Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ChIMYoN-ChORVOQ KURORT-DAM OLISh ZONASIDA “ChORVOQ OROMGOHI” SOGʻLOMLAShTIRISh MARKAZI QURILIShINI TUGALLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasida faol dam olishi bilan bogʻliq davolash-sogʻlomlashtirish xizmatlari va xizmatlarning boshqa turlarini rivojlantirish, shuningdek “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazining “Sport-sogʻlomlashtirish kompleksi” obyektini oʻz vaqtida qurish va uni zarur anjomlar va mebellar bilan jihozlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining:
yopiq havzalar va madaniy-koʻngil ochish muassasalari kompleksini oʻz ichiga oluvchi alohida sport kompleksini qoʻshimcha ravishda qurish, yotoqxona korpuslaridagi pardozlash ishlarini tugallash, shuningdek kompleksni mehmonxona xoʻjaliklarining xalqaro normalariga muvofiq darajaga yetkazish uchun uni zarur mebel va anjomlar bilan jihozlash;
Toshkent shahar hokimligi huzurida mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida faoliyat koʻrsatadigan Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasining sogʻlomlashtirish markazlarini boshqarish boʻyicha “Oromgoh” kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligining “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi bilan “INPRO Gmbx” (Germaniya) firmasi oʻrtasida tender natijalari asosida, foydalanishga tayyor holda topshirish sharti bilan sport kompleksini qurish va sogʻlomlashtirish kompleksini jihozlash yuzasidan 4720 ming AQSh dollari miqdoridagi kontrakt tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, kontraktni moliyalashtirish quyidagi tartibda:
kontrakt qiymatining 657 ming AQSh dollari — tuzilgan shartnomaga muvofiq “INPRO Gmbx” (Germaniya) firmasi tomonidan “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markaziga xizmatlar, materiallar va asbob-uskunalar sifatida beriladigan subordinatsiya krediti hisobiga;
4063 ming AQSh dollari — Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” bankining kredit liniyasi doirasida keyinchalik “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markaziga qayta moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Oʻzuyjoyjamgʻarmabank”ka beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi.
Xorijiy bank va sugʻurta agentligining Oʻzbekiston Respublikasi hududida foizlar, vositachilik haqi va sugʻurta mukofotlari tarzida olingan daromadlari toʻlov manbaida daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi.
Koʻrsatib oʻtilgan kreditlar, shu jumladan vositachilik haqi va Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” banki kreditiga xizmat koʻrsatish xarajatlari 1 va 2 ilovalarga* muvofiq “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazining xoʻjalik faoliyatidan olingan oʻz mablagʻlari hisobiga qaytariladi.
* 1-2 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ekspertizadan oʻtkazsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek sport-sogʻlomlashtirish kompleksini qurish va “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazini jihozlash yuzasidan kontraktlarni roʻyxatdan oʻtkazsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzuyjoyjamgʻarmabank” loyiha ekspertizadan oʻtkazilgandan va uning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlangandan keyin Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” banki bilan belgilangan tartibda kredit bitimi tuzsinlar va taqdim etilgan likvidli taʼminlash asosida mablagʻlarning “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markaziga moliyalashtirilishini taʼminlasinlar.
4. Sport kompleksi qurilishini, bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish ishlarini olib borgan va loyiha-smeta hujjatlarini 2004-yil 1-martgacha tasdiqlagan holda, ishchi chizmalar boʻyicha amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
5. “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi:
qurilish davrida — yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan kontraktlar doirasida kompleksni qurish va jihozlash uchun chetdan keltirilayotgan asbob-uskunalar, materiallar, anjomlar va mebellar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari), shuningdek koʻrsatilayotgan import xizmatlar uchun barcha umumdavlat soliqlari, mahalliy soliqlar va yigʻimlar toʻlashdan;
Oldingi tahrirga qarang.
kredit toʻliq qaytarilgungacha boʻlgan davrda, biroq kredit shartnomasida belgilanganidan ortiq boʻlmagan muddatga — daromad (foyda) soligʻi, mulk soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-fevraldagi 28-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 8-son, 52-modda)
Koʻrsatib oʻtilgan soliq imtiyozlari berilishi natijasida boʻshab qoladigan mablagʻlar toʻliq hajmda sogʻlomlashtirish markazi qurilishi va uni jihozlash uchun jalb etilgan kreditni qaytarishga yoʻnaltirilishi nazarda tutilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan imtiyozlar berilishi natijasida boʻshab qoladigan mablagʻlardan “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi tomonidan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligiga “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi qurilishi va uni jihozlash uchun jalb etiladigan kredit boʻyicha garov taʼminoti sifatida “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi mol-mulkining bir qismiga “Oʻzuyjoyjamgʻarmabank” va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki foydasiga garov shartnomasi (ipoteka)ni rasmiylashtirish huquqi berilsin.
Toshkent shahar hokimligi koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk garovi toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tasdiqlanganligi uchun davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
7. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokidagi yirik va strategiya jihatidan muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (K.N.Toʻlaganov) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda koʻrsatib oʻtilgan obyektni toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yilgi Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritsin.
8. Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Chorvoq suv omborining janubiy-gʻarbiy qirgʻogʻidagi hududlarning geografik joylashuvini va dam olishdagi vazifasini oʻrganib chiqsinlar hamda tegishli yer uchastkalarini belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga berish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
9. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi va “Oʻzteleradio” kompaniyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasi obyektlaridan sogʻlomlashtirish-reabilitatsiya maqsadlarida yil davomida foydalanish, respublika aholisi va xorijiy fuqarolarni davolash-profilaktika komplekslari ixtisoslashuviga muvofiq kurort-reabilitatsiya xizmatlari bilan maqbul darajada qamrab olish;
Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiiy bogʻining eng xushmanzara zonalari, Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonalarida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida televideniyeda koʻrsatuvlar turkumini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N.Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-yanvar,
10-son