Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RESPUBLIKA KON QAZISh KORXONALARIDA KON-TRANSPORT TEXNIKASINI MODERNIZATSIYA QILISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika kon qazish korxonalari texnologik avtotransport parkini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni taʼminlash, ular uchun ehtiyot qismlar va agregatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsadida:
1. 2006 — 2010-yillarda Belorussiya avtomobil zavodining koʻp yuk koʻtaradigan agʻdarma avtomashinalarini respublika kon qazish korxonalari tomonidan xarid qilish Dasturi 1-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 1-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi belgilangan tartibda 2006-yil va keyingi yillardagi Investitsiya dasturiga hamda qurilishlarning manzilli roʻyxatiga ushbu Dasturga muvofiq ixtisoslashgan karyer texnikasi sotib olishni alohida satr bilan kiritilishini taʼminlasin.
2. Agʻdarma mashinalar xarid qilishning tasdiqlangan Dasturiga muvofiq, Navoiy mashinasozlik zavodida 2007 — 2010-yillarda 2-ilovaga* muvofiq bosqichma-bosqich Belorussiya avtomobil zavodi agʻdarma mashinalariga butlovchi detal va uzellar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish taʼminlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
* 2-ilova berilmaydi.
Navoiy KMK mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyum va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturiga ixtisoslashgan karyer texnikasiga ayrim detallar va uzellar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish loyihalarini kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
3. Navoiy KMK, “Olmaliq KMK” OAJ va “Oʻzbekkoʻmir” OAJ 2010-yilning 31-dekabrigacha import qilinadigan karyer agʻdarma mashinalari, loyiha hujjatlari, ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun alohida hukumat qarorlari boʻyicha olib kelinadigan moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 31-iyul,
PQ-428-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 7-son, 408-modda)