Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“OʻZ-KORES MAYNING” MChJ OʻZBEKISTON-KOREYA KORXONASI FAOLIYATINI TASHKIL QILISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Respublika hududida xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda geologiya-qidiruv ishlarini yanada kengaytirish va foydali qazilmalarni qazib olish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasining tadbirkorlik tavakkalchiligi sharoiti bilan Navoiy viloyatining Gʻarbiy Uchtepa maydonida qimmatbaho metallar konini aniqlash va keyinchalik qazib olish maqsadida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun “Koreya Resorsiz Korporeyshn” (Koreya Respublikasi) korporatsiyasi bilan birgalikda xorijiy investitsiyalar ishtirokida “Oʻz-KORES Mayning” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxonani tashkil etish taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Oʻz-KORES Mayning” MChJning ustav mablagʻi dastlab ekvivalenti 3,55 mln. AQSh dollariga teng miqdorda shakllantiriladi, keyinchalik 4 yil davomida belgilangan tartibda ilovaga* muvofiq jadvalga koʻra 8.4 mln. AQSh dollariga teng miqdorigacha oshib boradi;
* Ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston tomoni “Oʻz-KORES Mayning” MChJ ustav kapitaliga Gʻarbiy Uchtepa maydonidagi geologiya-qidiruv ishlari jarayonida olingan geologik, geofizik va boshqa axborotlar shaklida hissa qoʻshadi;
koreya tomoni korxonaning ustav kapitaliga geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazishga investitsiya qilinadigan 4,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi pul hissasini qoʻshadi;
tomonlarning bitimiga koʻra, geologiya-qidiruv ishlari “Oʻz-KORES Mayning” MChJ tomonidan 4 yil mobaynida olib boriladi, shundan soʻng korxona faoliyatini tugatish haqida qaror qabul qilinadi yoki qimmatbaho metallar koni aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda undan sanoat koʻlamida foydalanishga TIA tayyorlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi bir oy muddatda “Koreya Resorsiz Korporeyshn” korporatsiyasi bilan taʼsis hujjatlarini imzolasin va “Oʻz-KORES Mayning” MChJning roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. “Oʻz-KORES Mayning” MChJ geologiya-qidiruv ishlarini olib borish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq olib kelinadigan geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga moʻljallangan texnologik asbob-uskunalar va moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-mart,
PQ-310-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 3-son, 150-modda)