to‘xtagan tramvayga borayotgan yoki undan tushib kelayotgan piyodalarga yo‘l berishi kerak.
16.7. “Bolalar” belgisi bo‘lib, to‘xtab turgan transport vositasiga yaqinlashayotgan haydovchi qatnov qismidan o‘tayotgan bolalar guruhiga yo‘l berishi kerak.
XVII. TEMIR YO‘L KESIShMALARIDAN O‘TISh
17.1. Haydovchi temir yo‘lni kesib o‘tishda yaqinlashayotgan poyezdga (lokomotiv, drezina) yo‘l berishi kerak.
17.2. Haydovchi temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashib kelayotgan poyezd yo‘qligiga ishonch hosil qilishi, shlagbaum holati, chiroqqa, yo‘l belgilari va chiziqlariga, navbatchining ko‘rsatmasiga amal qilishi kerak. Navbatchining ko‘krak tomoni yoki orqa o‘girib, tayoqcha (qizil bayroqcha)ni boshidan yuqori ko‘tarib turishi yoki qo‘llarini yon tomonlariga uzatib turishi harakatlanishni taqiqlovchi ishora hisoblanadi.
17.3. Shlagbaum yopiq bo‘lganda yoki yopila boshlaganda, shuningdek svetoforning taqiqlovchi ishorasida (shlagbaum holatidan yoki uning yo‘qligidan qat’i nazar) kesishmaga chiqish taqiqlanadi. Agar svetofor, shlagbaum ishlamasa yoki ular umuman bo‘lmasa, haydovchi yaqinlashib kelayotgan poyezd yo‘qligiga ishonch hosil qilganidan keyingina harakatlanishi mumkin.
17.4. Temir yo‘l kesishmalarida harakat taqiqlanganda yoki yaqinlashayotgan poyezdni o‘tkazib yuborishda haydovchi to‘xtash chizig‘ida, maxsus belgi yoki svetofor oldida to‘xtashi kerak. Ular bo‘lmagan taqdirda shlagbaumga 5 metr yetmay, agar shlagbaum bo‘lmasa birinchi relsga kamida 10 metr yetmasdan to‘xtashi kerak. Poyezdning yo‘qligiga ishonch hosil qilgachgina harakatni boshlash lozim.
17.5. Haydovchiga har qanday vaziyatda temir yo‘l kesishmalarida to‘xtash yoki uni band qilish taqiqlanadi.
17.6. Haydovchi kesishmada majburan to‘xtaganda, odamlarni transport vositasidan tushirish va kesishmani bo‘shatish choralarini ko‘rishi kerak.
Agar transport vositasini kesishmadan uzoqlashtirishning iloji bo‘lmasa, haydovchi:
— bor imkoniyatlardan foydalanib, temir yo‘lning har ikki tomoniga iz bo‘ylab 1000 metr masofaga ikki kishini (agar bir kishi bo‘lsa, uni temir yo‘lning yaxshi ko‘rinmaydigan tomoniga) jo‘natishi, ularga poyezd haydovchisiga to‘xtash ishorasini qanday berish kerakligini tushuntirishi;
— transport vositasi yonida qolishi va umumiy xatar borligi ishorasini berishi.