O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2007—2011 YILLARDA PAXTA TOZALASh SANOATI KORXONALARINI MODERNIZATSIYA VA REKONSTRUKSIYA QILISh DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Paxta tozalash sanoatini izchil va barqaror rivojlantirish, tarmoq korxonalarida zamonaviy asbob-uskunalarni joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali va oqilona foydalanish darajasini oshirish, jahon paxta bozorida raqobatga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining, shuningdek korxonalar aksiyadorlarining eskirgan, jismoniy va ma’naviy jihatdan ishdan chiqqan asbob-uskunalar bilan jihozlangan, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi past bo‘lgan, shuningdek yirik shaharlarda joylashgan 1-ilovaga* muvofiq 30 ta paxta tozalash korxonasini 2007-yil 1-avgustgacha tugatish, bunda tayyorlov punktlarining mavjud tarmog‘ini saqlab qolish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2007—2011-yillarda paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) 2-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
Dasturga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
“O‘zpaxtasanoat” uyushmasi har yarim yillik yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga Dasturning bajarilishi to‘g‘risida axborot taqdim etsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari, tijorat banklarining 2007—2011-yillarda paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini manbalar bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi maxsus subhisob raqamida jamlanadigan, sotilgan paxtani qayta ishlash mahsulotlari qiymatining bir foizi miqdoridagi mablag‘lar hisobiga, shuningdek “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustav fondlaridagi aksiyalarning davlat ulushi bo‘yicha dividendlar hisobiga moliyalashtirish haqidagi taklifi qabul qilinsin. Mablag‘larni jamlash va ulardan foydalanish tartibi sxemaga (3-ilova*) muvofiq belgilanadi;
modernizatsiya qilinadigan paxta tozalash korxonalarining sof foyda shaklidagi o‘z mablag‘lari va hisoblangan amortizatsiya ajratmalarining jami summasi;
tijorat banklarining kreditlari hisobiga moliyalashtirish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi bilan birgalikda Paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan mablag‘larni Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi maxsus subhisob raqamida jamlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi maxsus subhisob raqamida jamlanadigan mablag‘lardan korxonalarning o‘z mablag‘laridan foydalanish hisobga olingan holda, modernizatsiya qilinayotgan korxonalarga asbob-uskunalar yetkazib berilishi uchun avans to‘lash va faqat buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qabul qilish dalolatnomalari asosida amalda bajarilgan ish hajmi uchun hisob-kitob qilish uchun bosqichma-bosqich moliyalashtiriladigan tartib belgilansin.
Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi maxsus subhisob raqamidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun paxta tozalash sanoati korxonalariga yo‘naltiriladigan mablag‘lar soliq solish obyekti hisoblanmaydi hamda soliqlar va soliq bo‘lmagan majburiy to‘lovlar hisoblanadigan bazaga kiritilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi Jamg‘armaning maxsus subhisob raqamidan paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
5. Quyidagilar:
“O‘zyengilsanoatloyiha” instituti — paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarning bosh loyihalovchisi;
“O‘zpaxtasanoat” uyushmasi va “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari loyihalarning bosh buyurtmachilari;
“O‘zpaxtasanoat” uyushmasining “Paxta tozalash IIChB” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi — paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ustidan texnik nazoratni amalga oshiruvchi tashkilot etib belgilansin.
Paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishda qatnashuvchi pudrat tashkilotlarining belgilangan tartibda tanlov (tender) asosida aniqlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, paxta tozalash sanoati korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha barcha loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligida ekspertizadan o‘tkazilishi kerak.
Loyihalarni ekspertizadan o‘tkazishda ishlab chiqarishning texnik darajasini oshirishga, birinchi navbatda, korxonalarning texnik paxta chigiti tejalishini, sifatli, raqobatga bardoshli paxta mahsulotlari ishlab chiqarilishini ta’minlaydigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga alohida e’tibor qaratilsin.
7. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan, paxta tozalash sanoati korxonalari uchun chetdan keltiriladigan 4-ilovaga* muvofiq texnologik, yordamchi va transport asbob-uskunalari, shuningdek ehtiyot qismlar va sarflash materiallari 2007—2011-yillar davrida bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlar bundan mustasno) ozod qilinsin.
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
8. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
1-ilovaga muvofiq tugatilayotgan korxonalarning asosiy fondlari va boshqa mol-mulkini kompleks xatlovdan o‘tkazsin va baholasin hamda xatlov yakunlariga ko‘ra ularning balansida bo‘lgan binolar, inshootlar va asbob-uskunalarni tanlov savdolarida sotish bo‘yicha takliflar tayyorlasin;
2006-yil hosili paxta xomashyosini qayta ishlash tugallangandan keyin paxta tozalash korxonalarining va “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustav fondlarini va aksiyalari paketlarini belgilangan tartibda tarkibiy o‘zgartirsin, bunda tugatilayotgan korxonalar tayyorlov punktlarining yaqin joydagi paxta zavodlari balansiga berilishini nazarda tutsin.
9. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi 2007-yil 1-iyulgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, tayyorlov punktlari va paxta zavodlarini joylashtirishning yangi tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi past rentabelli paxta tozalash korxonalarini tugatish natijasida bo‘shab qoladigan xodimlarni kelgusida ishga joylashtirish bo‘yicha bir oy muddatda takliflar tayyorlasinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili investitsiya dasturini shakllantirishda unga Dasturda belgilangan loyihalarni amalga oshirishni kiritishni nazarda tutsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 3-aprel,
70-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 14-son, 143-modda)