Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FUTBOL BOʻYICHA BOLALAR-OʻSMIRLAR SPORT MAKTABLARINING FAOLIYATINI RAGʻBATLANTIRISH VA MODDIY-TEXNIKA BAZASINI YAXSHILASH BOʻYICHA QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz koʻchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrsida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtidorli yoshlarni sportga jalb etish, ishonchli zaxirani shakllantirish hamda bolalar-oʻsmirlar futbolini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, yosh futbolchilarning mahorati oshishini va sport sohasidagi yutuqlari koʻpayishini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini, ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda, oliy liganing ilovaga muvofiq 16 ta professional klublari ixtiyoriga bir oy muddatda, belgilangan tartibda oʻtkazsin.
Belgilab qoʻyilsinki, professional klub tugatilgan taqdirda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, keyinchalik uni boshqa professional futbol klubiga bergan holda Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi ixtiyoriga belgilangan tartibda beriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda muntazam ravishda oliy va birinchi liga oʻyinlaridan oldin bolalar va oʻsmirlar jamoalari oʻrtasida futbol uchrashuvlarini oʻtkazsin. Har yili har bir sport mavsumi yakunlariga koʻra eng yaxshi futbolchilarni va futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari bilan ishlaydigan eng yaxshi trenerlarni aniqlasin;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
bir oy muddatda:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda professional futbol klublari huzuridagi futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyatiga oid normativ hujjatlarni;
Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari uchun Yagona oʻquv dasturini;
Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining moddiy-texnika bazasiga talablarni, ushbu maktablar jamoalari oʻrtasida respublika musobaqalarini oʻtkazish tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha maqsadli dasturni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
respublikaning barcha sport bazalarida futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablariga oʻquv-trenirovka mashgʻulotlari va musobaqalar oʻtkazish uchun sport inshootlarini imtiyozli asosda, ijara toʻlovi undirmasdan bersinlar.
4. Oʻzbekiston futbolni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining:
futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari sportchilari va trenerlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida futbol grantlari;
“Futbol boʻyicha eng yaxshi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi”, “Futbol boʻyicha yilning eng yaxshi bolalar treneri” va “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” nominatsiyalari boʻyicha har yilgi mukofot taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 31-yanvar,
23-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oliy liga professional futbol klublariga berilayotgan futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari roʻyxati
| T/R | Futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari | Futbol klublari |
|
Andijon viloyati | ||
| 1. | Andijon shahridagi bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi | “Andijon OʻzDEU-avto” (Andijon shahri) |
|
Buxoro viloyati | ||
| 2. | Buxoro shahridagi bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi | “Buxoro” (Buxoro shahri) |
| 3. | 28-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Vobkent” (Vobkent tumani) |
|
Qashqadaryo viloyati | ||
| 4. | Nishon tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Nasaf” (Qarshi shahri) |
| 5. | Shahrisabz tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Shoʻrtan” (Gʻuzor shahri) |
| 6. | Kasbi tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Mashʼal” (Muborak shahri) |
|
Navoiy viloyati | ||
| 7. | Navoiy shahridagi 2-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Qizilqum” (Zarafshon shahri) |
|
Namangan viloyati | ||
| 8. | Namangan shahridagi 17-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Navbahor-Namangan” (Namangan shahri) |
|
Samarqand viloyati | ||
| 9. | Samarqand shahridagi bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi | “Samarqand-Dinamo” (Samarqand shahri) |
|
Surxondaryo viloyati | ||
| 10. | Uzun tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Sariosiyo” (Sariosiyo tumani) |
|
Toshkent viloyati | ||
| 11. | Qibray tumanidagi bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi | “Metallurg” (Bekobod shahri) |
|
Fargʻona viloyati | ||
| 12. | Fargʻona shahridagi bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi | “Neftchi” (Fargʻona shahri) |
|
Toshkent shahri | ||
| 13. | 16-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Paxtakor” (Toshkent shahri ) |
| 14. | 24-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Traktor” (Toshkent shahri) |
| 15. | 23-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Lokomotiv” (Toshkent shahri ) |
| 16. | 2-son bolalar-oʻsmirlar sport maktabi | “Quruvchi” (Toshkent shahri) |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 4 — 6-son, 44-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)