O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA BANKLARDA ELEKTRON AXBOROTLARNI MUHOFAZALAShNI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDAGI YO‘RIQNOMAGA O‘ZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 8-fevralda 1047-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/4-sonli “O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3224, 10.03.2020-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga 2-son o‘zgartirishni ko‘rib chiqib va muhokama qilib, Boshqaruv qaror qiladi:
1. Markaziy bank Boshqaruvining 2001-yil 23-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish to‘g‘risida”gi 14/13-sonli qarori bilan tasdiqlangan 492-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish to‘g‘risida yo‘riqnoma”ga (2001-yil 9-iyul, ro‘yxat raqami 1047) 2-son o‘zgartirish ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng, 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 17-yanvar,
1/9-son
“O‘zbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Yo‘riqnomaning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mazkur yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq banklararo elektron to‘lov tizimi orqali o‘tadigan axborotlarni muhofazalashni ta’minlash tartibini belgilaydi”.
2. Yo‘riqnomaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“To‘lov tizimining subyektlari banklararo elektron to‘lov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini ta’minlash bo‘yicha shu jumladan, elektron to‘lov hujjatlaridan ruxsatsiz foydalanish, ularga o‘zgartirishlar kiritish, ularni yo‘qotish, yo‘q qilish va to‘sib qo‘yishdan muhofaza etishni ta’minlash bo‘yicha ushbu yo‘riqnomada belgilangan talablarga rioya etishlari kerak”.
3. Yo‘riqnomaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Banklararo elektron to‘lov tizimida texnika vositalari (keyingi o‘rinlarda — TV) bilan elektron hujjatlarni tayyorlashda mazkur yo‘riqnoma talablariga rioya etilishi shart”.
4. Yo‘riqnomaning butun matni bo‘yicha “HTV” qisqartmasi “TV” qisqartmasiga almashtirilsin.
5. Yo‘riqnomaning 3-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Banklararo to‘lov tizimi subyektlari to‘lov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini ta’minlashning qo‘shimcha vositalari va usullarini belgilashlari mumkin”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 6-7-son, 45-modda)