Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI GRAJDANLIK PROTSESSUAL KODEKSIGA VA JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 30-avgustdagi 477a-I-son “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. 1963-yil 23-mart kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Grajdanlik protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1963-yil, № 9, 31-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 1-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1-modda. Grajdanlik sud ishlarini yurgizish toʻgʻrisidagi qonunlar
Oʻzbekiston Respublikasining hamma sudlarida grajdanlik ishlari boʻyicha ish yurgizish tartibi Grajdanlik protsessual kodeksi, Xoʻjalik protsessual kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni va ularga muvofiq chiqariladigan boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Grajdanlik sud ishlarini yurgizish toʻgʻrisidagi qonunlar daʼvo tartibidagi ishlarni, maʼmuriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni va alohida tartibda yurgiziladigan ishlarni koʻrish tartibini belgilaydi. Maʼmuriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar va alohida tartibda yurgiziladigan ishlar, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilangan ayrim istisnolardan tashqari, sud ishlarini yurgizishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻriladi”.
2. 2-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-modda. Grajdanlik sud ishlarini yurgizish vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasida grajdanlik sud ishlarini yurgizish vazifalari grajdanlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, boshqa qonunlari va inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda eʼlon qilingan shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini, shuningdek tashkilot, muassasa va korxonalarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida grajdanlik ishlarini toʻgʻri va tez koʻrib hal qilishdan iboratdir.
Grajdanlik sud ishlarini yurgizish ijtimoiy adolatni, tinchlik va totuvlikni taʼminlashga, qonuniylik va huquqiy tartibni mustahkamlashga qaratilgan boʻlishi lozim”.
3. 7-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Grajdanlik ishlarini koʻrishda qonun bilan belgilangan tartibda tayinlangan, saylangan sudyalar va xalq maslahatchilari qatnasha oladilar.
Grajdanlik ishlari birinchi instansiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida uch sudyadan iborat sostavda, boshqa hamma sudlarda esa sudya va ikkita xalq maslahatchisidan iborat sostavda koʻriladi”;
ushbu moddaning toʻrtinchi qismidagi “sudning uch aʼzosi” va “sudning kamida uch aʼzosidan” degan soʻzlar tegishincha “uch sudya” va “kamida uch sudyadan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 12-moddada:
birinchi qism chiqarib tashlansin;
ikkinchi qism quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Oʻzbekiston Respublikasidagi, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman (shahar) sudlarining sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradi”;
ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha birinchi va ikkinchi qismlar deb hisoblansin;
ushbu modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qurolli Kuchlar harbiy sudi garnizoni harbiy sudlarining sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradi”.
5. 14-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluvchi qarori, ajrimi va qarori barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlari, mansabdor shaxslar va grajdanlar uchun majburiy boʻlib, Oʻzbekiston Repsublikasining butun hududida ijro qilinishi shart”.
6. 16-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Grajdanlik ishlari birinchi instansiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida uch sudyadan iborat sostavda, boshqa hamma sudlarda — sudya va xalq maslahatchilaridan iborat sostavda, kassatsiya va nazorat instansiyalarida esa raislik etuvchi va sudyalardan iborat sostavda koʻriladi”.
7. 26-modda:
birinchi bandidan “kolxoz, kolxozlararo, davlat-kolxoz korxonasi, tashkiloti yoki ularning birlashmasi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi bandidagi “davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari, kolxozlar, boshqa kooperativ tashkilotlari, ularning birlashmalari hamda boshqa xil jamoat tashkilotlari” degan soʻzlar “korxonalar, muassasalar, tashkilotlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi bandi “agar davlatlararo bitimlarda, xalqaro shartnomalarda va taraflar oʻrtasidagi kelishuvlarda boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
8. 311-moddadagi “xalq” degan soʻz “tuman (shahar)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
9. 328-moddada “sud aʼzolaridan” degan soʻzlar “sudyalardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 349-modda quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi barcha instansiya sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritishga haqli”;
ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlari tegishincha ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;
ushbu moddaning ikkinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi va ularning oʻrinbosarlari” degan soʻzlar “uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining oʻrinbosarlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 350-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy kollegiyasi Qurolli Kuchlar harbiy chiqargan hal qiluvchi qarorlari va ajrimlari ustidan berilgan protestlarga doir ishlarni, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida ishni kassatsiya tartibda koʻrishga sabab boʻlmagan boʻlsa, shuningdek Qurolli Kuchlar harbiy sudi rayosatining qarorlari ustidan berilgan protestlarga doir ishlarni koʻradi”;
ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
moddaning toʻrtinchi qismidagi “grajdanlik ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasining” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 359-moddaning:
birinchi qismidagi “grajdanlik ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasi” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “grajdanlik ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasining” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13. 360-moddadagi “Grajdanlik ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasining ajrimida” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalarining ajrimlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
14. Kodeksning “xalq sudyasi” va “xalq sudi” degan soʻzlarni mavjud boʻlgan hamma moddalaridan “xalq” degan soʻz chiqarib tashlansin.
15. Kodeksning oʻzbekcha matnidagi “prezidium” degan soʻz “rayosat” degan soʻz bilan almashtirilsin.
II. 1959-yil 21-may kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1959-yil, № 6, 3-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 1-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat ishlarini yurgizish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni va ularga muvofiq chiqariladigan boshqa qonunlar bilan belgilanadi”.
2. 2-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-modda. Jinoyat sudlov ishlarini yurgizishning vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-sudlov ishlarini yurgizishning vazifalari qonuniylikni va grajdanlarning huquqlarini taʼminlashdan, qonuni toʻgʻri tatbiq etishdan iborat boʻlib, jinoyat sodir etgan har bir kishiga adolatli jazo berilishi, aybi boʻlmagan hech bir kishi esa jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi lozim”.
3. 9-moddada:
birinchi va ikkinchi qismlar bir qismga birlashtirilib, quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyat ishlari birinchi instansiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida uch sudyadan iborat sostavda, boshqa hamma sudlarda esa — sudya va ikkita xalq maslahatchisidan iborat sostavda koʻriladi”;
ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismdagi “sudning uch aʼzosidan” va “sudning kamida uch aʼzosidan” degan soʻzlar tegishincha “uch sudyadan” va “kamida uch sudyadan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 16-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16-modda. Sud faoliyati ustidan yuqori sud nazorati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Oʻzbekiston Respublikasidagi, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi barcha sudlarning sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tuman (shahar) sudlarining sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi muayyan viloyat, Toshkent shahri hududidagi tuman (shahar) sudlarining sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi garnizon harbiy sudlarining sudlov faoliyatlari ustidan nazoratni amalga oshiradi”.
5. 28-modda “sostaviga” degan soʻzdan keyin “tayinlangan” degan soʻz bilan toʻldirilsin.
6. 197, 201, 205, 207, 309-moddalardagi “tribunallarning”, “tribunal”, “tribunalning”, “tribunallar” degan soʻzlar tegishincha “sudlarning”, “sud”, “sudning”, “sudlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 310-moddadagi “sudning doimiy uch aʼzosidan” degan soʻzlar “uch sudyadan” degan soʻzlar bilan “sud aʼzosining” degan soʻzlar esa “sudyaning” degan soʻz bilan almashtirilsin.
8. 313-moddadagi “sud aʼzolaridan” degan soʻzlar “sudyalardan” degan soʻz bilan, “sud aʼzosining” degan soʻzlar esa “sudyaning” degan soʻz bilan almashtirilsin.
9. 347-moddada:
ikkinchi qism quyidagi mazmundagi birinchi band bilan toʻldirilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi — barcha instansiya sudlarining hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan”;
birinchi va ikkinchi bandlar tegishincha ikkinchi va uchinchi bandlar deb hisoblansin;
ikkinchi banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi va ularning oʻrinbosarlari” degan soʻzlar “uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining oʻrinbosarlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 351-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qurolli Kuchlar harbiy sudining birinchi instansiya sudi tariqasida chiqargan hukmlari va ajrimlari ustidan hamda shu sud rayosati chiqargan qarorlari ustidan berilgan protestlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan koʻriladi”;
ushbu moda birinchi qismining uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblanib, undagi “jinoyat ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasi” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 352-moddada:
birinchi qismdagi “sud aʼzolaridan” va “sudlov kollegiyasida” degan soʻzlar tegishincha “sudyalardan” va “kollegiyasidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismdagi “kollegiyasi” degan soʻz “kollegiyalari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
sakkizinchi qismdagi “jinoyat ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasiga” degan soʻzlar “sudlov kollegiyalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi qismdagi “kollegiyasining ajrimiga” degan soʻzlar “kollegiyalarining ajrimlariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 361-moddada:
birinchi qism quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi barcha quyi sudlarining hukmlari, ajrimlari va qarorlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha bekor qilish haqidagi protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov kollegiyalarida koʻrilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudlov kollegiyalarining hukmlari, ajrimlari ustidan berilgan protest — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori ustidan berilgan protest esa — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumida koʻrilishi lozim”;
uchinchi qismdagi “jinoyat ishlari boʻyicha sudlov kollegiyasi” va “chiqaradi” degan soʻzlar tegishincha “sudlov kollegiyalari”, “chiqaradilar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13. Kodeksning oʻzbekcha matnidagi “prezidium” degan soʻz “rayosat” degan soʻz bilan almashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
926-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 369-modda)