Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OITS, SIL VA BEZGAK KASALLIKLARIGA QARSHI KURASH BOʻYICHA XALQARO GLOBAL JAMGʻARMASI GRANT MABLAGʻLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
OITS, sil va bezgak kasalliklari tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik vazifalarini samarali amalga oshirish, shuningdek OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurash boʻyicha xalqaro Global jamgʻarmasi tomonidan beriladigan grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurash boʻyicha xalqaro Global jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Global jamgʻarma deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasiga mazkur kasalliklarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan, birinchi bosqichda umumiy miqdori 12,2 mln. AQSh dollari, jumladan OITSga qarshi - 4,8 mln. AQSh dollari, silga qarshi -6,1 mln. AQSh dollari, bezgakka qarshi - 1,3 mln. AQSh dollariga teng miqdordagi strategik dasturlarni qoʻllab-quvvatlash uchun grant mablagʻi ajratgan;
dasturlarni amalga oshirishining ikkinchi bosqichida Global jamgʻarma tomonidan 28,6 mln. AQSh dollari miqdorida grant mablagʻlari ajratiladi;
quyidagilar:
OITS boʻyicha - Respublika OITS markazi, sil kasalligi boʻyicha Respublika DOTS markazi, bezgak kasalligi boʻyicha - Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mazkur dasturlarni amalga oshirishda ijro etuvchi organlar hisoblanadi.
2. Belgilansinki, grant mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining epidemiyaga qarshi Respublika Favqulodda komissiyasi tomonidan qabul qilingan OITV/OITS, sil va bezgak kasalliklari tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan strategik dasturlarga koʻra ilovaga* muvofiq yoʻnalishlar boʻyicha foydalaniladi.
* Ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi zimmasiga (F.R. Nazirov) dasturlarni samarali amalga oshirish va Global jamgʻarmaning grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanish, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya loyihalarini tasdiqlash va amalga oshirish monitoringi mexanizmlarini takomillashtirish, muruvvat yordami yuklarini va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini hisobga olish va nazorat qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 15-noyabrdagi 251-sonli qarori talablariga qatiy amal qilgan holda dori-darmonlar, tibbiy va laboratoriya asbob-uskunalari hamda boshqa tovarlarni xarid qilish mexanizmiga rioya etilishi uchun masʼuliyat yuklansin.
4. OITV/OITS, sil va bezgak kasalliklari tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan strategik dasturlar doirasida Global jamgʻarmaning grant mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan va sotib olinayotgan dori-darmonlar, tibbiy va laboratoriya asbob-uskunalari, xizmatlar va boshqa tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining hissasi sifatida bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Global jamgʻarma ishtirokida strategik dasturlar doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida Global jamgʻarmaning grant mablagʻlari hisobiga sotib olingan dori-darmonlar, tibbiy va laboratoriya asbob-uskunalari hamda boshqa tovarlarni mintaqalarga yetkazib berish boʻyicha sarf-xarajatlarning moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Global jamgʻarmaning grant mablagʻlari hisobidan xarid qilingan yuklarga toʻlov undirilmagan holda xizmat koʻrsatishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalariga koʻra dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik yigʻimlari undirilmagan holda belgilangan tartibda vizalar rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Global jamgʻarmaning grant mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olgan holda axloq tuzatish muassasalari tizimida OITS va sil kasalliklariga qarshi saʼy-harakatlar boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi talabnomalariga koʻra dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarning vaqtincha roʻyxatda turishini davlat bojlari undirilmagan holda taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Global jamgʻarma grant mablagʻlari hisobidan mintaqalardagi tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladigan dori-darmonlar, tibbiy va laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa tovarlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Respublikasining epidemiyaga qarshi Respublika favqulodda komissiyasi barcha moliyalashtirish manbalari, jumladan Global jamgʻarma grant mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan OITV/OITS, sil va bezgak kasalliklari tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan strategik dasturlar doirasidagi tadbirlar ijrosini muntazam ravishda koʻrib chiqsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 3-aprel,
PQ-315-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 4-son, 199-modda)